347

Ilmiy loyiha doirasida Surxondaryodagi noislomiy konfessiyalar faoliyati o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021-2023-yillar uchun moliyalashtirilgan “Dinlar tarixi, ta’limoti, manbalari va an’analarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovasion loyiha doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va magistrantlaridan iborat ilmiy jamoa Surxondaryo viloyatiga xizmat safarini amalga oshirdi. 

Tarixdan ma’lumki, hozirgi Surxondaryo viloyati hududi islom dini tarqalmasidan avval ham insoniyat sivilizatsiyasi rivojida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Xitoylik Syuan-Szyan bergan ma’lumotga ko‘ra, VII asrning boshlarida Termizda 10 ta buddizm ibodatxonasi mavjud bo‘lib, ularda 1000 nafar rohib faoliyat ko‘rsatgan. Mutaxassislar bu kabi ma’lumotlarga tayangan holda, Xitoyga buddizm aynan Markaziy Osiyo orqali yoyilgani haqidagi fikrni ilgari suradilar. O‘z navbatida, O‘rta Osiyoning janubiy chegaralariga yaqin yerlarda joylashgan xristian jamoalari mintaqada mazkur e’tiqodning keng tarqalishiga asos bo‘lganligi manbalarda qayd etilgan.

Yurtimizdagi diniy bag‘rikenglikning tarixiy ildizlarini ifoda etuvchi Surxondaryo viloyatiga amalga oshirilgan xizmat safari davomida Termiz shahrida rasmiy ro‘yxatdan o‘tib faoliyat ko‘rsatayotgan xristian diniy tashkilotlariga tashrif buyurildi. Jumladan, Aleksandr Nevskiy nomidagi pravoslav cherkovi, “Termiz” koreys protestant cherkovi ruhoniylari bilan suhbat o‘tkazildi. Shuningdek, Denovda qurilishi tugallanmagan “Xram Pokrova Presvyatoy Bogorodisi” pravoslav cherkovi bilan tanishildi. Uchrashuv davomida noislomiy diniy tashkilotlarning tarixi va bugungi kundagi faoliyati, diniy bayram va marosimlarini o‘tkazish tartibi, ularda ishtirok etuvchi dindorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumotlar to‘plandi. Shuningdek, safar mobaynida ilmiy jamoa Termiz arxeologiya va Viloyat o‘lkashunoslik muzeylarida bo‘lib, u yerdagi islomdan avvalgi davrga doir eksponatlar o‘rganildi. Ayniqsa, ushbu eksponatlarni amaliy tadqiq etish maqsadida Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzintepa va Kampirtepa buddaviylik yodgorliklariga tashrif buyurildi. 

Izoh qoldirish