1

Muhabbat va vafo timsoli – muqaddas ayol

Go‘zallik va latofat timsoli, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan. 

Ayol – nafosat va goʻzallik timsoli. Tabassumi – ilhom, mehri – kuch, borligi esa eng katta boylik. Uning mehridan ko‘ngillar orom oladi, xotirjamlik his qiladi. Ayol millat kelajagi, hayot davomchisi sanaladi. Xotin-qizlari e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Shuning uchun ham yurtimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor, shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Muhabbat va vafo timsoli – muqaddas ayol!” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi. 

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, professor-o‘qituvchilar, litsey va maktab professor-oʻqituvchilari, xodimlar, talabalar hamda mehmonlar ishtirok etdilar.

Tadbirni Akademiya rektori Muzaffar Kamilov tabrik so‘zi bilan ochib berar ekan, yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Akademiya rektori har bir taʼlim olayotgan talaba-qizlar kelgusida nafaqat oilasi, balki jamiyatning maʼnaviy muhitini sogʻlomlashtirishda soha mutaxassisi sifatida xizmat qilishiga ishonch bildirishini taʼkidladi. O‘z bilimi, odob-axloqi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan, turli yutuqlarga erishayotgan talaba-qizlarni alohida e’tirof etdi. 

Darhaqiqat, ayol, onani e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish asrlar davomida shakllangan an’ana-qadriyatlarimizdan biridir. Bugungi kunda Akademiyadagi har bir xotin-qiz uchun munosib shart-sharoit yaratib berilgan boʻlib, namunali xulqi, yoshlar tarbiyasida fidoyiligi hamda ilmiy salohiyati bilan oʻrnak boʻlmoqda.

Marosimda Akademiya, akademik litsey va maktabning bir guruh faol ayol xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, o‘zining tashabbuskorligi, o‘qish va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh talaba-qizlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan marosimda yurtimizning taniqli sanʼatkorlari kuy-qoʻshiqlari bilan barchaga koʻtarinki ruh berdi. Akademiya ijodkor talabalarining sheʼriy chiqishlari, “Hamid Olimjon va Zulfiya muhabbati” sahna ko‘rinishi, “Ziyo-zukko” ta’lim muassasasi o‘quvchilari ijrosida yangragan raqs va qo‘shiqlar, talabalar ijrosidagi hazillarga boy bo‘lgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Muxtasar aytganda, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning buyuk ma’naviyati va qadriyatdan darak beradi. Bayram tadbirida ana shunday ezgu tuyg‘ular namoyon bo‘ldi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish