Istiqlol va ma’rifat – millat taraqqiyotining ikki qanoti
Sentabr oyi yurtimizga o‘zgacha shukuh bilan kirib keladi. Bir tomonda Mustaqillik bayrami – xalqimizning asriy orzu-umidlari ro‘yobga chiqqan, milliy davlatchiligimiz tiklangan ulug‘ sana. Ikkinchi tomonda Bilimlar kuni – maktab va oliy ta’lim muassasalari eshiklari ochilib, millionlab yoshlar yangi maqsadlar sari qadam qo‘yadigan qutlug‘ ayyom. Bu ikki bayramning yonma-yon kelishi oddiy taqvimiy tasodif emas. Ular bir-birini to‘ldiruvchi, bir maqsadga xizmat qiluvchi ikki ulug‘ qadriyatdir.
Mustaqillik bizga o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash, milliy manfaatlarimiz asosida yashash va taraqqiy etish huquqini bergan bo‘lsa, bilim ana shu huquqdan oqilona foydalanish, uni himoya qilish va kelgusi avlodlarga yanada mustahkam holda yetkazish qudratini beradi. Zero, mustaqillikni qo‘lga kiritish tarixiy jasorat bo‘lsa, uni asrab-avaylash, mazmunan boyitish va taraqqiyotga aylantirish har bir avlod zimmasidagi ulkan mas’uliyatdir.
Bugun jahonda mamlakatning kuch-qudrati faqat yerosti va yerusti boyliklari, hududi yoki aholisi soni bilan o‘lchanmaydi. Davlatning haqiqiy salohiyati uning inson kapitali, ilmiy tafakkuri, texnologik imkoniyatlari va yangilik yaratish qobiliyati bilan belgilanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 30-iyundagi yoshlar bilan uchrashuvda bu haqiqatni juda aniq ifodaladi:
“Endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatlashmoqda”.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi “bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanmoqda. Bu fikr Bilimlar kunining bugungi mazmunini ham yangicha anglashga undaydi. Endi mazkur sana faqat yangi o‘quv yili boshlanishi, birinchi qo‘ng‘iroq sadosi yoki qo‘lida gul tutgan bolalarning maktabga kirib kelishi bilangina cheklanmaydi.
Bilimlar kuni – mamlakatning kelgusi bir yillik emas, balki o‘n yillik va yuz yillik taraqqiyoti uchun yangi kuchlar safarbar etiladigan kun. Maktab ostonasidan ilk bor qadam qo‘yayotgan har bir bola – Vatan kelajagining yangi sahifasi. Auditoriyaga kirib kelayotgan har bir talaba – ertangi kunning muhandisi, shifokori, pedagogi, olimi, tadbirkori yoki davlat arbobi. Yangi o‘quv yilini boshlayotgan har bir ustoz esa ana shu kelajakning me’moridir.
Mustaqillikning qadrini faqat bayram kunlari his qilish yetarli emas. Uni tarixiy xotira, huquqiy bilim, fuqarolik mas’uliyati va kundalik fidoyilik orqali anglash zarur. Davlat ramzlariga hurmat ko‘rsatish, ona tilini e’zozlash, milliy madaniyatni asrash, halol mehnat qilish, qonunlarga rioya etish, kasbini puxta egallash – bularning barchasi mustaqillikka sadoqatning amaliy ko‘rinishlaridir. Bugungi o‘quvchiga «Vatanni sevish kerak», deb aytishning o‘zi kamlik qiladi. U Vatanga qanday xizmat qilish mumkinligini bilishi lozim. Kimdir yangi texnologiya yaratadi, kimdir ona tilimizning nufuzini oshiradi, kimdir suvni tejaydigan usul ishlab chiqadi, yana kimdir chekka qishloqda bolalarga sifatli ta’lim beradi. Demak, vatanparvarlik balandparvoz so‘z emas, balki bilim va kasb orqali jamiyatga naf keltirishdir. Shu ma’noda, ta’limning vazifasi bolaga tayyor ma’lumotlarni yodlatishdan iborat bo‘lib qolmasligi kerak. Unda mustaqil fikrlash, dalillarni tahlil qilish, muammoga yechim topish, jamoada ishlash, o‘z qarashini asoslash va noto‘g‘ri axborotni farqlash qobiliyati shakllantirilishi zarur. Chunki axborot ko‘paygan davrda ma’lumotni topishdan ko‘ra uning ishonchliligini baholash muhimroq bo‘lib bormoqda.
Sun’iy intellekt, robototexnika va raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha jabhalariga kirib kelayotgan bir paytda ta’lim oldida yana bir murakkab vazifa turibdi: yoshlarni texnologiyaning shunchaki iste’molchisi emas, balki uni yaratadigan, boshqaradigan va jamiyat manfaatiga yo‘naltiradigan shaxs qilib tarbiyalash. Buning uchun raqamli savodxonlik bilan birga ma’naviy immunitet, axborot madaniyati va mas’uliyat ham shakllantirilishi shart. Aqlli qurilma insonning fikrlash o‘rnini egallamasligi, aksincha, uning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’limning barcha bo‘g‘inlarini uzviy tizimga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, 2026-yilda qabul qilingan hujjatlar ta’limga faqat ijtimoiy soha sifatida emas, balki milliy taraqqiyotning hal qiluvchi omili sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi PF–19-sonli Farmoni bilan maktabgacha ta’lim va tarbiyani yangi bosqichga olib chiqishning aniq vazifalari belgilandi. Unga muvofiq, bolaning intellektual, ma’naviy-axloqiy, ijodiy va jismoniy rivojlanishi uchun zarur sharoit yaratish, ta’lim-tarbiya jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, bir yillik maktabga tayyorlov dasturini majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritish nazarda tutildi.
Shuningdek, 2026-yil sentabrda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi “Karyera” elektron platformasini ishga tushirish, “Bitiruvchi sifati indeksi”ni joriy etish, robototexnika, dron va aviatsiya kabi texnologik yo‘nalishlarda yoshlarning xalqaro musobaqalarda ishtirokini qo‘llab-quvvatlash vazifalari belgilangan. Bularning barchasi ta’lim natijasini faqat baholar yoki diplomlar soni bilan emas, bitiruvchining bilimi, kasbiy mahorati, ish bilan ta’minlanishi va jamiyatga keltirayotgan foydasi bilan o‘lchashga o‘tilayotganini anglatadi.
Mustaqillikning eng insonparvar mezoni – jamiyatda har bir fuqaro uchun munosib imkoniyat yaratilishidir. Ta’limda bu tamoyil “hech bir bola e’tibordan chetda qolmasligi kerak” degan qat’iy talabda namoyon bo‘ladi. Prezidentimizning 2026-yil 4-avgustdagi PQ–292-sonli qarori alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash tizimida muhim yangiliklarni belgiladi. Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-sentabrdan ularni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha «oilabay» ishlash tizimi joriy etiladi. Bolaning psixologik-pedagogik holati va imkoniyatlarini majmuaviy baholash, ta’lim muassasalarida to‘siqsiz va inklyuziv muhit yaratish, shaxsiy ta’lim rejalarini qo‘llash, korreksion-pedagogik yordam ko‘rsatish hamda maxsus pedagoglar malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Bu qaror Bilimlar kuniga alohida ijtimoiy mazmun bag‘ishlaydi. Maktab eshigi faqat sog‘lom va yuqori o‘zlashtiruvchi bolalar uchun emas, turli ehtiyoj va imkoniyatga ega har bir farzand uchun birdek ochiq bo‘lishi shart. Inklyuziv ta’lim – kimgadir ko‘rsatiladigan marhamat emas, balki teng huquqni ta’minlashdir. Bir bolaning ta’limdan chetda qolishi faqat o‘sha oilaning emas, butun jamiyatning yo‘qotishidir. Chunki kashf etilmagan har bir qobiliyat – ro‘yobga chiqmay qolgan imkoniyatdir. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga maxsus pedagogika fanlarini chuqurlashtirilgan dasturlar asosida o‘qitish, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga xorijiy tillarni o‘rgatuvchi pedagoglarni maqsadli tayyorlash kabi vazifalar inklyuziv ta’limning nazariy g‘oyadan amaliy tizimga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari 2026-yil 30-iyundagi uchrashuvda har yili 500 ming nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘qitishga qaratilgan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Bu tashabbusning o‘ziyoq ta’limning endi muayyan yosh yoki diplom bilan tugamaydigan uzluksiz jarayon ekanini ko‘rsatadi.
Bugun bir kasbni egallab, umr bo‘yi faqat shu bilim bilan ishlash qiyin. Texnologiyalar shiddat bilan yangilanar ekan, inson ham doimiy o‘qib-o‘rganishi, malakasini oshirishi va zarur bo‘lsa, yangi kasbni egallashi kerak. Shu bois Bilimlar kunini faqat maktab o‘quvchilari va talabalar bayrami deb emas, jamiyatning har bir a’zosini umr davomida bilim olishga chorlaydigan umummilliy ma’rifat kuni deb anglash maqsadga muvofiq. Ayni vaqtda ta’lim va bandlik o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etish ham dolzarb vazifadir.
Biroq bu natijalar bizga xotirjamlik emas, yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Bir nechta iqtidorli yoshning xalqaro yutug‘i bilan cheklanib qolmasdan, sifatli ta’limni eng olis qishloqdagi bolagacha yetkazishimiz kerak. Ta’lim sifati bolaning yashash manzili, oilaviy sharoiti yoki ijtimoiy holatiga bog‘liq bo‘lib qolmasligi shart. Mustaqillikning ma’rifiy mohiyati ham aynan imkoniyatlar tengligida namoyon bo‘ladi.
Har qanday ta’lim islohotining taqdiri, avvalo, o‘qituvchiga bog‘liq. Eng zamonaviy bino, eng so‘nggi rusumdagi kompyuter yoki mukammal dastur ham bilimli, fidoyi va tashabbuskor pedagog o‘rnini bosa olmaydi. Chunki bolaga axborotni texnika ham berishi mumkin, ammo uning qalbida orzu uyg‘otish, o‘z kuchiga ishonch hosil qilish, yaxshilik va yomonlikni farqlashga o‘rgatish –ustozning vazifasidir. Zamonaviy pedagog faqat o‘z fanini yaxshi bilishi bilan cheklanmasligi kerak. U raqamli texnologiyalardan foydalana oladigan, bolaning shaxsiy xususiyatlarini anglaydigan, inklyuziv ta’lim tamoyillarini biladigan, ota-ona bilan hamkorlik qiladigan va o‘zi ham muntazam o‘rganadigan mutaxassis bo‘lishi lozim. Shuning uchun pedagogning kasbiy rivojlanishi bir marta malaka oshirish kursidan o‘tish emas, balki doimiy izlanish va o‘zini yangilash jarayoniga aylanishi zarur.
Jamiyatda ustozga hurmat faqat bayram kunlari bildiriladigan ezgu tilaklarda emas, balki uning mehnatini munosib qadrlash, kasbiy erkinligini ta’minlash va ortiqcha yuklamalardan himoya qilishda ko‘rinishi kerak. O‘qituvchining vaqti qog‘oz to‘ldirishga emas, darsga tayyorlanish, bola bilan ishlash va yangi bilimlarni egallashga sarflansa, islohot natijasi sinfxonada seziladi.
Mustaqillikning o‘ttiz besh yilligi ostonasida yangi o‘quv yilini boshlar ekanmiz, oldimizga muhim savol qo‘yishimiz zarur: bugun ta’lim olayotgan avlod 2040-2050 yillarda O‘zbekistonni qanday mamlakatga aylantiradi? Javob bugungi sinfxonalarimizda, bog‘chalarimizda, laboratoriyalarimizda, universitet auditoriyalarida va, eng muhimi, farzandlarimizga berayotgan tarbiyamizda shakllanmoqda.
Mustaqillik – bizga ajdodlar orzusini amalga oshirish imkonini bergan buyuk ne’mat. Bilim esa shu ne’matni asraydigan, rivojlantiradigan va uni kelajakka olib boradigan eng ishonchli kuchdir. Shu bois yangi o‘quv yilining ilk qo‘ng‘irog‘i faqat darsga chorlov emas. U har birimizni yurt taqdiriga daxldorlikka, izlanishga, yaratishga va Vatan oldidagi mas’uliyatimizni anglashga da’vat etadi.
Durdona Lutfullayeva,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori,
filologiya fanlari doktori
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish