152

Mazhablar – Qur’on va sunnat mahsuli

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Ma’lumki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bog‘liq barcha masalalarning yechimini u zotning o‘zlari bayon qilar edilar. Payg‘ambarimiz alayhissalomning vafotlaridan keyin odamlar bilmagan narsalarini asosan sahobalardan so‘rar edilar. Gohida uchrab turadigan qiyin masalalarni yechish uchun eng bilimdon sahobalar yig‘ilib maslahat qilishar va fatvo berishardi. 

Keyinchalik sahobalar yashash uchun turli yurtlarga ko‘chib ketdilar. Odamlar o‘zlari suhbatiga yetishgan olim sahobalarning fatvolariga amal qilishardi. O‘sha davrning markaziy shaharlari – Madinada Abdulloh ibn Umar, Kufa shahrida Abdulloh ibn Mas’ud, Makkada Abdulloh ibn Abbos, Misrda Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhumlarning fatvolariga amal qilinvadi. Aynan mana shu davrlarda sahobalar mazhabi shakllanganini ko‘rish mumkin. Shundan keyin bu zotlarning shogirdlari ularning ishlarini davom ettirishdi. Fatvolarning asosiy qismida o‘z imomlariga ergashadilar va ularning mazhablarini qo‘llab-quvvatlaydilar. Zamonlar o‘tishi bilan yigirmaga yaqin mazhablar ichidan faqat buyuk to‘rttasi qoldi. 

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, hozirda ko‘p takrorlanayotgan “Dinda mazhablarga ergashish yo‘q”, “Sahobalar davrida mazhablar bo‘lmagan” kabi puch da’volarga mutlaqo ilmiy asos mavjud emas. Sahobalar davrida ham mujtahid sahobalar mazhabi bor edi. Sahobalar mazhabi asosida hozirga qadar yetib kelgan to‘rtta fiqxiy mazhablar saqlanib qoldi. Mazhabga ergashish – qur’on va sunnatni qo‘yib shaxsga ergashish emas, balki aynan Qur’on va sunnatga ergashish sanaladi. 

Chunki Alloh taolo o‘zining kalomida shunday marhamat qiladi: “Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang” (Nahl surasi 43-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo bandalariga o‘zlari bilmagan masalalarning javobini zikr ahli hisoblangan ulamolardan so‘rashga buyurmoqda. Musulmonlar ushbu ilohiy farmonga bo‘ysinib, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlaridan beri muayyan bir mazhabga taqlid qilib kelishmoqda. Aslida, bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bashoratlarining voqe’likdagi ko‘rinishi edi.

Chunki hadisi sharifda U zot: “Bu ilmni har bir avlodlardan ishonchli kishilar tashiydilar. Ular ilmni johillarning botil talqinlari, yo‘ldan ozganlarning da’volari va g‘uluvga ketganlarning xatolaridan saqlaydilar”, deganlar. (Imom Bayxaqiy, Madhalda rivoyat qilgan).

Fiqhiy mazhablar hozirga qadar musulmonlar birdamligini saqlashda asosiy omil bo‘lib kelmoqda. Muxaddis olimlardan biri Abdulxaq Dehlaviy rahimahulloh to‘rt mujtaxid imomlar yo‘li xaqida shunday deganlar: “Islom dinining to‘rtta yo‘li – mazhabi bor. Kim shu yo‘llardan boshqasini tutsa, batahqiq adashibdi” deganlar. Hozirgi kunga kelib, buyuk mujtahid olimlarni qo‘yib, o‘zlariga ergashishga da’vat qiladigan qo‘shtirnoq ichidagi “mujtahidlar” ko‘p uchramoqda. Ular qur’oni karim va hadisi shariflarni o‘zlarining nafs-u havolari bilan izohlab, salafi solihlarimiz yo‘lida og‘ishmoqda. Hozirda bemazhablikka chaqirayotgan kishilar “Alloh taolo mazhabga ergashishga buyurmagan, balki zikr ahlidan so‘rashga buyurgan,” deya odamlarni aldashga urinmoqda. Xo‘sh, Mazhabboshilari zikr ahli bo‘lmasa, unda kim ekan? Axir mujtahid imomlarimizning ilmiga, taqvosiga va ilmiy omonatdorligiga butun ummat tasannolar aytgan bo‘lsa, ularning ilmiga ergashmasdan yana kimga ergashish kerak? Muayyan mazhabga taqlid qilgan musulmonlar hozirda ham, hozirgi kunga qadar ham ummatning mutlaq ko‘pchiligini tashkil qilgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchillik tomonini lozim tuting”, deganlar.( Imom ibn Moja rivoyatlarida).

Demak, mazhabga ergashishlik katta jamoaga ergashish xisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, mazhabga ergashish – shariat ko‘rsatmalariga ergashishdir! Uni inkor qilish esa shar’iy ko‘rsatmalarga va butun islom ulamolariga qarshi chiqish hisoblanadi. Alloh taolo o‘zining haq dinidan adashtirmasin, musulmonlarning birdamligini ta’minlasin. Barchalarimizni ummat ichida ixtilof chiqaruvchi bo‘lishlikdan o‘zi asrasin.

Jahongirxon Abrorov manbalar asosida tayyorlandi.

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish