182

Yoshlarni ijtimoiy illatlardan asrash – bugungi kun talabi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Mafkuraviy ziddiyatlar avj olgan bugungi globallashuv davrida internet va ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan tahdidlar tobora ko‘proq namoyon bo‘lib bormoqda. Afsuslanarlisi, buning natijasida ayrim yoshlar orasida ommaviy madaniyatga ergashish, axloqsizlik, jinoyatchilik yo‘liga kirish, kashandalik, giyohvandlik, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, o‘z joniga qasd qilish, milliy va diniy qadriyatlarga hurmatsizlik, ekstremizm va radikalizm kabi ijtimoiy illatlarga berilish holatlari kuzatilmoqda.

Bugungi kunda ijtimoiy illatlar ijtimoiy-ma’naviy muhitni izdan chiqarishga, inson naslining buzilishiga, uning insoniylik chegarasidan chiqib, hayvoniy qiyofa kasb etishiga qaratilgani bilan o‘ta xatarli tahdidlar sirasidan hisoblanadi. Bunday illatlarga qarshi kurashish, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodni tashqi tahdidlar ta’siridan asrab-avaylash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlarni Vatanga sadoqat, ota-onaga hurmat ruhida, milliy va diniy qadriyatlarimizga hamohang tarbiya topishlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 15-iyun kuni “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusida bo‘lgan o‘tgan anjumanda so‘zlagan nutqida ijtimoiy-ma’naviy sohani yanada rivojlantirish, oila, mahalla va butun jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayot va islom dinining pokligini asrab-avaylash dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga e’tibor qaratdi.

Ushbu o‘rinda muqaddas dinimizning manbalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qator oyat va hadislarda inson uchun xos bo‘lmagan har qanday salbiy illat, buzg‘unchilikning har qanday ko‘rinishi qat’iy qoralanganini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, “Baqara” surasining 60-oyatida “Allohning rizqidan yeb-ichinglar, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!” deyilgan. Hadisi shariflarda esa qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermaydigan kishigina haqiqiy musulmon hisoblanishi ta’kidlanadi. Islom ta’limotiga binoan, jamiyat yomonlik va buzg‘unchilikning har qanday ko‘rinishidan xoli bo‘lishi, diniy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishi hamda irqidan qat’i nazar, jamiyat ichidagi insonlarning jipsligi, o‘zaro hamkorlik va bag‘rikenglikka asoslangan hayoti ustiga qurilgan bo‘lishi lozim. 

Hozirgi vaqtda yoshlarni turli ijtimoiy illatlar, xususan, ekstremizm va terrorizm ta’siridan asrab-avaylashning eng muhim omillaridan biri bilim hisoblanadi. Yoshlar qanchalik bilimli bo‘lsa, ularning adashib yot yo‘llarga kirib qolishlari ham shunchalik kam kuzatiladi. “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu g‘oyasining asosiy mohiyati ham shundan iborat. Shu bilan birga, bugungi kunda yoshlar bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishlari maqsadida jamoat ishlariga, fan va kasb-hunar to‘garaklariga, ma’naviy-ma’rifiy hamda san’at tadbirlariga, sport musobaqalariga jalb etish orqali ularni ham jismonan, ham ma’nan, ham ruhan yetuk va sog‘lom shaxs bo‘lib kamol topishlariga erishish mumkin.

Alloh insonni yaratib, sog‘lom aql orqali uni boshqa maxluqotlardan farqlantirib, aziz va mukarram qilib qo‘ydi. Aql esa insonga oq-qorani, yaxshi-yomonni ajratish uchun berilgan in’om hisoblanadi. Shunday ekan, har bir inson, ayniqsa yurt kelajagi uchun mas’ul bo‘lgan yoshlar aql kuchini Vatan taraqqiyoti, jamiyat ravnaqi, umuminsoniy manfaatlarga yo‘naltirishi lozim. Alloh taolo tomonidan berilgan aqlni buzg‘unchilik ishlariga sarflash, undan noto‘g‘ri foydalanish esa islom ta’limotiga butkul zid ish hisoblanadi. 

Shuni ta’kidlash lozimki, yoshlar uchun, eng avvalo, ularning ota-onalari mas’ul hisoblanadilar. Zero, farzandga go‘zal tarbiya berib, uni bilimli inson, jamiyat uchun foydali mutaxassis qilib yetishtirish islom ko‘rsatmalarida o‘z aksini topgan. Shu bois, ota-onalar doimo farzandlarining nima ishlar bilan mashg‘ulligini nazorat qilib, uning maktabdagi o‘qishi, atrofdagilar bilan munosabatlari, qiziqishlari haqida suhbatlashi turishlari tavsiya qilinadi. 

Buyuk jadid bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir. Bugungi po‘rtanali dunyoda tarbiya, ayniqsa, muhim va dolzarb masalaga aylangan. 

Aziz TOJIYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish