187

Tilimizga ehtiyot boʻlaylik

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Aksariyat davralarda boʻlib qolsak, shu davrada boʻlmagan kimningdir hayotiga doir mavzuda gap ochiladi. Birovning kiygan kiyimi bormi, mingan avtomashinasimi yoki qilgan dangʻillama toʻyimi qizgʻin muhokama qilinadi. Bilib-bilmay kimlardandir eshitgan gaplarimiz asosida oʻzganing hayotini muhokama qilamiz. Yana oʻzimizga taskin berish maqsadida “Gʻiybati emas, sifati”, deb gapirgan gaplarimizni oqlamoqchi boʻlamiz.

Ikki kishining boshi biriksa, albatta, gap mavzusi “eshitdingizmi?” degan soʻzlar bilan oʻzgalar hayoti toʻgʻrisida gap ketadi. Go‘yoki, suhbatlashishga boshqa mavzu yoʻqdek. Aslida biz gapirgan gaplarimiz gʻiybat ekanini bilamiz, lekin buni tan olgimiz kelmaydi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam gʻiybatga shunday taʼrif berganlar: “Birodaring eshitsa, xafa boʻladigan xislatlarni aytishing gʻiybatdir”. Sahobalar: “Agar biz aytgan xislat unda boʻlsa-chi?” deb soʻrashganda, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga: “Bor xislatlarni aytsang, gʻiybat, yoʻq xislatlarni aytsang, boʻhtondir”, deganlar.

Kishining jismidagi nuqson bilan ayblash yoki nasl nasabini, harakatini, soʻzlarini, din-u diyonati, dunyosi, kiyimlari, yashash joyi, ulovini kamsitish gʻiybat boʻladi.

Qoʻl harakati, koʻz qisish, ishora qilish kabi hollar bilan ham kishini mazah qilish mumkin emas. Qurʼoni karimning “Humaza” surasi 1-oyatida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Har bir obroʻ toʻkuvchi va ayblovchiga “vayl” boʻlsin”.

Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: “Ey tili bilan iymon keltirib, dilida iymon keltirmaganlar, musulmonlarni gʻiybat qilmang va ularning kamchiliklarini qidirmang. Kimki, ularning kamchiliklarini qidirsa, Alloh taolo oʻzining kamchiligini qidiradi. Alloh kimning kamchiligini qidirsa, uni uyida sharmanda qiladi”, dedilar.

Hazrati Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasullulloh sollallohu alayhi vassalam aytdilar: “Meʼroj kechasi baʼzi insonlarning oldidan oʻtdim, ular temir tirnoqlari bilan yuzlarini va koʻkraklarini yulib turganlarini koʻrdim. Jabroil alayhissallomdan ularning kimligini soʻraganimda, Jabroil: “Bular odamlarning goʻshtini yeydigan, ularning iffat-nomuslarini toʻkadigan odamlardir (yaʼni gʻiybatchilardir)”, dedi”.

Gʻiybat qilgan yo gʻiybatga quloq solgan kishi gunohdan forigʻ boʻlishi uchun Alloh taologa chin dildan tavba-istigʻfor aytib pushaymon boʻlishi, qayta gʻiybat qilmaslikka ahd qilishi zarur. Gʻiybat qilgan odamidan esa kechirim soʻrab, uning roziligini olishi, agar u olamdan oʻtgan boʻlsa, kambagʻal, yetim-yesirlarga xayr-ehson ulashib, savobini uning ruhoniyatiga hadya qilishi kerak.

B.QOʻCHQAROVA,

Jomboy tuman bosh imom-xatibining

Xotin-qizlar masalalari boʻyicha yordamchisi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish