Kengash majlisi tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tib, muhim masalalar muhokama qilindi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi majlislar zalida Akademiya Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Kamilov, Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.
Majlisda oliy ta’lim muassasasi zimmasida bajarilishi zarur bo‘lib turgan ishlar, mavjud yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.
Ortda qolgan yilda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekani qayd etildi.
Dastlab 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da Akademiyada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Habibullo Sadibaqosevning axboroti tinglandi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 2026-yil I yarim yilligi davomida yoshlarga oid davlat siyosati yo‘nalishida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi”ning Akademiya tomonidan ijrosini amalga oshirish to‘g‘risida rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev ma’lumot berdi.
Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Eshmatov tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha Akademiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili to‘g‘risida axborot berdi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazining faoliyati natijalari va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida markazi direktori Abduhamid Muxtarovning hisoboti tinglandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAKga ilmiy unvon olish uchun tavsiya etish to‘g‘risida Akademiya Kengashi kotibi Jaloliddin Bo‘riyev tomonidan axborot berildi.
Akademiyada ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini takomillashtirish va “Ma’rifatparvarlar klubi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish xususida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Habibullo Sadibaqosevning hisoboti eshitildi.
Yigʻilishda Akademiyada maʼnaviy-axloqiy muhitni yanada kuchaytirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda yot gʻoya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlashni yanada kuchaytirish kerakligi ta’kidlandi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish