1

Alisher Navoiy – she’riyat ummonining javhari

Bu “Foniy” dunyoda “Ko‘nglum ichda dard-u g‘am” bisyor deya “O‘n sakkiz olam oshubi” Haqqa hamd-sano aytgan ulug‘ ijodkor, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy bugun chin ma’noda avlodlarning sevimli siymosidir.

Hazratning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” asarlarining dovrug‘i “Iskandar devori”dan ham o‘tib, “Yaxshilar hayrati”ga sabab bo‘lmoqda. “Yetti sayyora”dagi “Qush tili”da ham insoniylik, olam aro yaxshilikka da’vat etuvchi asarlarni o‘qib, uning mag‘zini, asl ma’no-yu tavsifini, Ma’nolar xazinasi”ni anglamaguncha “Qaro ko‘zum”izga uyqu “Kelma(y)di”.

Darhaqiqat, buyuk shoir va mutafakkir, xalqparvar davlat arbobi Alisher Navoiyning bebaho merosi el-yurtimiz ma’naviy hayoti va dunyo adabiyoti rivojida alohida muhim o‘rin tutadi. Hazrat Navoiyning muborak siymosi umrini Vatan va xalq saodati uchun baxsh etishni hayot maslagi deb biladigan fidoyi shaxslarni tarbiyalashda barcha davrlar uchun yuksak ideal namunasi bo‘lib xizmat qiladi. 

Keyingi yillarda ulug‘ ajdodimizning hayoti va ijodini o‘rganish va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirildi, xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Joriy yilda atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa qo‘shgan Alisher Navoiy tavalludiga 585 yil to‘ldi. 

Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm suradi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilmoqda.

Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Alisher Navoiy – she’riyat ummonining javhari” mavzusida bo‘lib o‘tdi. 

Ma’naviy-ma’rifiy kechada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov hamda “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi professori, adabiyotshunos olim Aftondil Erkinov tabrik so‘zi bilan ochib berishdi.

Tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etishdi. 

Akademiya rektori hazrat Alisher Navoiyning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishini ta’kidladi. 

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov Hazrat Navoiy haqida ma’ruza qildi. O‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda mutafakkir ijodining ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

Darhaqiqat, Alisher Navoiydan avlodlarga ulkan, bebaho, tuganmas adabiy meros qoldi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos jozibasi borligini namoyon etdi. 

Ma’rifiy kecha davomida talabalar tomonidan teatrlashtirilgan “Sab’ayi sayyor” dostonidagi Bahrom monologi”, “Layli va Majnun” kabi sahna ko‘rinishlari, milliy kuy-qo‘shiqlar, g‘azallar ijro etildi. 

Shu bilan birga, tadbir doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan devoriy gazetalar hamda mumtoz shoirning kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Alisher Navoiy ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi. 

Yakunda samarali hamkorlik uchun mehmonlarga Akademiya rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish