173

Mazhabsizlik g‘oyasining salbiy oqibatlari

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Musulmonlarning orasida hidoyat yo‘lidan adashmagan, moʻtadil va bag‘rikeng, musaffo e’tiqodli, pokiza diyonatli, Navoiy ta’biri bilan aytganda “dili pok-u, tili pok” yo‘nalish sifatida aynan sunniylik e’tirof etilgan. Zero, dil va til birligi sunniylik asosini tashkil etadi. 

Musulmon kishi dunyo va oxirat saodatiga erishmog‘i uchun aqidada ham, fiqhda ham sunniylikdagi biror-bir mazhabga mansub bo‘lmog‘i zarurdir. Lekin hamma ham bu haqiqatni birdek tan olmaydi. Tarixda ham, hozirda ham moʻmin-musulmonlarni turli adashgan firqalarga chorlash holatlari uchrab turgani, bu holat hatto mazhablarni inkor qilishga olib kelgani ma’lum. Shuning uchun islomning mohiyatini to‘g‘ri anglagan olimlar, ta’bir joiz bo‘lsa, sohaning zabardast mutaxassislari to‘rt mazhabdan biriga ergashish lozim ekanini ta’kidlashgan va mazhablarni inkor qiluvchilarga ilmiy asosda raddiyalar berishgan.

Mazhabsizlik – sunniylik mazhablaridan biriga ergashish lozimligini inkor qilish va musulmon kishida mazhabga ergashish majburiyati yo‘qligina da’vo qilishdir. Bu arab tilida “lomazhabiya” iborasi orqali ifoda etiladi. Mazhabga ergashishni arab tilida “tamazhub” deyiladi. Mazhabsizlik g‘oyasi XVIII asrning oxiri va XIX  asrning boshida Misrda boshlangan va keyinchalik musulmon dunyosiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan islohotchilik harakati bilan bog‘liqdir. 

Ta’kidlash joiz, mazhabsizlik g‘oyasi ilk kurtak yozgan paytlardanoq zamon ulamolarining tanqidi va ta’qibiga uchradi. “Ahli sunna val-jamoa”ning taniqli olimlari mazkur salbiy illatga qarshi raddiyalar bitdilar. Ulardan biri Imom Muhammad Zohid Kavsariydir. Hanafiy mazhabi namoyandasi, sunniylik aqidasi himoyachisi bo‘lgan alloma Kavsariy 50 dan ortiq asarlar muallifi bo‘lib, o‘zining kitob, risola va maqolalarida islom ta’limotining asl mohiyatini asoslab berdi va uni  bid’at va zalolatdan himoya qilish uchun bor salohiyatini sarfladi. Allomaning 55 maqoladan tashkil topgan va ko‘pchilik ulamolar e’tirofiga sazovor bo‘lgan “Kavsariy maqolalari” asarining bir maqolasi “Mazhabsizlik dinsizlikka ko‘prik” deb nomlanadi. Mazkur maqolada sunniylik mazhablarning har biriga sahoba va tobe’iynlarning chinakam izdoshlari tomonidan asos solingani ilmiy asosda, aniq dalillar vositasida bayon qilinadi. Unda jumladan shunday deyiladi: “Bugungi kunda mazhablarni inkor qiluvchilar Islom avvalidan to hozirgacha yashab o‘tgan mazhab asoschilari va mazhabga ergashgan mujtahidlarni xato qilgan deb hisoblab, ularni musulmonlarning bo‘linishlar va ixtiloflari sababchilari deb topib, o‘zlarini o‘tgan mujtahidlarning xatolarini aniqlovchilari va tuzatuvchilari deb bilsalar, bu johillik va g‘ofillikning eng yuqori nuqtasidir”. 

Bugun ham o‘zini islom islohotchilik harakati vakillari deb hisoblaydigan ayrim shaxslar tomonidan mazhabsizlik g‘oyasi targ‘ib etilmoqda. Ko‘zga ko‘ringan ulamolar tomonidan mazhabsizlik g‘oyasi qattiq tanqid qilinadi. Masalan, suriyalik mashhur olim Shayx Muhammal Sa’iyd Ramazon Butiy (1920-2013), Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1952-2014), Yusuf Qarzoviy (1926-yilda tug‘ilgan) kabilar mazhabsizlik g‘oyasiga qarshi asarlar bitganlar. Ramazon Butiyning “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir” asari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Shuningdek, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Mazhablar – birlik ramzi” kitobi ham ayni mavzuga doxildir. 2000-yil Rossiya muftiylar Kengashi to‘rt fiqhiy mazhabni inkor qilishni radikalizm va ekstremizm belgilaridan ekanini e’tirof etdi. 

Sababi, islom dinining mohiyati uning mazhablarida ifodalab berilgan. Mazhabsizlik islomning asl ta’limotidan uzoqlashishdir, binobarin, islomdan uzoqlashishdir. Bir dinning asl ta’limotidan yiroq bo‘lish, oqibatda  shu dindan judo bo‘lishga, ya’ni  dinsizlikka olib boruvchi yo‘l ekani olimlar tomonidan e’tirof etilgan.   

Olimlar va faqihlarning asrlar davomida Qur’on hamda sunnat ma’nolarini ommaga tushuntirib berish yo‘lidagi tinimsiz mehnatlari sabab mazhablar, ya’ni islom ta’limotidagi asosiy yo‘nalishlar yuzaga keldi. Mazhablar mohiyati va ahamiyatini mantiq hamda tafakkur asosida quyidagicha izohlash mumkin.

Temirdan asbob-uskuna yasashni boshlagan inson zamonlar o‘tib bugun undan samolyot yasamoqda va samoda yer yuzi bo‘ylab sayohat qilmoqda, tezyurar poyezdlarda qisqa muddatda shaharlararo qatnamoqda. Endi bir odam shuncha mutaxassisning mehnatini inkor qilib, men o‘z tafakkurim bilan poyezd yoki samolyot yasashni qaytadan kashf etaman va oldingilaridan zo‘r qilib, mutlaqo boshqacha shaklda yasayman, ularda ishlatilgan texnologiyalarning birortasini ishlatmayman va o‘zim yasagan jihoz bilangina osmonga uchaman yoki uzoqlarga qatnayman desa to‘g‘ri bo‘lmaydi. Mazhablarni inkor qilish ham xuddi shuning o‘zi. 

Tayyor pishirilgan nonni yemay, har bir odam o‘zi uchun bug‘doy ekib, o‘rib, tegirmondan o‘tkazib, tandir qurib, xamir qorib, non yasab, pishirib, undan keyingina yeyishi mantiqsiz. Har bir inson o‘zi mazhab tuzaman deyishini mutaxassislar elektrni qaytadan kashf qilish yoki velosipedni qayta ixtiro qilishga mengzaganlar. 

Yuzlab olimlar necha zamonlardan beri mehnat qilib, islom ta’limotini sodda shaklda bayon qilib bergan bir davrda, yetarli ilmga ega bo‘lmay turib,  Qur’on ma’nolari, hadisi shariflar hukmlari, sahoba va tobe’inlar fatvolari kabi g‘oyat serqirra va purma’no manbalardan mustaqil fatvo izlash asossizdir. Zero, dunyoning taniqli olimlari sunniylikdagi mazhablarning to‘g‘ri ekaniga ittifoq qilganlar va ularning bu masalada yakdil fikrda ekani  bir yo ikki emas, qariyb o‘n uch asrdan beri davom etib kelayotgani ma’lum. Endi, ilmiy asoslangan maktablar – mazhablarni inkor qilib, o‘zgacha yo‘lni taklif qilayotganlar ustida tafakkur qilinsa, ularda muvayyan g‘araz borligi ko‘zga tashlanadi. 

Saidafzal SAIDJALOLOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish