147

Muqaddas dinimizga yuksak eʼtibor – tinchlik, xotirjamlik va taraqqiyot garovi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Oʻzbekistonning mustaqil taraqqiyot zamirida bosib oʻtgan yoʻli murakkab, shu bilan birga, sermazmun boʻlib, tarixan qisqa davrda aholisining aksariyatini musulmonlar tashkil etadigan koʻplab davlatlarga namuna boʻla oladigan darajada benazir va yutuqlarga boy boʻldi. Barcha soha va yoʻnalishlar qatori maʼnaviy hayotda amalga oshirilgan puxta oʻylangan, har bir oʻzbekistonlikning qadr-u qiymati, shon-u sharafini yuksaltirish maqsadlari bilan yoʻgʻrilgan siyosat ekani yaqqol koʻzga tashlandi.

Keyingi yillarda bu sohada izchillik bilan amalga oshirilayotgan taraqqiyot strategiyasining oʻziga xos muhim xossalaridan biri bu xalqimizning milliy maʼnaviyatini muqaddas islom dini va uning asriy qadriyatlari bilan bevosita bogʻliq holatda roʻyobga chiqarilayotganligidir. Dinning huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyatida tutadigan oʻrni va mavqeidan kelib chiqib, bu sohada mustahkam qonunchilik poydevori yanada takomillashtirilib, hozirgi davrda jahon siyosiy maydonida yuz berayotgan murakkab siyosiy-ijtimoiy jarayonlar, dunyo geostrategik manzarasining jadal oʻzgarib borayotgani kabi muhim omillar ham unda oʻz inʼikosini topgan.

So‘nggi yillarda yurtimizda jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida, jumladan, din bilan bogʻliq sohalarda ham taʼsirchan ijobiy oʻzgarishlar roʻy berar ekan, uning harakatga keltiruvchi, oʻta muhim yoʻnalishlarini belgilovchi omillar qatoriga davlat rahbarining din sohasini erkinlashtirish borasida maqbul izchil siyosat olib borilayotgani, aholi turli qatlamlarining diniy ehtiyojlarini toʻgʻri va maʼqul darajada qondirish, millatimizga xos boʻlgan dinlararo bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganini taʼkidlash darkor. Muhimi shuki, jamiyatda dinlar va millatlararo totuvlik hamda bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha Oʻzbekistonda yigʻilgan tajriba dunyoning koʻp davlatlarida jamoatchilik, bu sohaning taniqli ekspert va mutaxassislari diqqat markazida boʻlmoqda va ularni bu fenomenni tadqiq etishga ragʻbatlantirmoqda.

Jahonning ayrim mintaqalarida diniy omillar sababli oʻta ziddiyatli siyosiy-ijtimoiy vaziyatlar vujudga kelayotgan bir sharoitda yurtimizning xalqaro munosabatlarda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlashga asoslangan serqirra “oʻzbek modeli”ni oʻrganishga ragʻbatning oʻsib borishi Oʻzbekistonning musulmon dunyosidagi oʻziga xos maqomining qanchalik muhimligidan dalolat beradi.

Shu bois, Oʻzbekistonda dinga munosabatidan qatʼiy nazar, mamlakatning har bir fuqarosi vijdon va din erkinligiga, uning teng huquqliligini taʼminlashga qaratilgan mukammal qonunchilik bazasi mavjudligini yana bir taʼkidlash joiz. Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy normalari fuqarolarning biror-bir dinga eʼtiqod qilish yoki qilmaslik huquqini kafolatlaydi. Shu bilan birga, biror din yoki mazhabning boshqalarga nisbatan har qanday koʻrinishdagi ustuvorligi yoki cheklovlarini oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi. Milliy qonunchiligimizda davlat tomonidan har bir konfessiya bilan oʻzaro munosabatlar diniy tuygʻularni hurmat qilish, diniy eʼtiqodni fuqarolarning shaxsiy ehtiyoji sifatida eʼtirof etish, dindan gʻayriqonuniy maqsadlarni amalga oshirish uchun foydalanishga yoʻl qoʻymaslik, fuqarolarning har qanday dinga eʼtiqod qilishi yoki hech bir dinga eʼtiqod qilmasligidan qatʼi nazar teng huquqliligini taʼminlash, ularni taʼqib qilishga yoʻl qoʻymaslik kabi tamoyillarga asoslanishi ham aniq belgilab qoʻyilgan. 

Maʼlumki, Oʻzbekistonda din hamisha ijtimoiy madaniyatning ajralmas va muhim qismi sifatida talqin qilinib, u xalq maʼnaviyatini yuksalishiga koʻmaklashuvchi muhim omildir. Umuman olganda, diniy eʼtiqod erkinligi gumanistik madaniyatning eng buyuk yutugʻi hisoblanib, u Oʻzbekiston misolida toʻliq oʻz aksini topgan. 

Davlati rahbarining maʼrifiy islomni tiklash va targʻib etish, bu boʻyicha bebaho va benazir ilmiy asarlar yaratgan buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosini oʻrganish hamda ommalashtirishga doir amaliy tashabbuslari mamlakatimiz aholisining turli qatlam vakillari hamda dunyo jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olinmoqda, bu esa maʼrifiy islom gʻoyalarini targʻib qilish boʻyicha Oʻzbekiston dunyoga ibrat boʻlguvchi maqomni saqlab kelayotganini isbotlaydi.

Bu voqelik Oʻzbekistonda muqaddas islom dinimizga boʻlgan yuksak eʼtibor va ehtiromning amaliy isboti boʻlib, dinga haqqoniy munosabat yangi Oʻzbekistonni barpo etish kabi xayrli strategiyaning uzviy va chambarchas qismi sifatida beminnat xizmat qilishi muqarrardir.

Shoislom AKMALOV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti,

siyosiy fanlar nomzodi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish