340

Radikalizm xatari va uni bartaraf etishga qaratilgan usullar

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Radikalizm – muayyan shaxs yoki guruhning mavjud ijtimoiy, siyosiy va madaniy holatini tubdan va murosasiz oʻzgartirish istagidan iborat jarayondir. Radikallizm jarayonlari diniy yoʻnalishda ham kuzatilishi mumkin. Bunda shaxs oʻz diniy eʼtiqodini haq deb bilib, oʻzgacha eʼtiqodiy qarashlar va fikrlarga murosasiz va keskinlik asosida yondashadi hamda ularni zoʻrlik yoʻllari bilan oʻzgartirish tarafdori boʻladi. Bu holat koʻpincha jamiyatda mavjud turli diniy konfessiyalarlarga keskinlik bilan yondashish, bir din doirasidagi oʻzga mazhab yoki qarashlarni murosasiz inkor etish hamda ularni raqib sifatida qabul qilishda namoyon boʻladi.

Radikalizmning shakllanishiga sabab boʻluvchi omillar sirasiga quyidagilar kiradi:       

– bolalikdagi tarbiya tipi (avtoritar, ezuvchi, shubhali, nazorat qiluvchi, “oila kumiri” tipi boʻyicha yoki hech qanday nazoratsiz hamma narsaga ruxsat etilgan va boshqalar);

– shaxsning oʻziga xos xususiyatlari (oʻziga past baho berish, oʻzini tasdiqlashdagi ustuvor ehtiyojlar, nuqtayi nazari, gʻoyalari, psixologik himoya nevrotik mexanizmlari);

– keskin vaziyatlarda xulq-atvorning vayron qiluvchi, yemiruvchi va oʻziga qaratilgan strategiyasi;

– shaxsning buzilishi: tobe, xavotirli, oʻta mutakabbirlik. 

Psixologlarning taʼkidlashicha, yoshlardagi tajribasizlik va hissiyotga tayangan holda ish yuritishi, tashqi taʼsir natijasida ruhiy holatining oʻzgaruvchanligi; ruhiy tushkunlikka tez tushishi va ruhiy zarbalarga chidamsizligi; yaqinlari eʼtiboridan butunlay chetda qolishi; oʻta qiziquvchanlik hamda axborotlarni toʻlaqonli tahlil qilmaslik, ishonuvchanlik kabi qator omillar radikallashuv jarayoniga xizmat qilishi mumkin. 

Binobarin, radikal gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan yoshlar oʻz oila aʼzolari, yaqinlari, mahalla, koʻcha-koʻydagi tengdoshlarini ham mutaassib shaxsga aylantiradi. Shuningdek, yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishlari sabablari qatorida ularning bilimlari, shu jumladan, diniy ilmlarni egallashga boʻlgan qiziqish va intilishi hamda ishonuvchanligi, birdaniga va hamma narsaga (boylik, shon-shuhrat, martaba va hokazo) ega boʻlishga harakat qilishi, ilmiy tilda aytganda maksimalizm kabi maʼnaviy-ruhiy omillarni ham alohida ajratib koʻrsatish lozim. 

Bundan tashqari, yoshlarning radikalizm taʼsiriga tushib qolishi oiladagi moddiy qiyinchilik va yetishmovchilik, ishsizlik, kam taʼminlanganlik, alamzadalik, siyosatdan nororzilik kabi qator ijtimoiy holatlar bilan ham bogʻlanadi. 

Radikalizm gʻoyasidan qaytarish maxsus dasturiy ishlar asosida amalga oshirishi maqsadga muvofiqdir. Bundan dasturlarning asosiy tarkibiy qismlariga radikal gʻoyalar taʼsiriga tushgan shaxslar bilan kommunikativ harakatlar, suhbatlar, diniy munozara va koʻrsatmalar, tajovuzkor xatti-harakatlarning sababi deb qaralgan masalalar boʻyicha oʻzaro suhbatlar, psixolog va boshqa mutaxassislarning tavsiya va koʻrsatmalari kiradi. Deradikallashtirish jarayonlarining muvaffaqiyati quyidagi zaruriy shartlar asosida amalga oshirilishi lozim:

– mutaassiblashgan shaxsning asosiy ilgari surayotgan mafkurasini bilish va uning diniy-psixologik portiretini chizish;

– mutaassib gʻoyalarga ergashgan shaxsning diniy motivlarini tushunish;

– shaxsning kelib chiqqan jamiyatdagi muammolarini tushunish;

– ekstremistik aqidalarni aniqlash va radikalizm koʻrsatkichlarini aniq belgilab olish;

– diniy muloqotni yoʻlga qoʻyish;

– diniy taʼlim darajasini monitoring qilish;

– yoshlar bilan muloqot qila oladigan psixologik yordamlarni koʻrsatish qobiliyatiga ega mutaxassislarni jalb etish;

– yoshlar orasida doimiy ravishda buzgʻunchilik mafkurasi va xatti-harakatlarini qonunga xilof ekanligini tushuntirish va ularning salbiy oqibatlari haqida tushuntirishlar olib borish;

– kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy yordam va taʼminot tizmini yanada oshirish;

– mutassiblarni qayta ijtimoiylashtirishda ularning oilasiga yordam berish;

– diniy sohada obroʻli va malakali mutaxassislarni jalb etgan holda yoshlar va ayollar bilan diniy masalada ochiq muloqotlarni tashkil etish.

Shuningdek, mutaxassislar davlatning huquqiy, maʼmuriy jarayonlardagi izchil islohotlarni muntazam olib borishini ham mutaassib shaxslarning radikalizm gʻoyasidan qaytarishning qoʻshimcha shartlari sifatida eʼtirof qiladilar. Bunda radikalizmni oldini olish borasida kuchli davlat hokimiyati sharoitida dasturlarini ishlab chiqish va muvaffaqiyatli amalga oshirish talab etiladi. Sababi, ijtimoiy holati beqaror va kuchsiz davlatlar diniy radikalizm oʻchogʻiga aylanish tahdidi yuqori boʻladi. 

Davlat siyosatida barcha millatlarga bir xil munosabat boʻlishi lozim. Agar mamlakatda qandaydir bir alohida gʻoya, ayniqsa, diniy va milliy omillardagi mafkura ustun boʻlsa, radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va tashqi muhitda ham reabilitatsiya faoliyatini susaytiradi. Shuningdek, aholiga va dindorlarga nisbatan tashqi kuchlar tomondan amalga oshirilayotgan diniy, siyosiy taʼsirlarni cheklash hamda islomofobiyani oldini olish talab etiladi. Shuningdek, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini muntazam oʻrganib borish va respublikaning ijtimoiy holatidan kelib chiqqan holda ushbu tajribadan foydalanish ham radikallashuvning oldini olish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shukrullo JO‘RAYEV, 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish