Konstitutsiya – milliy davlatchiligimizning huquqiy poydevori
O‘zbekiston Respublikasining Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining muhim tarixiy bosqichida davlat va jamiyat hayotini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 33 yilligi milliy davlatchilik taraqqiyotining muhim tarixiy bosqichidir. Ushbu davr ichida mamlakat siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotida tub islohotlar amalga oshirildi, inson huquqlariga oid kafolatlar mustahkamlandi, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”.
Yurtimizda o‘tkazilgan so‘nggi konstitutsiyaviy islohotlarda xalqning keng ishtiroki konstitutsiyaviy islohotlarning birinchi o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. Keng jamoatchilik ishtiroki va mazmunli munozaralar ta’minlangan ochiq va erkin jamoatchilik muhokamasidan keyingina Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar ishlab chiqildi. Konstitutsiyaviy islohotlarning yana bir xususiyati shundaki, inson huquqlari va erkinliklarini samarali himoya qilish kafolatlari kuchaytirildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlat qurilishining strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik printsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Islohotlarning yangi bosqichida – Taraqqiyot strategiyasi doirasida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda kuchli faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Shu munosabat bilan milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda “shaxs – jamiyat – davlat” tamoyilini mustahkamlash masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Zero, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi”da yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili yangi paradigma: “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi mustahkamlanib, O‘zbekiston davlatining siyosiy-huquqiy maqomiga yangi uchta, ya’ni “huquqiy davlat”, “ijtimoiy davlat” va “dunyoviy davlat” tushunchalari qo‘shimcha qilindi.
Ijtimoiy davlat – bu har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishish, ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va kam ta’minlanganlarga yordam berish uchun ijtimoiy adolat tamoyillariga tayangan holda moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga qaratilgan davlat modeli bo‘lib, bunday davlatda qat’iy bozor iqtisodiyoti, turli pandemiya va epidemiyalar sharoitida o‘z fuqarolariga muayyan minimal farovonlik kafolatlanadi. Yangi O‘zbekistonning asosiy maqsadi ham har bir fuqaroga g‘amxo‘rlik qilish, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash hisoblanadi.
Huquqiy davlat – bu demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlat. Qolaversa, qonunlarning butun davlat hududidagi ustuvorligi, hokimiyatlar vakolatining bo‘linishi, shaxs va davlatning o‘zaro ma’sulligi, inson huquqlari va erkinliklarining himoyalanishidir.
Dunyoviy davlat – davlat hokimiyati va boshqaruvdan din ajratilgan, boshqaruv diniy qoidalar bilan emas, balki fuqarolik qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qliishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlatdir. Shuningdek, hech qanday din va mafkura davlatning majburlov kuchi bilan o‘rnatilmasligini, ularning davlatdan alohida faoliyat yuritishini ta’minlaydi.
Dunyoviy davlatchilik tarixi G‘arb davlatlariga, Amerika Qo‘shma Shtatlariga borib taqalib AQSH o‘zini qonun hujjatlariga ko‘ra dunyoviy davlat deb e’lon qilgan ilk davlat hisoblanadi.
Ushbu davlatda hech qachon rasmiy din mavjud bo‘lmagan. AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi o‘zgarish ham har bir amerikalik uchun dinga erkin e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini kafolatlaydi.
Dunyoviy tipdagi davlatlarda inson va fuqarolarning vijdon va e’tiqod erkinligi, diniy bag‘rikenglik tamoyillari tom ma’noda ta’minlanishi kafolatlanadi. Zero, bunday davlatlarda ma’lum bir din ustuvor ahamiyatga ega bo‘lmaydi va barcha din vakillari o‘zlarining diniy rasm-rusumlarini erkin amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladilar. Shu bois, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasiga O‘zbekistonning dunyoviy davlat ekanligi mustahkamlab qo‘yildi, 154-moddada esa 1-moddadagi qoidalar o‘zgarmas bo‘lib, qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas deb belgilab qo‘yildi. O‘tgan davr mobaynida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlashning normativ-huquqiy asoslari yaratildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yo‘nalishlari quyidagicha belgilab berildi:
– jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish;
– ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy va oliyjanob g‘oyalarga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etish;
– diniy-ma’rifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish orqali zamon talablariga mos mutaxassislarni yetishtirish;
– aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;
– diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish.
Xulosa sifatida ta’kidlash joizki, fuqarolarning vijdon va diniy erkinligi sohasidagi Konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dinlararo do‘stlik-hamkorlik g‘oyalarini mustahkamlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shoira Avazova,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish