249

Akademiyada yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi yaratildi

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 31 YILLIGIGA

Mamlakat taraqqiyotida iqtisodiy omillar nechog‘liq muhim bo‘lsa, ma’naviyat va ma’rifat, yoshlar ta’lim-tarbiyasi masalalari zarracha kam ahamiyat kasb etmaydi. Binobarin, moddiy boylik sarf etilishi bilan kamayib borsa, ma’naviy boylik tarqatilgan sari ziynatlanib, qadr-qimmati oshib boraverishi haqiqat. Yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, zamonaviy ilm-fan hamda ilg‘or kasb-hunarlarni egallashi esa el-yurtning istiqboliga kafolatdir. Shu ma’noda, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir”, degan tashbehlari bejiz emas. 

Shu nuqtai nazardan, bugun mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida, ya’ni yangi O‘zbekistonni barpo etishda davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, ikkita mustahkam ustun: “Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat” ga tayanib keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. 

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda yurtimizda xalq hayotining barcha sohalari qatorida ilm-fan, ta’lim-tarbiya va diniy-ma’rifiy sohani isloh qilish, davrning o‘tkir muammolariga yechim topish hamda xalqimizning boy ilmiy-tarixiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Zero, dunyoda ro‘y berayotgan hozirgi siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy vaziyat hamda global muammolar tahlili yuqoridagi sohalar yangilanishining ahamiyati nechog‘liq muhim ekanini ko‘rsatmoqda. Bunda ushbu sohada ilg‘or tajribaga ega zamonaviy kadrlarni tayyorlashning yaxlit tizimini yaratish dolzarb vazifadir.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi moddiy-texnik bazasini xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirishga ham davlatimiz tomonidan katta e’tibor berilmoqda. Xususan, 2017-yilda ta’lim muassasasi moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun byudjet mablag‘lari hisobidan 11,2 million so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019-yilda ushbu maqsadlar uchun byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 29,6 million so‘m, homiylik mablag‘lari hisobidan 37,6 million so‘mlik zamonaviy o‘quv jihozlari olingan. Xuddi shunday, 2020-yilda byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 2 836,2 million so‘m, homiylik mablag‘lari hisobidan 496,0 million so‘m, maqsadli byudjet mablag‘lari hisobidan 304,1 million so‘mlik texnika jihozlari olinib, akademiya moddiy-texnik bazasi xalqaro standartlar asosida takomillashtirib borilmoqda.

Shuningdek, talabalarning munosib sharoitlarda yashab tahsil olishlari uchun Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Zarqaynar ko‘chasi, 14-uy manzilida joylashgan yotoqxona binosi 3 936, 3 million so‘mlik davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq kapital ta’mirlanib, zamonaviy mebel va maishiy jihozlar o‘rnatildi. Shuningdek, 2021-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Shayxontohur tumani, A.Qodiriy ko‘chasi, 11-uy manzilida joylashgan talabalar turar joyida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining jamg‘armasidan 2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, joriy ta’mirlandi va to‘liq yangi mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Ayniqsa, ta’lim muassasasi hududidagi ochiq sport maydonchasining homiylar hisobidan to‘liq qayta rekonstruksiya qilinishi va sport zali, trenajyor xonalar to‘liq yangidan sport inventarlari bilan ta’minlangani talabalar uchun katta tuhfa bo‘ldi.

Atoqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobida “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, deb yozadi. Buyuk ma’rifatparvar bobomizning bu so‘zlari bir asr avval millatimiz uchun qanchalar muhim bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ham undan ham ko‘proq dolzarb ahamiyatga ega.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham yoshlar siyosati, ularning ma’naviy-ma’rifiy kamolotiga yuksak etibor qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan, ma’naviy-ma’rifiy hamda yoshlar bilan tizimli ishlash yuzasidan samarali faoliyat yo‘lga qo‘yildi.

Akademiyada talabalarning iqtidorini yuzaga chiqarish, bo‘sh vaqtini maqsadli va mazmunli tashkil etishga muhim e’tibor qaratilgan. Eng avvalo, har bir talabaning darslardagi ishtiroki, faolligi hamda fanlarni o‘zlashtirish darajasi tahlil etib boriladi. Bunda talabaning ta’lim sifati va o‘quv jarayoni samaradorligi bo‘yicha fan o‘qituvchilari hamda guruh sardori bilan uzviy hamkorligi o‘rnatilgan. Iqtidorli talabalar uchun “Tarix va ma’rifat” talabalar ilmiy-to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, innovatsion startaplar va fan klublarga jalb etilgan.

Talabalarning bilim olishlari, kasb-hunar o‘rganishlari va sport bilan shug‘ullanishlari uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, “Tilshunoslik” (arab, ingliz, rus tili), “Psixologik trening”, “Xattotlik”, “Kompyuter savodxonligi”, “Veb-dizayner” kabi to‘garaklarda talabalar zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni o‘rgansa, “Dutorchilar”, “Fortepiano”, “Skripka”, “Doira” kabi san’at yo‘nalishi mashg‘ulotlarida o‘z iste’dodlarini namoyon etish imkoniga ega bo‘lmoqda. “Voleybol”, “Stol tennisi”, “Basketbol”, “Mini futbol”, “Shaxmat va shashka”, “Badminton” kabi sport to‘garaklari esa yoshlarning jismonan sog‘lom bo‘lishlariga ko‘maklashmoqda. Ushbu sport to‘garaklariga 1374 nafar talaba qamrab olingani ham e’tiborlidir.

Akademiya talaba-qizlarining zamon talablari darajasida bilim va kasb-hunar o‘rganishi, sport-sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarida qatnashishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, “Lider qizlar” guruhi faoliyati asosida talaba-qizlarning ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardagi faolligi oshirilsa, “Gimnastika”, “Shaxmat-shashka”, “Basketbol”, “Dutorchi qizlar”, “Fortepiano”, “Doira”, “Vokal” kabi sport va san’at yo‘nalishidagi to‘garaklarda salomatliklari mustahkamlanib, iste’dodlari kashf etilmoqda. 

Akademiyada tashkil etilgan Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tomonidan talaba-qizlar o‘rtasida turli dolzarb mavzularda davra suhbatlari tashkil etilishi bilan birga “Qiz bor uyning fayzi bo‘lak”, “O‘zbekoyim qizlari” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri, “Qizlarni oilaga tayyorlash”, “Qizlarning kiyinish odobi”, “Umid bilan yashayman”, “Baxtliman” kabi treninglar tashkil etilishiga ham e’tibor qaratilmoqda. 

Akademiya talabalar turar joyida jami 341 o‘rin mavjud bo‘lib, 2 ta shifokorlar xonasi, 6 nafar xorijiy o‘qituvchi hamda 330 nafar talabaning yashashi uchun qulay sharoit yaratilgan.

E’tiborlisi, Akademiya prorektorlari, dekan va o‘rinbosarlari hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan Toshkent shahrida ijarada turgan 1679 nafar talabaning turar joyiga borib sog‘lig‘i, shu bilan birga, bo‘sh vaqtini tashkil etishi o‘rganilib, mahalla faollari va ota-onalar o‘rtasida mustahkam hamkorlik o‘rnatildi. 

Albatta, ushbu ishlarning samarali tashkil etilishi natijasida talabalarning o‘ziga xos iste’dodlari kashf etilib, kelajakda egallayotgan mutaxassisliklari bo‘yicha yetuk kadrlar bo‘lishiga zamin hozirlanmoqda. Xususan, 2021-yilda 23 nafar iste’dodli talabaning ijodiy ishlarini umumlashtiruvchi “Vatanga Vatan deb yonganlar kerak” nomli she’riy to‘plam nashr etilib, targ‘iboti tashkil etilgani yosh qalamkashlarga ilhom bag‘ishladi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinlarining hududiy bosqichida Akademiya iqtidorli talabalari jamoasi faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Talabalar teatr studiyasi” jamoasi Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tashkil etilgan “Talabalar teatr studiyasi festivali” doirasida faol ishtirok etib, hududiy bosqichda faxrli 1-o‘rinni, mintaqaviy bosqichda esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Biz yangi O‘zbekiston yoshlarimiz” shiori ostida mini-futbol bo‘yicha “Student’s Cup” musobaqasida Akademiya jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, yarim finalga qadar yetib bordi. 

Akademiya talabalar terma jamoasi hamda rektor Muzaffar Komilov boshchiligidagi rahbariyat jamoasi o‘rtasida “Futbol shou”si o‘tkazildi. Mazkur tadbir talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, mutasaddi rahbarlar hamda talabalar o‘rtasida samimiy muloqot, yoshlarda ko‘tarinki kayfiyat paydo qilish maqsadida tashkil etildi.

Yil davomida Akademiya talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Jami 18 ta tur o‘yinida jami 40 dan ortiq jamoalar g‘oliblik uchun bellashdi. Yakunda g‘olib jamoaga 5 million so‘m, 2-o‘rin egasiga 3 million so‘m hamda 3-o‘rin sohibiga 2 million so‘m pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

 “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Oltin davrim” shiori ostida talabalar oyligi doirasida o‘tkaziladigan “Kitobxonlik viktorinasi”, “Chet tillar bilimdoni”, “Arab tili bilimdoni”, “O‘zbek adabiyotshunosligi bilimdoni”, “Bilimdon dinshunos-talaba” kabi tanlovlar, “Islom tarixi bilimdoni” bellashuvi, “Kibersport” musobaqasi kabi ko‘plab tanlovlarning tashkil etilishi esa an’anaga aylandi.

Shavkat MAVLANOV,

Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy 

ishlar bo‘yicha birinchi prorektor

Izoh qoldirish