286

Ixtilof dinimizga zarardir

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Oʻzining Kalomi sharifida “Agar bilmasangiz, zikr ahlidan soʻrang”, deb marhamat qilgan Allohga hamd-u sanolar boʻlsin.

“Ixtilof qilmanglar! Yana qalblaringiz ixtilofli boʻlib qolmasin!”, degan suyukli Paygʻambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovot-u salomlar boʻlsin.

Har bir masalani Qurʼon va hadis orqali batafsil bayon qilib, bizlarga faqatgina amal qilishnigina qoldirib ketgan ulamolarimizga Allohning rahmati boʻlsin.

Haqiqatan ham ahli sunna val jamoa ulamolarimiz aqidaviy masala boʻladimi, fiqhiy hukmlar boʻladimi – barchasi haqida kechalarini bedor qilib, ne zahmatlar ila ularni bayon qilib ketganlar. Endilikda bizlarga ularni oʻrganib, tushunib, hayotga tatbiq qilish va amal qilish qolyapti, xolos.

Baʼzi johil, ilmsiz kishilarni uchratamizki, ularning xayoli, butun fikri-yu zikri faqat ixtilofda, musulmonlar necha asrlardan beri toyilmay amal qilib kelayotgan ishlarda fitna chiqarish bilan ovora boʻladilar. Chunki ular bu ishga oʻzlari haqli boʻlmasdan turib, dalillar borasida aqllari yetmasdan turib kirishib olganlar, endilikda ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatilsa ham anglamaydilar.

 Alloh taolo “Anfol” surasining 46-oyatida ixtilof, oʻzaro tortishuvning zararlarini bayon qiladi.

“Allohga va uning Rasuliga itoat qiling. Oʻzaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadir. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir”.

Demak, zaiflashish va kuch-quvvatning ketishiga asosiy sabab oʻzaro tortishish, ixtiloflarga berilish va bundan kelib chiqadigan parokandalik ekan.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishining bir oyatni oʻqiganini eshitdim, men Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bundan boshqacha oʻqiganlarini eshitgan edim. Shunda uni Nabiy sollallohi alayhi vasallamning oldilariga olib kelib, U zotga bor gapni aytdim. U zotning yuzlaridan yoqtirmaganlarini payqadim. Shunda U zot: “Ikkingiz ham toʻgʻri qilgansiz. Ixtilof qilmanglar, chunki sizlardan avvalgilar ixtilof qilishdi va halok boʻlishdi”, dedilar”.

Ustozlarimizdan birlari aytgan edilar, saf masalasini oʻqiganimda Abu Hanifa va Abu Yusuf rohimahumallohlar bir fatvoni aytganlar. Imom Muhammad boʻlsa boshqa fatvoni aytganlar. Bizning diyorlarda boʻlsa Imom Muhammadnikiga amal qilinadi. Hayron boʻlib, yugurib borib ustozimdan nimaga biz Abu Hanifa va Abu Yusuf rohimahumoallohlarning fatvosini olmaganmiz, deb soʻrasam, ustozim siz nima uchun ularni olmaganmiz, deb emas, nimaga Imom Muhammadning fatvosini olganmiz, deb qidiring deya javob berganlar. Haqiqiy ulamolar ana shunday yoʻlni tutganlar, yaʼni, xalqni tafriqaga solishga emas, balki birlashtirishga harakat qilganlar.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, hozirgi kunda baʼzi hukmlar borasida ixtilofga tushib qolinsa, arab tilini bilmaydigan, diniy maʼlumoti boʻlmaganlar Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari kabi ulamolarning kitoblariga murojat qilishi mumkin. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari xalqimiz orasida tushunmovchilikka sabab boʻlgan masalalarni jamlab, “Ixtiloflar: sabablar, yechimlar” nomli alohida kitob ham taʼlif etganlar. Shuningdek, diniy idora qoshida fatvo markazi mavjud boʻlib, oʻsha joyga xoh internet orqali, xoh telefon orqali savollarimizni berib, oʻsha zahoti ulamolardan batafsil va ilmiy asoslangan javoblarni olishimiz va oramizdagi ixtiloflarni bartaraf etishimiz mumkin.

Ibrohimjon TEMIROV,

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish