217

Islomda urush va tinchlik masalalari

         JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Bugungi kunda turli oqim vakillari tomonidan islom dinidagi turli tushunchalar va hatto din asoslari ham buzib talqin etilmoqda. Ana shunday masalalardan biri bu “jihod” tushunchasi bilan bog‘liq. Buzg‘unchi kimsalarning talqinicha, “jihod musulmonning g‘ayridinlarga qarshi muqaddas urushidan boshqa narsa emas va u islomning oltinchi arkonidir”. Bunday talqin dinimizning go‘yoki yovuzlikka, jang-u jadal, urush, qon to‘kish, boshqa dindagilarga qarshi kurash olib borishga asoslangani haqidagi qarashlar shakllanishiga turtki bo‘lmoqda. Aslida esa “jihod” Qur’onda “muqaddas urush” deb atalmagan.

Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining asosini tashkil etadi. Ammo bugungi kunda dinni niqob qilib, uning nomidan ish olib borishga intilayotgan ekstremistik va terrorchi oqimlarning chirkin faoliyati muqaddas islom dini va tinchliksevar musulmonlar haqida noto‘g‘ri tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. 

Xo‘sh, buzg‘unchi oqimlarning jihod borasidagi qarashlari qay darajada asosli, jihodning mohiyati nimada?

“Jihod” so‘zi arabcha “jahada” fe’lidan olingani, “g‘ayrat qilmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq”, “zo‘r bermoq”, “bor kuchini sarflamoq”, “kurashmoq”, “mehnat qilmoq” kabi ma’nolarni anglatishi bugungi kunda ko‘pchilikka ma’lum. Diniy istilohga ko‘ra, jihodning Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon 356 nafs, shayton va yov bilan kurashishdek turlarining mavjudligi, ularning mazmun-mohiyati haqida moʻtabar manbalarda yetarlicha tushuntirishlar berilgan.

Dastlab “jihod” mazmunida islomni himoya qilish va yoyish uchun qilingan sa’y-harakat, g‘ayrat qilish ma’nosi tushunilgan. Shu bois, Makka davrida Payg‘ambar alayhissalom va sahobiylar Alloh taoloning: “(Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!” (Nahl, 125) degan ko‘rsatmasi asosida faoliyat olib borganlar.

Keyinchalik, ya’ni Muhammad alayhissalom Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tganlaridan so‘ng islom dini va musulmonlar jamiyatini tashqi dushmanlardan mudofaa qilish maqsadidagina harbiy mazmundagi jihodga ruxsat berilgan. Jumladan, Haj surasining 39-oyatida: “(Mushriklar tomonidan) hujumga uchrayotgan (musulmon)larga, mazlum bo‘lganlari sababli (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir”, deyiladi. Bundan ko‘rinadiki, jang-u jadal ma’nosidagi jihodga mudofaa, muqarrar dushman hamlasini daf etish maqsadida ruxsat berilmoqda.

Taassufki, hozirda jihod deyilganda uning urush ma’nosidan boshqalarini inkor etish, boz ustiga terrorchilik bilan bog‘liq jinoyatlarni ham Alloh yo‘lidagi jihod, deb e’lon qilish holatlari qulay bormoqda. Ayniqsa, ekstremistik va terrorchi oqimlarning mutaassiblik bilan yo‘g‘irilgan g‘arazli maqsadlari yo‘lidagi bosqinchilik urushini jihod deb e’lon qilishi va bu yo‘lda o‘zini portlatgan va boshqa begunoh insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan kimsalarni “shahid” deb atayotganlari dinimiz ta’limotlariga mutlaqo ziddir. Vaholanki, islom dinida jon ne’matiga Allohning eng buyuk va qadrli ne’matlaridan biri, deb qaraladi. Bu ne’matning qadriga yetmaganlarga ulkan azoblar borligi haqida Qur’oni karim va hadislarda ko‘plab ogohlantirishlar kelgan. Jumladan, Imom Buxoriydan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda bunday deyiladi: Alloh taolo marhamat qilurki: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, Mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”.

Shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Muslimdan rivoyat qilingan yana bir hadisda ham shunga oid masala bayon etilgan. Unda aytilishicha, “Kimki o‘zini tog‘ tepasidan tashlab o‘ldirsa, o‘lgandan keyin ham jahannamda shu xil azobga giriftor bo‘ladi. O‘zini suvga tashlab yoki osib yoki kuydirib o‘ldirgan kishilarning hukmi ham uning hukmi bilan barobardir”.

Yuqoridagi hadislar faqat o‘zini o‘ldirgan kimsa haqida bo‘lsa, o‘zi bilan birga begunoh insonlar o‘limiga sabab bo‘layotgan shaxslarning gunohi undanda og‘irroq bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Bu haqda Qur’oni karimda aytiladi: “Kimda kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la’natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay” (Niso, 93).

Jihod harakatini terror yo‘li orqali amalga oshirayotgan kimsalar o‘z qilmishlarini muqaddas islom uchun kurash, musulmonlarni birlashtirish yoki islom xalifaligini qurishga qaratilgan amallar, deya go‘yo o‘zlarini oqlamoqchi bo‘ladilar. Agar jihod, ular aytganidek, islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lar edilar. Biroq Payg‘ambar alayhissalom bunday yo‘l tutmadilar. Aksincha, yangi paydo bo‘lgan musulmon jamiyatini himoya qilish uchun hamda yurtga bostirib kirishi muqarrar bo‘lgan dushmangagina urush e’lon qilganlar.

Shu bilan birga, Muhammad alayhissalom Makkadan Madinaga kelganlaridan so‘ng qilgan dastlabki ishlaridan biri musulmonlar jamoasi va hududdagi turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro tinch-totuv yashashni ta’minlashga qaratilgan shartnoma tuzish bo‘lgan. 622-yilda tuzilgan bu shartnoma “Madina sahifasi” nomi bilan mashhur bo‘lib, unda yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar o‘zaro hurmat asosida yashash, ularning o‘z diniy e’tiqodi va ibodatlarini amalga oshirishlariga to‘sqinlik qilmaslik kabi muhim masalalar o‘rin olgan edi. Islom dini hamma davr va har qanday vaziyatda tinch-totuvlikning barqaror bo‘lishidan manfaatdor bo‘lganini uning tarixi ham namoyon etadi.

Islomning muqaddas manbalarida jihodning ulug‘ amal ekaniga dalolat qiluvchi va unga targ‘ib etuvchi ko‘plab ko‘rsatmalar kelgan. Jumladan, Tavba surasining 111-oyatida marhamat qilinadi: “Albatta, Alloh mo‘minlarning jonlarini va mollarini ulardan jannat barobariga sotib oldi – ular Alloh yo‘lida jang qilishib (kofirlarni) o‘ldiradilar va (o‘zlari ham Alloh uchun shahid bo‘lib) o‘ldiriladilar, (Bunday mo‘minlarga jannat berilishiga) Alloh Tavrot, Injil va Qur’onda O‘zining haq va’dasini bergandir. Allohdan ham ahdiga vafodorroq kim bor? Bas, (ey mo‘minlar), qilgan bu savdolaringizdan shod bo‘lingiz. Mana shu haqikiy buyuk baxtdir”, deyiladi.

Jihod buzg‘unchi toifalar aytayotganidek, bosqinchilik urushi emas, uning mohiyati o‘zgacha. Payg‘ambar alayhissalom hadislarida jihodning mohiyatini yoritib beruvchi ko‘rsatmalar mavjud. Bu hadislarning mazmun-mohiyatini anglab yetmasdan, jihodni o‘zicha talqin etish qaytarilgan amallardandir. Ma’lumki, islom dini sulhparvar din. Payg‘ambar alayhissalom o‘z sahobiylariga g‘anim bilan jang qilayotganida dushman sulh so‘rasa, albatta, bunga e’tibor qaratish lozim ekani haqida aytib o‘tganlar. 

Shuning uchun sahobiylar hech qachon Muhammad alayhissalom ko‘rsatmalari bo‘lmasdan, tashqi dushmanga qarshi urush mazmunidagi jihodga chiqmaganlar. Bu holatdan jihod e’lon qilish vakolati davlat rahbarining mutlaq huquqi ekani kelib chiqadi. Din ulamolari bir holatdagina davlat rahbarining topshirig‘isiz, jihod qilish mumkin, deb aytganlar, ya’ni tashqi dushman vatanga bostirib kirganida, g‘animga qarshi jang qilish uchun rahbarning topshirig‘i kutilmaydi.

Shu bilan birga, islom dinida dushman bilan jang qilishning ham o‘ziga xos qoidalari bayon etilgan. Bu haqida Baqara surasining 190-oyatida: “Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo‘lida jang qilingiz, (lekin jang asnosida ham) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmagay”, deyiladi.

Shayx Abdulaziz Mansur ushbu oyatni quyidagicha tafsir qiladilar: “Islom dinida insof, adolat va insonparvarlik qoidalariga hatto yov bilan jang qilish asnosida ham rioya qilinadi. Alloh taolo har qanday vaziyatda ham haddan oshmaslik va tajovuzkorlikka o‘tmaslikni buyuradi. Bu hamma uchun juda ibratli tanbehdir. “Jihod” so‘zi hamma vaqt ham jang va urush mazmunida emas, balki jiddu jahd, sa’y-harakat, ijtihod ma’nolarida ham keladi”. Bu fikrning isbotini Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisdan ham ko‘rish mumkin: “Musulmonlarning afzali, qo‘lidan va tilidan musulmonlarga ozor yetmaydiganidir. Mo‘minlarning afzali esa, xushxulqrog‘idir. Muhojirlarning afzali Alloh qaytargan narsalardan o‘zini yiroq tutuvchidir. Jihodning afzali esa, Alloh yo‘lida o‘z nafsi va xohishiga qarshi qilinadigan jangdir”.

Bundan tashqari, soxta salafiylarning jihodni islomning oltinchi arkoni, deb atashlari dindagi buzg‘unchilikdir. Eng avvalo, adashgan oqimlar nazarda tutgandek, jihod islomning oltinchi arkoni bo‘lganida edi, o‘n to‘rt asr ilgari Payg‘ambar Muhammad alayhissalom musulmonlarni besh ruknga emas, balki olti ruknga amal qilishga buyurgan bo‘lardilar. Rasululloh alayhissalom esa: “Islom besh narsa ustida bino qilingan. Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad Uning payg‘ambari ekaniga guvohlik berish, namoz o‘qish, zakot berish, ramazon ro‘zasini tutish va (imkoni bo‘lsa) haj qilish”, deb islom asoslari nimadan iborat ekanini aytib o‘tganlar. Islom ulamolari, jumladan, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk muhaddis va mutakallimlar ham ushbu hadisi sharifda dinning arkonlari va mohiyati to‘liq va qat’iy bayon etilganini ta’kidlaganlar.

Bundan tashqari Qur’oni karimning: “Ana, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomning din bo‘lishiga rozi bo‘ldim” (Moida, 3), degan oyati nozil bo‘lgan vaqtda islom dini besh arkondan iboratligi va bundan keyin ular hech qachon o‘zgarmasligi ta’kidlangan. Yana bir hadisda esa, Payg‘ambar alayhissalom: “Sizlardan kim mendan keyin yashasa, yaqinda ko‘p ixtiloflarni ko‘radi. Mening sunnatim va mendan keyingi hidoyat topgan roshid xalifalar sunnati sizlarga shart bo‘ladi. Ularni qattiq tutingiz va oziq tishlar bilan tishlangiz. Shariatda yangi paydo qilingan narsalardan saqlaningiz. Zero, (shariatda) har bir yangi paydo qilingan narsa – bid’at va har bir bid’at zalolatdir”, deganlar. Soxta salafiylar esa, islomning besh arkoniga qanoat qilmay, jihod borasida g‘uluvga ketib, uni shariatning oltinchi arkoni deb atashlari juda taajjublanarlidir. Bu esa, mazkur hadisda ta’kidlangan dindagi bid’at bo‘lib, u o‘z ergashuvchilarini albatta, zalolat sari yetaklaydi. Ana shu holatning o‘zi insonni sergaklikka chorlashi, jihod masalasida g‘uluvga ketishdan saqlanishi uchun kifoya qiladi. Zero, jihod borasida g‘uluvga ketish boshqa dindagilarga nisbatan bosqinchilik bo‘lishidan tashqari, islom ahkomlariga qarshi chiqish va ularni oyoqosti qilish bilan barobardir.

Shuni doimo yodda tutish kerakki, islom jang-u jadal dini emas, balki tinchlik dinidir. Islomda amalga oshiriladigan har qanday jihod – ya’ni sa’y-harakat faqatgina tinchtotuv yashash, tinchlikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Shukrullo JO‘RAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi Nashrlar bo‘limi boshlig‘i

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish