218

Radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashda Oʻzbekiston tajribasi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Bugungi kundagi globallashuv sharoitida hamda xalqaro yoki mintaqaviy miqyosda yuzaga kelayotgan nizoli vaziyat va mojarolarning mavjudligi holatida ekstremizm, radikalizm va terrorizm singari buzgʻunchi mafkuralarga qarshi kurashish masalasi kun tartibidagi dolzarb mavzular sirasiga kirmoqda. Bunga ekstremistik va radikal gʻoyalar taʼsiriga tushib qolayotgan insonlarning aksarini yoshlar tashkil qilayotgani va ularning son jihatdan ortib borayotganini sabab qilib koʻrsatish mumkin. 

Bugun ekstremizm va terrorizm kabi vayronkor gʻoyalarni yoqlaydigan jamoa va tashkilotlarning aʼzolari tomonidan zamonaviy axborot vositalaridan foydalanib, din niqobi ostida yoshlarimizni zoʻravonlikka, milliy oʻzlik va oilaviy qadriyatlarni yoʻqotishga undash harakatlari bilan jamiyatda murosasizlik, buzgʻunchilik va radikal qarashlarning tarqalishi harakatlari davom etayotganini kuzatish mumkin. Bunday harakatlar zamirida esa terrorchi tashkilotlarning oʻz safini yanada kengaytirish maqsadlari borligi namoyon boʻlmoqda.     

Shu sababli, muqaddas dinimizda qoralangan, qadriyatlarimizga zid boʻlgan va anʼanalarimiz qabul qilmaydigan radikalizm, ekstremizm va terrorizm kabi illatlardan yoshlarimizni asrash, ularning tarqalishiga xizmat qilayotgan har qanday faoliyatga chek qoʻyish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilash, bu borada milliy va xalqaro tajribalardan foydalanish davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan hisoblanadi. 

Taʼkidlash lozimki, dunyo mamlakatlarida tahdidlarni oldini olish boʻyicha turli yoʻnalishlar va tadbirlar jarayoni amalga oshiriladi. Xususan, Oʻzbekistonda hukumatimiz tomonidan tegishli ishlar tashkil qilingan. Bu borada aholi, ayniqsa, yoshlar orasida radikalizm va ekstremizm gʻoyalarining tarqalishini oldini olishga qaratilgan oliy darajadagi hujjatlarni qabul qilish orqali belgilanib berilganini kuzatish mumkin.

Jumladan, 2023-yil 28-fevraldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat Dasturining 82-maqsadi “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish” deb nomlandi. Mazkur yoʻnalish doirasida yosh avlodda ekstremizmga qarshi kurashishda qatʼiy va barqaror immunitetni shakllantirish yuzasidan tadbirlarni tashkil etish vazifasi manfaatdor idoralar zimmasiga yuklatildi. Buning amaliy ifodasi sifatida “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, dinlararo va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, terrorizm va ekstremizm gʻoyalariga qarshi kurashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari, yurtimizdagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining malakali xodimlarini jalb qilgan holda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlar oʻtkazilmoqda. Targʻibot tadbirlari respublikaning davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla fuqarolari yigʻini hamda davlat va nodavlat tusidagi oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasasi vakillari uchun tashkil etilmoqda. 

Mazkur tadbirlar doirasida 100 dan ortiq oliy taʼlim muassasalarining talabalari orasida islomga yot boʻlgan gʻoyalar, buzgʻunchilik qarashlari va umuminsoniy qadriyatlarni inkor qiladigan turli mafkuralarning tarqalishi oldini olish boʻyicha suhbatlar oʻtkazish amaliyoti joriy qilindi. Shu bilan birga, talabalarda vatanga muhabbat, ota-onasi va murabbiylarga hurmat singari ezgulik tamoyillarining ahamiyati haqida tushunchalar berib borish jarayonlari oʻzining ijobiy holatini namoyish qildi. 

Bundan tashqari, yurtimizda radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan boʻlib, mazkur qonun hujjatlarni amaliyotga joriy qilish ushbu yoʻnalishda mavjud mexanizmlarining yanada samarali ishlashiga turki boʻldi. Jumladan, 2018-yil 30-iyul sanasida Oʻzbekiston Respublikasining “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinishi oʻlaroq mamlakatimizda ekstremizmni oldini olish chora-tadbilarining yangi talablari joriy qilindi. Mazkur qonunda ekstremizm faoliyati, ekstremizm bilan shugʻullanuvchi guruh va tashkilot hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirishning oqibatlari yuzasidan tushunchalar ochib berildi.

Shuningdek, 2021-yil 1-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni asosida qabul qilingan 2021-2026-yillarga moʻljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Millliy strategiyaning qabul qilinishi tarixiy voqea sifatida talqin qilish mumkin. Sababi, ushbu hujjat yangi Oʻzbekiston sharoitida buzgʻunchi illatlarga qarshi kurashishning oʻziga xos yoʻnalishlarini belgilab berdi. Strategiyada ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi mavjud tajriba, shuningdek, mintaqa davlatlaridagi mazkur tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha holatning qiyosiy tahlillari tadqiq qilingan holda Markaziy Osiyoda ekstremistik va terrorchilik faoliyatining oʻziga xos jihati, milliy, ijtimoiy, diniy holatlari oʻrganildi. Milliy strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari quyidagilar etib belgilandi:

– ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishining oldini olish maqsadida vatanparvarlik, anʼanaviy qadriyatlar va bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib qilish;

– voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida ekstremistik gʻoyalar tarqalishining oldini olish;

– xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi rolini kuchaytirish;

– uzoq muddat xorijda boʻlgan fuqarolarni ekstremizm va terrorizm gʻoyalari taʼsiridan himoya qilish;

– ekstremistik va terrorchilik maqsadlarida Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishga qarshi kurashish;

– fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi ishtirokini taʼminlash;

– ekstremistik va terrorchilik harakatlari, shuningdek, ularni moliyalashtirganlik uchun huquqiy taʼqib va javobgarlikka tortish choralarini takomillashtirish;

– ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

– xalqaro va mintaqaviy hamkorlik.

Strategiyada belgilangan har bir vazifa va yoʻnalishlar tarkibida yurtimiz aholisi, xususan, kelajak avlodimizni radikal qarashlardan har tomonlama asrash maqsadlari koʻzlanganligi namoyon boʻladi.

Shu bilan bir qatorda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan minglab mahkumlarning afv etilishi, fuqarolarning turli roʻyxatlardan chiqarilishi, shuningdek, “Mehr” operatsiyalari doirasida mojaroli hududlardan 500 dan ortiq ayollar va yosh bolalarning yurtimizga olib kelinishi orqali jamiyatda inson qadri va uning erkini oliy qadriyat sifatida talqin qilinayotganligini yana bir bor namoyon qildi. Bu esa jamiyatdagi ayrim shaxslarning oʻz mamlakatiga nisbatan ishonchining ortishi va davlat siyosatiga nisbatan xayrixohlik kayfiyatini paydo qilishga xizmat qildi deyish mumkin.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Oʻzbekistondagi ekstremizm va radikalizm gʻoyalarini oldini olish boʻyicha amaliyot va chora-tadbirlar zamirida yurt-tinchligini asrash, yoshlarni buzgʻunchi qarashlardan saqlash, diniy qadriyatlarni himoya qilish singari maqsadlar yotadi. Bunday harakatlar esa diniy-maʼrifiy targʻibotlar va huquqiy bazani mustahkamlash ishlarini tashkil qilish yoʻli bilan amalga oshirilishi samaradorlikni yanada oshirmoqda. Mazkur jarayonlar Oʻzbekistonda radikalizm va ekstremizmni oldini olishda oʻziga xos tajriba shakllanishiga xizmat qilmoqda. 

Ulugʻbek JOʻRAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqi
14:17

Izoh qoldirish