195

Islom dini mutaassiblikni qoralaydi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Islom faqat diniy ahkomlardangina iborat bo‘lgan din emas, balki u jamiyat ma’naviyati va ma’rifatini shakllantiruvchi hamda kamolga yetkazuvchi, jumladan, uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma’naviy talablarini qondiruvchi ta’limotdir. Ammo islomiy arkonlarning ijrosi barobarida inson diniy ilmsizlik sababli, ko‘pgina muammolarga duch kelishi tabiiy holdir. Mana shu muammolardan biri mutaassiblik va dinda chuqur ketishdir.

Shariatimiz diniy mutaassiblikka va dinga chuqur berilishga doimo qarshi bo‘lgan. Muqaddas dinimizning asl manbalari hisoblangan Qur’ondagi oyati karimalar va Sunnadagi hadisi shariflarda dindagi bu bid’atlar qattiq qoralangan. Chunki bu ikki illat turli zamonlarda har xil nomlar ostida dinimizga tasvirlab bo‘lmas darajada zarar yetkazgan, bu hol hozir ham har xil jarangdor nomlar va shiorlar ostida davom etmokda.

Xo‘sh, diniy mutaassiblik, dinda chuqur ketishning o‘zi nima? Dinimizning mazkur ikki illatga munosabati qanday?

Mutaassiblik – uning lug‘aviy ma’nosi biron e’tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat’iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishdir. Hozirgi vaqtda bu “fanatizm” ham deyiladi. Mutaassib (fanat) kishi ko‘r-ko‘rona xoh to‘g‘ri, xoh noto‘g‘ri bo‘lsin, o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zining fikrini haq, boshqalarning fikrini esa nohaq deb e’tiqod qilgan holda o‘z fikrini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.

Dinda g‘ulu (g‘uluv) ketish – “dinda chuqur ketish, diniy arkonlar va ibodatlarni bajarishda haddidan oshish, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib, noto‘g‘ri yo‘lga burilish” ma’nolarini anglatadi.

Oysha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadis buning dalilidir: 

“Bani Asad qabilasiga mansub bir ayol huzurimda o‘tirgan edi. Shu payt Rasululloh sallallohu alayhi vasallam uyga kirib kelib: “Bu ayol kim – deb so‘radilar. “Bu o‘sha, kechasi uxlamay namoz o‘qib chiqadigan ayol”, – dedim. So‘ng, mazkur ayolning ko‘p namoz o‘qishi haqida so‘zlashdik, Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Bunday qilmanglar, solih amallarni qurbingiz yetganicha ado etinglar, qancha ibodat qilsangiz ham Alloh taologa malol kelmaydi-yu, biroq o‘zingizga malol kelib qolmasin!”, dedilar”.

Hadisdan ma’lum bo‘ladiki, har bir insonga dinda chuqur ketishdan yohud mutaassibona bironta farz qilinmagan amalni o‘ziga vojib qilib olib, so‘ng bajarolmaydigan holatga tushib qolgandan ko‘ra, moʻtadillik, ya’ni vasatiylik yo‘lini tanlab solih amallarda mudom bo‘lishi a’loroq va yaxshiroq ekan. 

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mazkur hadis orqali dinda chuqur ketishning oqibati yaxshi bo‘lmasligini ma’lum qilib, ibodatga oid amallardan toqat yetadiganini olishga buyurganlar. Jumladan, ibodatlarning shartlarini bajarishda ham g‘ulu ketish dinimizda qattiq qoralanadi. Masalan, tahorat va g‘uslda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ko‘rsatilgan me’yordan ortiq suv ishlatishni ulamolarimizning ayrimlari “isrof” desa, ba’zilari “g‘ulu”ning bir ko‘rinishi deb ham aytganlar. 

Shuningdek, g‘ulu amali insonning yeb-ichishi, kiyinishi va hatto kafanlanishida ham mavjuddir. Zero, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: (Mayyitni) kafanlashda haddingizdan oshmanglar , deb buyurganlar.

Aslida, Alloh taboraka va taolo tomonidan nozil qilingan muqaddas dinimiz – islomning asosini tashkil qilgan amallar bandalarning toqatidan kelib chiqqan holda farz qilingan, ya’ni moʻtadillik va bag‘rikenglikka asoslangandir.

Ulug‘bek RAHMATULLAYEV, 

Uchqo‘rg‘on tumani “Abdulhamidxoji Abdurahmon o‘g‘li”

jome masjidi imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish