1

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum qadrli hamkasblar!

Aziz talaba yoshlar!

Mana shu munavvar va saodatli kunlarda Sizlarni Ona Vatanimiz tarixidagi ulugʻ va shonli sana – Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish, yetuk mutaxassis-kadrlarni tayyorlash orqali Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning taraqqiyotini kafolatlash va xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlidagi fidokorona faoliyatingizga muvaffaqiyat tilayman! 

Mustaqillik yillarida koʻhna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va anʼanalarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bagʻrikenglik, hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuygʻusi yuragimizning tub-tubidan oʻrin oldi. 

Ortda qolgan oʻttiz besh yillik davr bizga milliy davlatchiligimiz rivoji uchun yuz yilliklarga teng boʻlgan tarixiy voqea va natijalarni tuhfa etdi. Xalqimiz fidokorona mehnati va qatʼiyati bilan yurtimizning iqtisodiy tarmoqlarini jadal rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirish, bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekiston poydevorini yaratishda davlatimiz rahbari bilan yelkama yelka xizmat qilmoqda. 

Qadrli doʻstlar!

Maʼlumki, har yili Mustaqillik bayrami oʻzgacha shukuh va tantana bilan nishonlanadi. Ayniqsa, bosib oʻtilgan 35 yillik yoʻlni sarhisob qilish, istiqboldagi rivojlanish tendensiyalarni belgilash nuqtayi nazaridan ham alohida ahamiyat kasb etadi. “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi ushbu sananing yuksak darajada nishonlanishini taʼminlashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Joriy yilgi bayram tadbiri ham milliy istiqlolimizning davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyatini hisobga olib, “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanmoqda.

Eng ulugʻ va eng aziz bayram arafasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimizga yetkazish, millatlararo doʻstlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini saqlash va oshirishni barcha fuqarolarning muqaddas burchi sifatida targʻib qilish, yoshlar orasida vatanparvarlik tuygʻularini yanada kuchaytirishga qaratilgan targʻibot tadbirlari, turli festivallar oʻtkazildi. 

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida mahalla yoshlari va hamkorlik oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Hamkorlik kubogi” sport oʻyinlari yuqori surʼatda oʻtkazildi.

Professor-oʻqituvchilarimiz va xodimlarimiz joylardagi “Mustaqillik toʻyi” tantanalarida faol ishtirok etishdi. 

Yangi oʻquv yiliga ezgu orzu-niyatlar bilan qadam qoʻyar ekanmiz, atoqli maʼrifatparvar alloma Mahmudxoʻja Behbudiy hazratlarining “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur” degan oʻgitlariga amal qilgan holda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi yangi oʻquv mavsumiga shay holatda. Oʻgʻil-qizlarimizning tanlagan sohalari boʻyicha xalqaro andozalar asosida ilm-fan sirlarini oʻrganishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

Fursatdan foydalanib, bir necha kundan soʻng respublikamizning barcha taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan “Bilimlar kuni” tantanalari bilan talaba-yoshlarimizni tabriklayman. 

Zero, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev mustaqillik bayrami tantanalarida taʼkidlaganlaridek, Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz. O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q”.

Shunday ekan, barcha talabalarimizni ilm-fan sirlarini oʻrganishda yanada faol boʻlib, Vatanimiz ravnaqiga hissa qoʻshadigan yetuk kadr sifatida kamol topishlariga tilakdoshman!

Azizlar!

Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi taʼlim sohasini sifat jihatdan rivojlantirishga ham ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. 

Bugun xalqimiz ulugʻ maqsadlar bilan Uchinchi Renessans davriga qadam qoʻymoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan bu muhtasham yoʻl xalqimizni ulugʻ maqsadlar sari ruhlantirayotir. Sarhadlarimiz tinchligi va daxlsizligi, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik hamda hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi demokratik islohotlar dunyo hamjamiyatining ham eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. 

Zero, Akademiyaning pirovard maqsadi ham hassos soha boʻlgan muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etib, ulugʻ allomalarimiz maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlab, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshishdan iborat!

Yangi oʻquv yilini Akademiya jamoasi ajoyib xushxabar bilan boshlamoqda. Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligi munosabati bilan Prezident Farmoni imzolanib, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi ulkan xizmatlari uchun bir guruh vatandoshlarimiz qatorida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar kafedrasi” professori, barchamizning qadrli ustozimiz Islomov Zohidjon Mahmudovich “Imom Buxoriy” ordeni bilan bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi direktori, taniqli publitsist Muxtarov Abdulhamid Abduaxatovich esa “Shuhrat” medaliga loyiq koʻrildi.

Bundan tashqari, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samarasini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatib kelayotgan, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan vatandoshlarimiz qatorida Akademiyamizning jonkuyar professor-oʻqituvchilari va xodimlarining bir guruhi “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Oʻylaymanki, davlatimiz va xalqimizning ushbu eʼtirofi Akademiyaning butun pedagogik jamoasi, ustoz-murabbiylari faoliyatiga bergan bebaho bahosi, mukofotidir! Yana bir bor taqdirlanganlarni samimiy tabriklab qolaman!

Navqiron yoshlarga qarata bildiradigan eng xayrli tilagimiz esa Prezidentimiz, xalqimiz sizlarga yuksak maqsadlar yoʻlida turgan, bebaho xazinamiz, kuch-qudratimiz va buyuk kelajagimiz timsoli, ertangi kunimizning egalari sifatida qaramoqda. Bu zimmangizdagi ulkan masʼuliyat va javobgarlikni yanada oshirib, ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz bildirayotgan umid va ishonchni amaliy ishlar – aʼlo oʻqishingiz, mehnatingiz, namunali xulqu odobingiz bilan oqlaysiz degan umiddamiz.

Qadrli doʻstlar!

Yana bir bor barchangizni eng ulugʻ, eng aziz bayram – Mustaqillik ayyomi bilan tabriklagan holda sihat-salomatlik, oilangizga fayzu baraka, oʻqish va ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman!

Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz tinchlik-totuvligi abadiy boʻlsin!

Istiqlolimizning eng ulugʻ va aziz shodiyonasi muborak boʻlsin! 

Muzaffar Komilov,

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

Izoh qoldirish