Akademiyada “Ota-onalar kongressi” o‘tkazildi
Sir emaski, jamiyatning kelajagi, davlatning istiqboli, xalqning taraqqiyotini yoshlarga berilayotgan ta’lim va tarbiya bilan baholash mumkin. Tarixan ota-bobolarimiz farzand tarbiyasiga milliy qadriyat, muhim burch sifatida qaraganlarida katta ma’no bor. Ana shu qadriyatni saqlab qolish, kelgusi avlodlarga yetkazish bizning ustuvor vazifamiz hisoblanadi.
Taassufki, globallashuv jarayoni yoshlar ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, ba’zi nosog‘lom kuchlar ertamiz egalariga mafkuraviy va ma’naviy sohada o‘z g‘oya hamda mafkuralarini singdirishga urinmoqda. Shu bois, farzand tarbiyasiga yanada e’tiborli bo‘lish, qarovsiz va nazoratsiz qoldirmaslik talab etiladi. Bu holatda yosh avlod ta’lim-tarbiyasida nafaqat ota-onaning, balki ta’lim muassasalari vakillarining ham o‘rni katta.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 1-kurs talabalarining ota-onlari hamda Akademiya rahbariyati o‘rtasida “Ota-onalar kongressi” o‘tkazildi.
Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashilib, ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglandi.
Muloqotda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi prorektorlari – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Salim Dusanov, Ilhom Bekmirzayev, Mahfuza Alimova, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Yig‘ilishni Akademiyaning birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev ochib berdi. Akademiya prorektori o‘z so‘zida so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada tizimli islohotlar, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga bo‘lgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan Akademiyada jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.
Muloqot davomida soha prorektorlari so‘zga chiqib, bugungi kunda Akademiyada olib borilayotgan ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlar sifatli bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Suhbat davomida mas’ullar tomonidan talabalarga yaxshi ta’lim berish bilan cheklanib qolinmay, ularning tarbiyasi, xulqi-odobi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerakligi, bu borada Akademiya va ota-ona hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda ota-onalar ham so‘z olib, farzandlariga sifatli ta’lim va tarbiya berib kelayotgan Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda mutasaddilarga minnatdorlik bildirishdi.
Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashildi va ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglandi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish