173

Elga xizmat – oliy himmat

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Muqaddas dinimizda ham har bir mo‘min-musulmon kishi dunyo hayotida farovon yashashi va Alloh bergan rizqini halol yo‘llar bilan topishi uchun mehnat va harakat qilishi kerakligi bayon etilgan. Chunki inson doimo hayoti uchun zarur bo‘lgan uy-joy, ulov, oziq-ovqat, ro‘zg‘or anjomlari va kiyim-kechakka ehtiyoj sezadi. Bularning barchasi kasb-hunar va mehnat qilish orqali hosil bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: 

“U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qilingiz! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir” (Mulk surasi, 15-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mehnatkash va kasb-hunarli kimsalarni maqtab shunday deganlar: “Alloh taolo kasb-hunarli kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Termiziy rivoyati).

Kishi o‘zga yurtdan o‘z yurtidagi mo‘min-musulmonlarning ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni jalb qilishi savobli ishlardan ekani haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Jalb qiluvchi – rizqi mo‘l, “ehtikor qiluvchi” – Allohning rahmatidan uzoqdir” (Imom Ibn Moja va Imom Dorimiy rivoyati).

Hadisdagi “Jalb qiluvchi” kishi – boshqa yurtdan o‘z yurtiga kerakli narsalarni olib keluvchi tadbirkor insondir. Demak, bunday kishining rizqi ulug‘ bo‘ladi. “Ehtikor qiluvchi” kishi esa – o‘z yurti bozoridan eng kerakli narsalarni sotib olib, biroz muddat ushlab turib, sun’iy ravishda narxini orttiruvchi monopoliyachi kishidir. Unday kishi esa rizq beruvchi Zotning rahmatidan uzoqdadir. Chunki u aholini noiloj holga qo‘yib, o‘zi ishlab chiqarmay yoki boshqa hududdan mahsulotlar olib kelmay foyda topishga uringan, oddiy xalq hisobiga boylik orttirishga o‘tgan kimsadir.

Davlatimiz rahbari murojaatlarida ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish haqida bir qancha dolzarb masalalarni gapirib shunday dedilar: “Aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlar va oilalarning daromadini oshirish lozim. Pensiya va nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqish, pensiya tizimini tubdan isloh qilish zarur”.

Davlatimizning ijtimoiy himoya borasida olib borayotgan siyosati hazrati Umar raziyallohu anhuning bu boradagi olib borgan ishlariga muvofiq keladi.

Hazrati Umar raziyallohu anhu kunlarning birida yo‘lda tilanchilik qilib o‘tirgan bir qariya yahudiydan “Nima uchun tilanchilik qilyapsiz?” deya so‘radilar. Haligi yahudiy: “Jizya to‘lash uchun mol yig‘yapman”, deb javob qildi. Hazrat Umar raziyallohu anhu: “Biz sizdan yoshligingizda jizya olib, endi qarib-keksayib qolganingizda tilanchilik qilishga tashlab qo‘yibmiz-ku! Yo‘q, Alloh haqqi, sizga, albatta, nafaqa beramiz”, dedilar va qariyaga bundan oldin tilanchilikdan tushgan narsalarini egalariga qaytarishini buyurdilar va o‘sha ondan boshlab barcha islom o‘lkalariga u yerda yashaydigan barcha yahudiy va nasorolarning qariya va nogironlari, bolalari va ayollariga moddiy yordam berilsin, deb amr qildilar (Imom Ibn Zanjaviyyaning “al-Amvol” kitobidan).

Musulmonlarga yordam qilib, ularning hojatini chiqarish iymon keltirish kabi savobli ishlardan ekanligi haqida Ibn Hajar Asqaloniy o‘zining “Munabbihot” kitobida quyidagi rivoyatni keltiradi: “Ikki xislat borki, ulardan afzal narsa yo‘q: Allohga iymon keltirish va musulmonlarga foyda keltirishdir. Ikki xislat borki, ulardan yomonroq narsa yo‘q: Allohga shirk keltirish va musulmonlarga zarar yetkazishdir”.

Darhaqiqat, dinimiz insonparvar, yaxshilik dini bo‘lib, doim insonlarga manfaat yetkazish va yaxshilik qilishga chorlaydi. Shunday ekan, mo‘min kishi doim xalq xizmatida bo‘lishga harakat qiladi hamda xalqqa naf yetkazish, dardiga malham bo‘lishni o‘ziga sharaf deb biladi.

Sahobai kiromlar bunga yaqqol misol bo‘ladilar:

“Madina shahrining tashqarisida yoshi ulug‘, ko‘zi ojiz bir kampir bor edi. Hazrati Umar raziyallohu anhu har kuni ertalab o‘sha kampirning yumushlarini qilib kelardilar. Bir necha kundan keyin, o‘zlaridan avval kimdir kelib uy yumushlarini qilib ketayotganini payqab qoladilar. Buni aniqlash uchun tahajjud namozini o‘qiboq, bomdoddan oldin kelib ko‘rsalar hazrati Abu Bakr raziyallohu anhu ko‘zi ojiz keksa onaning uy yumushlarini qilib, uyni saromjonlab, ohistalik bilan chiqib ketayotgan ekanlar”. 

Mana shunday tarzda sahobalar yaxshilik qilish borasida musobaqalashar edilar. Alloh taolo Qur’oni karimda “Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o‘zishga oshiqingiz”! (Baqara surasi, 147-oyat). Shunday ekan, oxiratimiz uchun zaxira bo‘ladigan savobli ishlarda musobaqalashaylik!

Dinimizda kishi o‘zganing hojatini chiqarsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning hojatini ravo qiladi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Kim o‘zganing hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Allohga shukrlar bo‘lsinki, bugungi kunda davlatimiz rahbari boshchiliklarida barcha soha vakillariga, xususan, tadbirkorlar, tijoratchilar va investisiya kirituvchilarga nihoyatda katta imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. “Bir mo‘min-musulmon men sababli ishli bo‘lib qolsin”, deydigan g‘ayratli kimsalarga barcha xayrixoh insonlar rahmat va tasannolar aytmoqda. Shunday ekan, har birimiz yurtimizda olib borilayotgan islohotlardan unumli foydalanib, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lida jonbozlik qilmog‘imiz darkor. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasos surasi, 77-oyat).

Alloh taolo dunyodagi barcha narsalarni insonning foydasi uchun yaratdi. Shunday ekan, inson ham shuncha imkoniyatlardan foydalanib Allohning buyruqlarini bajarmasligi insofsizlik bo‘ladi.

Islomshunoslik fakulteti

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish