134

Ikki haram imomining o‘ta muhim gapi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Abulmaoliy Abdulmalik ibn Abdulloh al-Juvayniy (419-478-h./1028-1085-m.) rahmatullohi alayhi muborak ikki haram joylashgan Makka va Madina shaharlarida fatvo berish bilan mashg‘ul bo‘lib, “Imom al-haramayn” (“Ikki haramning imomi”) degan faxrli unvonga ega bo‘lganlar. 

U zot ulug‘ olim “Ehyo ulum ad-din” va “Kimyoi saodat” singari asarlarning muallifi “Islom hujjati” bo‘lmish Imom al-Gʻazzoliy rahimahullohning ustozi bo‘ladilar. Islom tarixidagi eng mashhur “Nizomiya” madrasasi Imom al-haramayn rahmatullohi alayhi uchun maxsus barpo qilinib, uning birinchi bosh mudarrisi bo‘lganlar. E’tiqodda ash’ariy ta’limotli, fiqhda shofe’iy mazhabida bo‘lgan bu buyuk olimning bunday gaplari juda mashhurdir:

“Birgina shubha bilan bitta kofirni islomga kiritganim, ya’ni musulmon deb hisoblashim mingta shubha bilan biror kimsani islomdan chiqarganimdan, ya’ni kofir deganimdan ko‘ra yaxshiroqdir!”.    

Takfir – musulmonlarni kofirga chiqarish og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom al-haramayn rahimahullohning mazkur gaplari moʻmin-musulmonlarni kofirga chiqaradigan, ularni aybi va gunohi sababli kofir deydigan, qat’iy harom bo‘lmagan bir makruh ishni bilar-bilmas qilib qo‘ygan musulmonlarni ham kufr va shirk ishni qilayotgandek ko‘rsatuvchi, musulmonlarning boshliqlari va rahbarlarini kofir deb e’lon qiladigan va hatto musulmonlarning imom va ulamolarini ham kufrda ayblaydigan bugungi kunning takfirchi noshud kimsalariga tanbeh va ogohlantirishdir! Musulmon sifatida tanilgan, namoz o‘quvchi yoki musulmonlikning biror bir ishini omma oldida qilib turgan kimsalar to‘g‘risida, u qanchalik yomon bo‘lmasin, qanchalik yomon ishni qilayotgan bo‘lmasin, nohaq kufr va shirk ishni qilishda ayblab bo‘lmaydi, kofir va mushrikka chiqarish mumkin emas!

Eshiting! Ey, siz – har bir ishdan shirk izlarini izlovchi shirktalablar! Ey, siz – bugungi musulmonlarning har bir ishini harom deyuvchi haromgo‘ylar! Ey, siz – shimining poychasi ozroq pastga tushib qolgan bir ixlosli moʻminni-da, ozgina qaysidir gunohni bilar-bilmas qilib qo‘ygan bechorani-da “Do‘zaxiysan!”, deb ma’yus qilishga ustasifarang do‘zaxkashlar! Ey, siz – har bir urf-odatni bid’atga chiqaruvchi bid’atandozlar! Ey, siz – har bir ish yoki gapdan kufr yasovchi kufrsozlar! Ey, siz – ming yillik islom tarixining va million-million musulmonlarning ustidan buyruq yozuvchi fatvobozlar! Eshiting!

Bular sizning chala ilmingiz va noqis aqlingiz bilan bilinadigan narsa emas; bu qaysidir oqibati noma’lum odamingizning, ustozining ma’lumi yo‘q, juda ko‘p o‘qigan bo‘lsa uch-to‘rt yil ixlossiz ravishda borib-kelib yurib, o‘zicha kitob ko‘rib, so‘ng bir aylanib “ustoz” va “musannif” bo‘lib olgan kimsangizning kitobidan yulib olgan sizning iqtibosingiz bilan belgilanadigan narsalar emas, balki bular – musulmonlarning rabboniy ulamolarining, ha-ha, o‘n yillab, yigirma-o‘ttiz yillab ustozlari oldida tizzama-tizza o‘tirib ilm olgan haqqoniy olimlarning ittifoqi bilan aniqlanadigan narsalardir. Odamlarni hadeb shirk va kufrda, harom-harish ishni qilayotganda ayblayvermang!

Eshiting! Islom odamlarni qo‘rqituv va nafratlantiruv dini emas! Alloh taolo o‘zi yaratgan, o‘zi mehribonchilik bilan rizq-u ro‘z berayotgan, imon va islom ne’mati bilan sharaflantirgan moʻmin-musulmon bandalarining hisobiga to‘lg‘azish uchun do‘zaxni yaratgan emas! Yo‘q! Ey, siz – musulmonlarni do‘zaxga tiqishni xohlayotgan noshudlar! Allohimga qasamki, birgina “La ilaha illalloh!” kalimalari ila ular siz qo‘rqitayotgan do‘zaxdan qutilib qolgusidirlar! Bugungi moʻmin-musulmonlar garchi amalda eng nuqsonli bechoralar bo‘lsa-da, eng ko‘p gunoh ishlarni qilayotgan ummat bo‘lsa-da, biroq ular aytayotgan “La ilaha illalloh!” kalimalari siz tomondan otilayotgan shirk o‘qlarini va kufr nayzalarini qaytarishga qodirdir! Ularning birgina aytgan va kamtarona kalimalarini sizning harom qilichlaringiz va bid’at pichoqlaringiz yo‘q qila olmas! Sizning bu chala ilmingiz va noqis aqlingizga ko‘ra qo‘yayotgan talablaringiz hatto birinchi navbatda o‘zingizni ham moʻmin-musulmonlik doirasidan chiqarib qo‘yishini unutmang! Allohimga qasamki, sizning “La ilaha illalloh!” kalimalarini baqadri hol aytib yurgan bechora musulmonlarning ustidan chiqarayotgan hukmlaringiz ularning hayotlarini barbod qilgusi, vatanlarini vayron etguvsi, tinchliklarini va farovonliklarini buzguvsi, ittifoqliklariga putur yetkurguvsidir. Biz aslo bunga rozi emasmiz!

Ha, Imom al-haramayn rahimahulloh aytganlaridek, birgina shubha bilan biror kofir bo‘lib tanilgan kimsani moʻmin-musulmon deb hisobga olish birorta moʻmin-musulmon bo‘lib tanilgan kimsani mingta shubha bilan kofir deb atagandan ko‘ra yaxshiroq, afzalroqdir! Ha, mingta shubha bo‘lsa-da, bitta moʻmin-musulmon kimsani kofir, deb e’lon qilgan juda og‘ir gunohdir!

H.Beruniyning “Ixtilofli masalalarning yechimlari” kitobidan olindi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish