1

Ona tili – millat ruhi

XX asrning boshlarida o‘zbek adabiyoti va ma’rifati osmonida yulduzday chaqnagan Abdurauf Fitrat lirik shoir, dramaturg, tilshunos va jamoat arbobi o‘z davri uchun nafaqat ijodkor, balki haqiqiy islohotchi edi. Uning asarlari faqat badiiy qimmat kasb etib qolmay, tilga bo‘lgan munosabati, ona so‘zning qudratiga ishonchi va milliy o‘zlikni saqlash yo‘lidagi kurashi orqali bugungi kunda ham o‘quvchini o‘ylantiradi, larzaga soladi.

Fitrat uchun til quruq muloqot vositasi emas, balki xalqning qon-qoni, ruhining ko‘zgusi edi. U til masalasiga siyosiy va ijtimoiy nuqtayi nazardan qarab, o‘zbek xalqini o‘z tilida savodli qilish, uni boyitish va tozalash yo‘lida umrining muhim qismini sarfladi.

Uning til haqidagi qarashlari birinchi navbatda Jadidchilik harakati bilan chambarchas bog‘liq. Jadidlar XIX asrning oxiri va XX asrning boshida Turkiston ziyolilari orasida shakllanib, yangi usul maktablarini, yangi tafakkurni targ‘ib qilgan bu harakatning asosiy maqsadlaridan biri xalqni ma’rifatga chorlamoq va buning uchun uning o‘z tilini asos qilib olmoq edi.

Fitrat bu yo‘nalishda bir qadam ilgari bordi. U ona tilni faqat o‘qitish vositasi sifatida emas, balki milliy mustaqillik va o‘zlikni anglashning asosi sifatida ko‘rdi. 1920-yillarda yozgan maqolalari va she’rlarida bu g‘oya tobora kuchayib bordi va uning asarlarida“Tilni yo‘qotgan millat o‘zini yo‘qotgan millatdir. Biz o‘z tilimizni asramasak, avlodlarimiz bizni kechirmaydi”, deya o‘z ifodasini topdi. Bu fikrlar Fitratning nafaqat lingvistik, balki chuqur siyosiy va falsafiy dunyoqarashini ifodalaydi. U til orqali millatning taqdiri hal bo‘lishini, til qancha boy va kuchli bo‘lsa, millat shuncha mustahkam bo‘lishini ta'kidlardi.

Fitrat o‘zbek tilining o‘sha davrdagi holatidan qayg‘urdi. Ko‘p asrlik arab va fors madaniyati ta’sirida o‘zbek tili minglab arab va fors so‘zlari bilan to‘lib ketgan, bu esa oddiy xalq uchun adabiy tilni tushunishni qiyinlashtirayotgan edi. Fitrat bu holatni “tilning kasalligi” deb atab, undan chiqish yo‘lini qidirdi.

U o‘z asarlarida ataylab sodda, xalqona tilda yozishga harakat qildi. Dramaturg sifatida yaratgan “Temur sag‘anasi”, “Abulfayzxon”, “Arslon” kabi asarlarida xalq tiliga yaqin bo‘lgan ifodalarni qo‘lladi. Bu bejiz emas edi u sahnadan gapirgan so‘z xalq qulog‘iga yetib borishi kerakligini yaxshi tushunardi. Shu bilan birga, Fitrat til sofligi masalasida mutaassib emas edi. U tilga o‘zlashtirilib, xalq tomonidan qabul qilingan so‘zlarni so‘zma-so‘z siqib chiqarishga qarshi edi. Uning maqsadi tilni sun’iy tozalash emas, balki tilni yangi hayot talablariga mos ravishda rivojlantirish edi.

Fitrat nafaqat nazariyotchi, balki amaliyotchi ham edi. 1920-yillar boshida u o‘zbek imlosini isloh qilish masalasida faol ishtirok etdi. Arab alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish bahs-munozaralarida Fitrat yangi yozuvni qo‘llab-quvvatladi. Uning asosiy argumenti shunday edi: arab yozuvi o‘zbek tilining tovush tizimiga mos kelmaydi, shuning uchun savodxonlikni ommaviylashtirish qiyin. Fitrat ta’lim va savodxonlik masalasida aniq bir formulani ilgari surdi: agar yozuv oddiy bo‘lsa, o‘rganish oson bo‘ladi; o‘rganish oson bo‘lsa, millat tezroq savodli bo‘ladi; savodli millat esa o‘z taqdirini o‘zi belgilashga qodir. Bu zanjir u uchun juda mantiqiy va hayotiy edi.

“Harflarimiz shu qadar murakkabki, bola ularni o‘rganguncha yoshligini sarflaydi. Yangi, oddiy yozuv xalqni ma’rifatga ochiq eshikdir”.

Bu fikrlari uchun Fitrat ba’zan tanqid ham qilindi. Ayrimlari uning arab yozuviga nisbatan munosabatini islomdan uzoqlashish sifatida talqin etdi. Ammo Fitrat uchun bu din emas, balki amaliyot masalasi edi. U tilni xalqqa yaqinlashtirmoqchi bo‘lgan, xolos.

Fitratning til haqidagi qarashlari faqat o‘zbek tili bilan chegaralanmagan. U keng turkiy dunyoni nazarda tutgan holda, barcha turkiy xalqlarning madaniy hamkorligini, ularning tillarini o‘zaro boyitishini orzu qilgan. Panturkizm sifatida tanqid qilingan bu qarashlar aslida Fitrat uchun madaniy integratsiya g‘oyasi edi. Fitrat o‘z maqolalarida o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turk va boshqa turkiy tillarning umumiy ildiziga ishora qilib, bu tillarni bir-biridan uzilib qolmaslikka chaqirdi. Bu g‘oya, albatta, Sovet siyosatiga mos kelmadi va keyinchalik Fitratga qarshi qo‘yilgan aybnomalardan biriga aylandi.

1937-1938-yillar Fitrat uchun hammasining tugashi bo‘ldi. Sho‘rolar hokimiyati tomonidan “millatchilik”, “panturkizm” va “aksilinqilobiy faoliyat”da ayblangan u 1938-yilda otuvga hukm qilindi. Uning asarlari ta’qiqlandi, nomi unuttirilmoqchi bo‘lindi. Lekin til unutmaydi. Fitrat yozgan so‘zlar, u ilgari surgan g‘oyalar kitoblarda, arxivlarda, o‘quvchilar yuragida yashab qoldi. Mustaqillik yillarida u qayta kashf etildi, asarlari nashr qilindi, nomi o‘zbek adabiyoti tarixiga qaytarildi. Bu qaytish nafaqat bir yozuvchining oqlanishi, balki til orqali xalq o‘z tarixini qaytarib olayotganining ramzi edi. Fitrat til haqida shunday degan bo‘lardi: til millat xotirasining saqlovchisi. Va u haq edi uning o‘z so‘zlari ana shu xotirani saqlab qoldi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda o‘zbek tili yana bir davr sinovidan o‘tmoqda. Globallashuv, texnologiya, ingliz tilining kuchli ta’siri bularning barchasi ona tilga jiddiy muammo tug‘dirmoqda. Aynan shu paytda Fitrat qarashlarini eslash zarur. U bizga shuni o‘rgatdi: til bu faqat so‘z boyligidan iborat emas, u xalqning o‘z-o‘zini anglashi, tarixi va kelajagidir. Tilni asrash – millatni asrashdir. Tilni rivojlantirish – kelajakka yo‘l ochishdir.

Fitrat haqida gapirish o‘zbek tilining kechagi va bugungi taqdiri haqida gapirish demakdir. U biz uchun nafaqat adabiy meros, balki ma’naviy mas’uliyatning timsoli bo‘lib qolmoqda.

Nasiba Sayidiraximova,

“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish