225

Yoshlarni odob va ilmga targ‘ib qilish

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Tarixdan maʼlumki, barcha buyuk davlatlarda yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Zero, aynan jismonan sogʻlom va aqlan salohiyatli yoshlar oʻz yurtining qudrati va ravnaqiga zamin yaratadi. Har bir ota-ona, oʻz navbatida, farzandining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy, maʼnaviy va ruhiy jihatdan barkamol avlod boʻlib yetishishini niyat qiladi. Shunday ekan, ota-ona oʻz farzandining yoshlik davrini mazmunli, namunali, foydali ishlar va savobli amallar bilan oʻtkazishiga yordamchi boʻlmogʻi lozim. Lekin baʼzan bolalar tarbiyasida shunday xatoga yoʻl qoʻyiladiki, bu xato farzandning hayotida keskin burilish yasaydi.

Esimda, bir kishi oʻgʻlini “eshak” deb urishganida bolaning bobosi oʻgʻlini chetga tortib, unday dema, “xoʻtik” degin, sencha boʻlsa, eshak boʻladi, deb oʻgʻliga tanbeh bergan edi. Demak, farzandlarni xato qilganida ham haqorat qilmay, xatosini toʻgʻri tushuntirish maqsadga muvofiq boʻladi. Xato qilganida urib-soʻkmasdan, bosiqlik bilan tushuntirish lozim. Kichik boʻlsa-da biror yutuqqa erishsa: “Barakalla, sen ulugʻ inson boʻlib yetishasan, kelajakda nafaqat menga, balki barchaga rahmat keltiradigan millatning faxri boʻlasan”, deb ragʻbatlantirish kerak. Ana shunda millatdan ulugʻ zotlar yetishib chiqishiga zamin yaratgan boʻlamiz, inshoalloh.

Tomas Edison onasidan qolgan kitoblarni varaqlab oʻtirib bir varaq topib oladi, unda: “Isaakning onasi, iltimos, oʻgʻlingizni bizning maktabdan olib keting, umuman uning oʻqishga layoqati yoʻq. Boshqa biror kasb oʻrgansin, uning xotirasi juda zaif va qoloq”, deb yozilgan edi. Esladi, boshlangʻich maktabga bir necha vaqt qatnaganida oʻqituvchi shu xatni onasiga berib yuborgan edi. Lekin onasi xatni oʻqib boʻlgach, biroz oʻylanib: “Oʻgʻlim, u maktabda senga saboq berishga layoqatli ustoz qolmabdi, shuning uchun seni boshqa maktabga olib boraman, yaxshi oʻqiysan-a?!”, deb boshqa maktabga olib borgan edi. Aslida bola maktabdan haydalgan edi, onaning oqilaligi tufayli bola ana shunday martabaga erishdi.

Darhaqiqat, qobiliyatsiz bola yoʻq (agar tugʻma aqli noraso boʻlmasa) faqat qobiliyatni qoʻzgʻatish va yoʻnaltira bilish kerak.

Mashhur muhaddis Hofiz ibn Hajar Asqaloniy yoshligida madrasaga oʻqishga kiradi. Zehni oʻtkir emasligi bois ilm oʻrganishga qiynaladi. Mudarrislar: “Sen boshqa ish bilan shugʻullan, ilm oʻrganishga qobiliyating kam ekan”, deb madrasadan ozod qilishadi. Qalbida ilmga muhabbati bor oʻsmir noiloj madrasadan qaytayotib, havoning issigʻida dam olish uchun bir gʻorga kirib yotadi va bir manzaraning guvohi boʻladi. Gʻorning yuqori qismidan tomchilayotgan suvga bir muddat qarab yotdi. Tomchi toshga tushib, uni oʻyib yubordi: “Suv yumshoq, lekin doimiy tomchilab turgani uchun toshni teshibdi. Mening qalbim toshdan ham qattiqmi? Nahotki, tomchichalik boʻla olmasam?” deb yana madrasaga qaytib borib, astoydil oʻqib, Hofiz ibn Hajar Asqaloniy boʻlib butun dunyo Islom olamiga mashhur boʻldi. Salkam yetti asrdan beri u zotning asarlari butun Islom olamining oliy bilim yurtlarida oʻqitilmoqda. Ulugʻlarning tarjimai hollarida bu kabi ibratlar bisyor.

Muqaddas dinimizda bolalarni goʻzal axloq va odobga oʻrgatib borish tavsiya etiladi. Axloq va odobi yaxshi boʻlgan bolalarga ilm tez singadi. Tasavvur qiling: bir sinfda oʻttiz nafar bola oʻqisa, ulardan qaysi biri odob bilan ustozini tinglasa, oʻsha ilmda eng peshqadam boʻladi. Demak, odob-axloq ilm olishning asosiy omillaridan biri.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi sharifda bunday marhamat qildilar: “Kishi oʻz farzandini tarbiya qilib bir narsa oʻrgatishi – bir soʼ (taqriban, ikki kilogramm mayiz qiymatiga teng)ni sadaqa qilishidan yaxshiroqdir” (Imom Termiziy rivoyati). 

Boshqa bir hadisda: “Ota oʻz bolasiga chiroyli odobdan koʻra yaxshiroq narsa bera olmaydi” deyilgan (Imom Termiziy rivoyati).

Bugun yoshlarga juda koʻp imkoniyatlar yaratib berilgan. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va toʻgʻri foydalanishlari lozim.

Yoshlarning jismonan baquvvat, sogʻlom, gʻayratli va shijoatli boʻlishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati katta. Islom dini taʼlimotida jismoniy tarbiya tushunchasi zamiriga nafaqat badantarbiya mashqlari bilan shugʻullanish, balki inson salomatligi uchun zarur boʻlgan barcha omillarga rioya qilish, ayni paytda salomatlik uchun zararli, balki hayot uchun xavfli boʻlgan illatlardan saqlanish nazarda tutiladi.

Abu Rofiʼ aytadi: “Men: “Yo Rasululloh! Bizning bolalarimizda haqqimiz boʻlgani kabi, ularning ham bizda haqlari bormi?” deb soʻradim. Shunda u zot: “Ha, bolaning otadagi haqqi unga yozishni, suzishni, kamondan otishni oʻrgatishi hamda halol va pokiza narsalar berib tarbiyalashidir”, dedilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Taʼkidlash kerak, yoshlarimizning boʻsh vaqtlaridan unumli foydalanib, ularga kasb-hunarni oʻrgatishimiz – ayni muddaodir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnatkash va kasb-hunarli kimsalarni maqtab bunday deganlar: “Alloh taolo kasb-hunarli kishini yaxshi koʻradi” (Imom Termiziy rivoyati).

Abdulmajid ISʼHOQOVning

“Islomda yoshlarga munosabat” kitobidan.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish