2

Yuta (AQSh) tajribasi: din va jamiyat uyg‘unligi saboqlari

Bugungi kunda Oʻzbekiston ochiqlik va xalqaro hamkorlik siyosatini izchil davom ettirar ekan, dunyo miqyosidagi yetakchi davlatlar va mintaqalar bilan amaliy muloqotni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan strategik sheriklik aloqalari yangi mazmun kasb etib, iqtisodiy, investitsiyaviy va maʼnaviy sohalarda yangi yoʻnalishlar ochilmoqda.

Shu yoʻnalishdagi muhim qadamlardan biri sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlarining Yuta shtatidagi Iso Masix Oxirgi zamon avliyolari cherkovi nufuzli rahbari, oqsoqol Devid Bednar va “Stirling” xalqaro xayriya fondi raisi Mayls Xansendan iborat ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qilishi ham katta ahamiyat kasb etdi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarining izchil rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Shu jarayonda Yuta shtati bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish, taʼlim va ijtimoiy himoya sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, innovatsiyalar, togʻ-kon sanoati, xotin-qizlar tadbirkorligi, inklyuziv taʼlim, sogʻliqni saqlash, suv taʼminoti va sanitariya kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Uchrashuv yakunida hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Yuta shtati gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Mazkur jarayonlar nafaqat iqtisodiy va siyosiy sohalarni, balki jamiyat barqarorligi va maʼnaviy muhit uygʻunligini taʼminlash borasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish imkonini ham yaratmoqda. Chunki Yuta shtati bugungi kunda iqtisodiy oʻsish surʼatlari, ijtimoiy barqarorlik va maʼnaviy muhit uygʻunligi bilan ajralib turadigan hudud sifatida tan olingan.

Bu shtat turli xalqaro reytinglar va tahlil markazlari maʼlumotlarida AQSHdagi eng barqaror, ijtimoiy jihatdan taraqqiy etgan hududlardan biri sifatida tilga olinadi.

Jumladan, Utah Foundation maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda Yuta “Ijtimoiy kapital indeksi” boʻyicha AQSHning TOP-10 shtati qatoriga kirgan. Ushbu koʻrsatkich aholi oʻrtasidagi ishonch, iqtisodiy barqarorlik, oilaviy munosabatlar mustahkamligi, hamjihatlik va jamoat hayotidagi faollik darajasini aks ettiradi.

Shtatning iqtisodiy rivojlanishi ham barqaror yoʻnalishda kechmoqda. U.S. Census Bureau va Gardner Policy Institute maʼlumotlariga asosan, Yuta iqtisodiyoti soʻnggi yillarda mamlakat boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori surʼatlarda oʻsgan.

2024-yilda yalpi ichki mahsulotning real oʻsishi AQSH miqyosidagi koʻrsatkichlardan yuqori boʻldi. Shu bilan birga, 2010-2020-yillar davomida aholi soni 18 foizga koʻpayib, Yuta Amerikadagi eng tez oʻsuvchi shtatlardan biriga aylandi. Bu Yutadagi aholi turmush tarzi ijobiy ekani, oilalar sharoiti uzuluksiz ravishda oshib borayotganini koʻrsatadi.

Yuta aholisining taʼlim darajasi yuqori: 25-64 yoshdagi fuqarolarning 80 foizdan ortigʻi oliy yoki oʻrta maxsus maʼlumotga ega. Shunga koʻra aytish mumkinki, shtat iqtisodiyotida yuqori malakali kadrlar ulushi katta. Tabiiy ravishda, bu holat shtatni ilm va olimlar eksport qiluvchi hududga aylantirgan.

Demografik jihatdan Yuta AQSH miqyosida alohida oʻringa ega. 2024-yilda taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, aholining oʻrtacha yoshi 32,4 boʻlib, bu mamlakatdagi eng yosh demografik koʻrsatkich hisoblanadi (milliy oʻrtacha yosh – 39,1). Yosh avlodning katta ulushi iqtisodiy faollik, innovatsion salohiyat va mehnat bozorining barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi.

Utah Foundation tadqiqotlariga koʻra, shtat aholisi orasida ijtimoiy ishonch, oilalarning turmush darajasi va jamoat faolligi yuqori darajada. Bu omillar Yutani nafaqat iqtisodiy, balki maʼnaviy jihatdan ham Amerikadagi eng namunaviy shtatlardan biriga aylantirgan.

Yutada jamiyat hayotidagi barqarorlik va birdamlikni taʼminlovchi asosiy kuchlardan biri dindir.

Bu yerda din faqat ibodat, urf-odatlar emas. Aksincha, u insonning hayot tarzi, jamiyatdagi munosabatlar va maʼnaviy muhitning muhim qismiga aylangan. Diniy qadriyatlar mahalliy urf-odat va qadriyatlarga uygʻun holatda odamlarni birlashtiradi, oʻzaro yordam va masʼuliyat tuygʻusini mustahkamlaydi.

Shu jihatdan Yuta tajribasi jahon miqyosida ham qiziqish uygʻotadi: iqtisodiy yutuqlar maʼnaviy-axloqiy ustuvorlik bilan uygʻun holda namoyon boʻlayotgan jamiyatda barqarorlik va farovonlik tabiiy holga aylanadi.

Yuta shtati koʻp jihatdan boshqa hududlardan farq qiladi. Bu yerda jamiyat hayotida dinning tutgan oʻrni, uning ijtimoiy munosabatlarga taʼsiri va aholining birdamlik ruhini mustahkamlashdagi ahamiyati alohida eʼtirofga loyiq.

Shtatda faoliyat koʻrsatadigan diniy tashkilotlar aholining ibodat joyi boʻlishi barobarida muhim maʼnaviy va ijtimoiy markaz vazifasini ham bajaradi.

Ular jamoat hayotining deyarli barcha sohalarida faol ishtirok etadi. Bu tashkilotlar zimmasiga olgan vazifalar doirasiga muhtoj oilalarga yordam koʻrsatish, yoshlarni taʼlim va mehnatga – kasbga tayyorlash, kam taʼminlanganlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, koʻngillilik (volontyorlik) harakatlarini rivojlantirish kabi muhim xizmatlar kiradi.

Shu tariqa diniy tashkilotlar faoliyatida jamiyat ehtiyojlari markaziy oʻrinni egallaydi va odamlarning hayotidagi muammolarni yengillatish, ularni mustaqil hamda masʼul shaxs sifatida tarbiyalashni maqsad qiladi.

Yuta jamiyatida oila alohida ahamiyatga ega. Shuning uchun shtatda ota-onalar uchun tarbiyaviy kurslar, nikoh va oilaviy munosabatlar boʻyicha maslahat dasturlari, bolalar va oʻsmirlar uchun taʼlim va axloqiy tarbiya boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etish tizimli yoʻlga qoʻyilgan.

Yoshlar uchun maxsus dasturlar orqali esa ularning mehnatga, jamoat ishlariga, ilm va madaniyatga qiziqishlari kuchaytiriladi. Shu orqali yoshlar nafaqat boshqalarga yordam berishni, balki masʼuliyat va hamjihatlik tuygʻusini ham oʻrganadilar.

Yutadagi ijtimoiy dasturlar fuqarolarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikka qarshi keskin kurashish, taʼlimni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan. Bunda asosiy gʻoya “mehnat orqali insonni mustaqil hayotga qaytarish” tamoyilidir.

Bugun zamonaviy Yuta butun dunyoga “mehnat orqali farovonlik” gʻoyasini amalda, yuksak natijalari bilan taqdim qilgan namuna boʻlib turibdi. Bunda asosiy eʼtibor yordam faqat ehson sifatida emas, balki insonning faolligi va masʼuliyatini tiklashga qaratilgan tizim asosida amalga oshiriladi.

Bunday tizimli va insonparvar faoliyat natijasida Yuta jamiyatida ijtimoiy tenglik, mehr-oqibat va jamoatchilik hissi mustahkamlangan.

Yutadagi ayni shu tajriba nafaqat Amerika uchun, balki boshqa mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekiston kabi boy maʼnaviyatga ega yurtlar uchun ham oʻrnak boʻla oladi. Chunki bu tajriba dinning zamonaviy jamiyatda umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tajribadan oʻtgan ijtimoiy kuch sifatida namoyon boʻlishi mumkinligini yaqqol isbotlaydi.

Yuta tajribasi davlat va din oʻrtasidagi munosabatlarda muvozanat va oʻzaro hurmat tamoyillarining mukammal namunasidir. Bu shtatda davlat va diniy tashkilotlar oʻrtasida aniq chegara mavjud boʻlsa-da, ular bir-birining vazifasiga aralashmasdan, bir maqsad – inson farovonligi va jamiyat barqarorligi yoʻlida hamkorlik qiladi.

Bu hamkorlikning asosida bir muhim haqiqat yotadi: din va davlat raqib emas, balki inson uchun birgalikda xizmat qiladigan ikki qanotdir.

Yutada davlat hech bir diniy tashkilotni afzal koʻrmaydi, birortasiga imtiyoz bermaydi, biroq ularning jamiyat hayotidagi ijobiy taʼsirini qadrlaydi. Hukumat uchun din – shaxsiy eʼtiqod ishi, shuningdek, maʼnaviy sogʻlom muhitni yaratishdagi muhim ijtimoiy omil hisoblanadi. Shu sababli davlat siyosatda neytral, lekin jamiyatda dinning ijobiy rolini qoʻllab-quvvatlovchi yondashuvni tanlagan.

Bu esa oʻz ifodasini turli sohalarda koʻradi. Masalan, davlat muassasalari diniy tashkilotlar bilan ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishda hamkorlik qiladi: qashshoqlikka qarshi kurash, taʼlimni rivojlantirish, oilalarni mustahkamlash, yoshlar oʻrtasida axloqiy tarbiyani kuchaytirish kabi yoʻnalishlarda diniy tashkilotlar va davlat idoralari hamjihat faoliyat yuritadi.

Yutada volontyorlikning tizimli faoliyati tizimli yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, uning davlat tashkilotlari bilan aholiga yordam koʻrsatishda hamkorligi oʻziga xos samaralidir. Chunki davlat oʻz fuqarolariga moddiy yordam koʻrsatsa, din ularning maʼnaviy quvvatini mustahkamlaydi. Shu tariqa ikkalasi birgalikda inson hayotidagi jismoniy va maʼnaviy ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi.

Yuta tajribasida din siyosiy jarayonlardan chetda turadi. Cherkovlar siyosiy partiyalar yoki nomzodlarni qoʻllab-quvvatlamaydi, davlat boshqaruviga aralashmaydi. Bu holat dinning sof maʼnaviy, maʼrifiy kuch, ijtimoiy voqelik sifatida saqlanib qolishini taʼminlaydi.

Biroq siyosatdan uzoqlik jamiyatdan ham uzoqlikni anglatmaydi. Din fuqarolarning kundalik hayotida faol ishtirok etadi. Ayniqsa, oilaviy munosabatlar, taʼlim, axloq, hamjihatlik kabi sohalarda diniy taʼlimotlar muhim rol oʻynaydi.

Yuta tajribasi va Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi yoʻli bir-biridan juda uzoq masofada joylashgan ikki jamiyatda bir umumiy haqiqatni tasdiqlaydi, din faqat ibodat emas, balki maʼrifat, insonparvarlik va jamiyat barqarorligining asosidir.

Ikkalasi ham turli tarixiy va madaniy muhitda shakllangan boʻlsa-da, ularni birlashtirib turadigan yagona jihat dinning ijtimoiy hayotdagi ijobiy roliga boʻlgan chuqur ishonchdir.

Soʻnggi sakkiz yil ichida Oʻzbekistonda din va jamiyat uygʻunligiga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan dinni davlatdan ajratish tamoyili saqlangan holda, uning maʼnaviy va maʼrifiy hayotdagi oʻrni qayta baholandi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 19-iyun kuni diniy soha vakillari bilan uchrashuv davomida “Din maʼrifat va ezgulik manbai boʻlishi kerak” degan soʻzlari mazkur siyosatning maʼnaviy yoʻnalishini, tarixiy asosini belgilab berdi. Bu soʻzlar mamlakatdagi barcha diniy tashkilotlar, ilmiy markazlar va jamiyat aʼzolari uchun muhim dasturulamal boʻldi.

Oʻzbekiston Prezidenti hayotiy taʼkidlaganidek, “dinni siyosatdan uzoq, lekin jamiyatning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga yaqin holda” qoʻllab-quvvatlash zarur. Shu asosda diniy sohaga oid davlat siyosatida yangi bosqich boshlandi – u diniy taʼlim, ilm-fan va madaniyatning uygʻunligini taʼminlashga qaratildi.

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband ilmiy markazlari kabi ilmiy muassasalar nafaqat diniy bilimlarni targʻib qilmoqda, balki ular orqali millatning maʼnaviy oʻzligini mustahkamlash vazifasi amalga oshirilmoqda.

Bu markazlar orqali diniy bilimlar zamonaviy ilmiy usullar bilan uygʻunlashtirilib, insonni dunyoviy va maʼnaviy jihatdan yetuk shaxs sifatida tarbiyalash maqsad qilib qoʻyilgan.

Shavkat Mirziyoyev bu haqda shunday degan edi: “Bugun biz dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini, uning maʼrifat va mehr-shafqatga asoslanganini yoshlarimiz ongiga singdirishimiz kerak. Bu – kelajagimiz uchun eng muhim vazifadir”.

Demak, Oʻzbekistonda din faqat ibodat sohasi emas, balki maʼrifat va tarbiya tizimining muhim boʻgʻini sifatida qaralmoqda.

Yuta tajribasidagi kabi Oʻzbekistonda ham davlat din ishlariga aralashmaydi, ammo uning jamiyatdagi ijobiy taʼsirini qoʻllab-quvvatlaydi.

Shu oʻrinda mazkur yondashuv Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiy singari buyuk mutakallim-ajdodlarimiz ilgari surgan gʻoyalarga hamohang ekanini qayd etish zarur. Zero, ularning nazdida ham, har qanday din, diniy taʼlimot mavjud qonunchilikka qatʼiy, ogʻishmay amal qilishi lozim.

Oʻzbekistonning uzoqni koʻzlagan bu siyosati samarasi sifatida mamlakatda diniy erkinlik va bagʻrikenglik muhiti mustahkamlandi. Bugun mamlakatda turli mazhab va din vakillari tinch-totuv yashamoqda, diniy tashkilotlar jamiyat bilan hamkorlikda turli sohalarga hissa qoʻshmoqda.

Shu bilan birga, davlat organlari diniy tashkilotlar bilan ijtimoiy sohalarda hamkorlikni kuchaytirmoqda. Masalan, yoshlar tarbiyasi, oilaviy munosabatlar, jamiyatda bagʻrikenglik madaniyatini shakllantirish kabi yoʻnalishlar ushbu hamkorlikning muhim jihatlarini oʻzida namoyon qiladi.

Yuta jamiyatida din odamni faqat ibodatga emas, balki jamoaga xizmat qilishga chorlaydi. Oʻzbekistonda ham bu yoʻnalishdagi gʻoyalar tobora mustahkamlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda taʼkidlab aytgan edi: “Biz xalqimizning asriy dini boʻlgan islomning haqiqiy mohiyatini – uning bagʻrikenglik, tinchlik, mehr-oqibat va ilmga daʼvat etuvchi asosiy tamoyillarini yanada chuqur anglab, hayotimizga tatbiq etishimiz kerak”.

Yuta va Oʻzbekiston yoʻllarini taqqoslaganda, ularning umumiy nuqtasi – dinni jamiyatni birlashtiruvchi, maʼnaviy sogʻlom muhit yaratuvchi kuch sifatida anglash ekanini koʻrish mumkin.

Yutada diniy tashkilotlar taʼlim tizimi bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Masalan, universitetlarda dinshunoslik, axloqshunoslik va ijtimoiy falsafa sohalari rivojlangan, koʻngillilik madaniyati taʼlimning ajralmas qismiga aylangan.

Oʻzbekistonda esa diniy-maʼrifiy taʼlim tizimi yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarida yoshlar nafaqat din ilmini, balki zamonaviy fanlarni ham chuqur oʻzlashtirmoqda.

Bu jarayon ilm va din uygʻunligini taʼminlab, jamiyatda fikr va eʼtiqod erkinligini mustahkamlaydi.

Yuta va Oʻzbekiston tajribasida dinning diqqat markazida hazrati inson turadi. Din insonni ezgulikka undaydi, jamiyatni hamjihatlikka yetaklaydi, davlatga esa maʼnaviy barqarorlikni taʼminlashda yordam beradi.

Oʻzbekistonda bu yoʻnalish “Yangi Oʻzbekiston” hamda “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu ulugʻvor gʻoyalari bilan uzviy bogʻlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha: “Yangi Oʻzbekiston – bu, avvalo, ezgulik, bagʻrikenglik va mehr-shafqat ustuvor boʻlgan jamiyatdir”.

Bu gʻoya Yuta tajribasidagi asosiy gʻoya – din va jamiyat uygʻunligi orqali maʼnaviy barqarorlikni taʼminlash bilan hamohangdir.

Dunyo turli madaniyat va dinlarga mansub boʻlsa-da, ularni birlashtirib turadigan umumiy qadriyatlar bor. Yuta va Oʻzbekiston tajribalari shuni koʻrsatadiki, din toʻgʻri yoʻnaltirilganda maʼrifat, insonparvarlik va jamiyat barqarorligining asosiy manbai boʻladi.

Ikki jamiyatning oʻxshash jihati shundaki, ularda din siyosat quroliga aylanmagan, balki maʼnaviyat manbai sifatida qadrlangan.

Bu fikr bugungi global dunyoda ham dolzarb boʻlib, din boʻluvchi emas, birlashtiruvchi kuch, u insonni ezgulikka, jamiyatni esa barqarorlikka yetaklaydi. Yuta va Oʻzbekiston tajribasi – shu haqiqatning ikki tomonlama isbotidir.

Mazkur modelda din shaxsiy ishonchni kuchaytirish bilan birga insonni jamoat ishlariga, bir-biriga yordam qoʻlini choʻzishga va masʼuliyat bilan yashashga chorlaydi. Bu – har qanday jamiyat uchun muhim tamoyil.

Birinchidan, din ijtimoiy masʼuliyatni kuchaytiradi. Yuta tajribasida diniy tashkilotlar faoliyati jamoatchilik ongini tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Bunday tizim odamlarda bir-biriga nisbatan mehr, hurmat va masʼuliyat hissini mustahkamlaydi. Shu tariqa din insonni faqat ibodatga emas, balki insonparvarlikka, yaʼni boshqalarning hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatishga undaydi.

Ikkinchidan, din va davlat oʻrtasidagi ishonch – jamiyat barqarorligining garovi. Yutada davlat va diniy tashkilotlar oʻzaro hurmat va ishonch asosida faoliyat yuritadi.

Davlat din ishlariga aralashmaydi, lekin uning ijtimoiy ahamiyatini chuqur anglaydi. Din esa siyosatga aralashmagan holda, jamiyatda ijobiy maʼnaviy muhitni shakllantiradi, insonlarni adolat va insof yoʻlida yashashga chorlaydi.

Uchinchidan, din – faqat ibodat emas, balki mehr, maʼrifat va xizmat. Yutada diniy hayotning markazida insonga gʻamxoʻrlik va jamoaga foyda keltirish tamoyili turadi.

Din orqali insonlar oʻrtasida kuzatiladigan maʼnaviy, shuningdek, ijtimoiy masalalar hal etiladi. Bu esa diniy faoliyatni jamiyat rivojiga yoʻnaltirishning samarali yoʻli sifatida namoyon boʻladi.

Ijtimoiy sohada, xususan, diniy-maʼrifiy yoʻnalishda izchil islohotlar amalga oshirilishi dinning maʼrifat bilan uygʻunlashuviga xizmat qilmoqda.

Yuta tajribasidan shunday xulosa chiqarish mumkinki, dinni jamiyat hayotida maʼrifiy va ijtimoiy kuch sifatida faol ishlatish orqali insonlarni birlashtirish, masʼuliyat hamda mehr tuygʻusini mustahkamlash mumkin.

Binobarin, din shaxsiy eʼtiqod, jamiyatga xizmat, maʼnaviy poklanish va axloqiy yetuklik manbai boʻlishi zarur. Tarixan shunday boʻlib kelgan.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston oʻz milliy modelida dinni inson va jamiyat manfaatiga xizmat qiluvchi maʼnaviy kuch sifatida rivojlantirmoqda.

Bu sharafli yoʻlda Oʻzbekistonning koʻp asrli boy merosi, buyuk ajdodlar hikmatlari jamlangan benazir asarlari, shuningdek, ogʻir sinovlardan oʻtgan xorijiy tajriba, shubhasiz, muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Muzaffar KAMILOV,

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori,

Xalqaro ICESCO tashkiloti ijroiy kengashining aʼzosi

Izoh qoldirish