235

Terrorizmni hech qaysi din, hech qaysi millat oqlamaydi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Barchaga ma’lumki, bugungi kunda ekstremizm va terrorizm nafaqat alohida mamlakatlarning milliy xavfsizligiga, balki jahon hamjamiyatiga jiddiy tahdid solayotgan omilga aylanib ulgurdi. Bu esa yurt tinchligi va millat taqdiriga mas’ul bo‘lgan har qanday insonni befarq qoldirmasligi aniq. 

Qonunga ko‘ra, terrorizm bu – siyosiy, diniy, mafkuraviy va boshqa maqsadlarga erishish uchun shaxsning hayoti, sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi, mol-mulk va boshqa moddiy obyektlarning yo‘q qilinishi xavfini keltirib chiqaruvchi jinoiy qilmish hisoblanadi. Shu bilan birga, davlat, xalqaro tashkilot, jismoniy yoki yuridik shaxsni biror-bir harakatlar sodir etishga yoki sodir etishdan tiyilishga majbur qilishga, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirishga, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzishga, xavfsizligiga putur yetkazishga, qurolli mojarolar chiqarishni ko‘zlab ig‘vogarliklar qilishga, aholini qo‘rqitishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan, zo‘rlik va zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoki boshqa yo‘l bilan amalga oshiriladigan xatti-harakat sanaladi. Terrorizmni biror millat yoki dinga nisbat berish mutlaqo noto‘g‘ri. Zero, terrorizmni hech qaysi din, hech qaysi millat oqlamaydi. U kimning va nimaning nomidan sodir etilishidan qat’i nazar, bunday buzg‘unchilikni amalga oshiruvchi shaxs qonunga muvofiq jazolanadi.

Terrorizm kishilar, jamoatlar yoki davlatlarning dini, joni, ongi, moli, nomusiga buzg‘unchilik bilan dushmanlik qilishdir. Uning doirasiga qo‘rqitish, aziyat yetkazish, tahdid qilish, nohaq o‘ldirish, mol-mulkni tortib olish, yo‘lto‘sarlik, zo‘ravonlik, tahdidning barcha turlari bilan yakka yoki jamoaviy tarzda jinoiy rejani amalga oshirish kiradi. Ushbu harakatlarning maqsadi kishilar orasida qo‘rquv, tahlika solish, aziyat yetkazib qo‘rqitish yoki boshqalarning hayoti, erkinliklari va mol-mulkini xavf-xatarga qo‘yishdir. Bularning barchasi buzg‘unchilik qilish bo‘lib, Alloh Qur’oni karimda musulmonlarni bu ishdan qaytargan. Aqidaparastlik, buzg‘unchilik bugungi kunda paydo bo‘lgan dolzarb masalalar emas, bu muammoga nisbatan buyuk allomalar ham ko‘p murojaat etib, ularning salbiy oqibatlariga huquqiy va fiqhiy jihatdan baho bergan.

Qayd etish joizki, turli ekstremistik va terroristik tashkilotlar Markaziy Osiyo respublikalaridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan faoliyatini ham hanuz davom ettirayotgani achinarli hol.

Islom dinini o‘zlariga niqob qilib olgan ayrim guruhlar va toifalar dindan foydalanib, g‘araz maqsadlarni ko‘zlagan holda, jamiyatda buzg‘unchilik, begunoh odamlarning qoni to‘kilishi kabi salbiy holatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq va dindorlar o‘rtasida nizo chiqarishga, nifoq solishga harakat qilmoqda. O‘zlarini “Islom dini va musulmonlarni himoya qiluvchi xaloskor firqa” deb e’lon qilgan holda, begunoh fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni, ular o‘z xatti-harakatlarini asoslash uchun har bir musulmon uchun muqaddas bo‘lgan Qur’oni karim va Hadisi sharifni o‘zlarining g‘araz maqsadlariga moslab tafsir va ta’vil qilib, musulmonlar o‘rtasida nifoq chiqarishga urinmoqda.

Vaholanki, islom dini har qanday og‘ir sharoitda ham ekstremizm va terrorchilik kabi keskin harakatlarni amalga oshirishga ruxsat bermaydi. Uning ta’limotiga ko‘ra, nohaq qon to‘kish eng og‘ir gunoh hisoblanib, buning jazosi ham og‘ir ekani ma’lum. Hozirgi kunda terrorizm, ekstremizm, diniy aqidaparastlik, mutaassiblik kabi illatlar tinchlik-osoyishtalikka raxna solmoqda.

Afsuski, yurtimiz O‘zbekiston terrorizm tahdidlari va uning zararli oqibatlarini o‘z boshidan kechirgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Shu tufayli ham mamlakatimizda ushbu illatlarga qarshi kurashish, uning oldini olish bo‘yicha jahon hamjamiyatiga namuna bo‘la oladigan darajada o‘ziga xos tajriba shakllangan. Qolaversa, yurtimiz va islom dini tarixiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy-ma’rifiy meros nafaqat islom olamida, balki butun jahonda alohida e’tiborga loyiqligi e’tirof etilgan haqiqatdir. Bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida tobora keskinlashib borayotgan qonli mojaro va ziddiyatlar, terrorizm va ekstremizm xavfi bizdan doimiy ogoh va hushyor bo‘lishni talab etmoqda.

Aqidaparastlar sodir etayotgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilar ekan, jamoatchilikni, rasmiy imom-xatiblarni va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarini qoralash maqsadida inson huquqlari poymol etilayotir, vijdon erkinligi ta’minlanmayotir va bizni qiynoqqa solishyapti, degan turli fisq-u fasodlarni tarqatishmoqda. Bu tuhmatlar, albatta, noto‘g‘ri ekanligi o‘z isbotini topayotganiga qaramay, bu bo‘htonlarni chetdan turib uyushtirayotgan va qo‘llab-quvvatlayotganlar ham bor.

Mazkur holatlarni e’tiborga olgan holda, hozirgi kunda islom dunyosining barcha olimu ulamolari hamkorlikda muqaddas dinimizning sof ta’limotini asl holda asrab-avaylash, uning ahkomlarini buzib ko‘rsatishga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi ma’rifiy usullar bilan kurashishni yanada faollashtirishni zaruriy ishlardan deb hisoblaydi.

Mutaassiblikni ko‘pincha din bilan bog‘lash va terrordan foydalanib hamda musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan islom niqobi ostida o‘zining dahshatli ishlarini amalga oshirayotgan, mohiyatan, mintaqada vaziyatni beqarorlashtirayotgan bir qator tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq voqealarga e’tibor qaratgan holda, dinshunos olim, jamoat arbobi Ali Apsheronining fikrlarini keltirish o‘rinlidir. “Islom, – deb yozadi u, – o‘ta ketgan mutaassib inqilobchilarga muhtoj emas, aksincha, u chuqur va samimiy e’tiqodga ega bo‘lgan, boshqacha fikrlovchi, boshqa tilda so‘zlaydigan yoki boshqa dinga e’tiqod qiladigan kishilarga nisbatan bag‘rikenglik va ochiqlik xos bo‘lgan taqvodor va xudojo‘y kishilarga muhtojdir”.

Xulosa qilib aytganda, terrorizm illatiga qarshi kurashishda zamonaviy huquq manbalaridan tashqari, muqaddas dinimizning asosi hisoblangan Qur’oni karim va hadisi sharif hamda buyuk ajdodlarimizning tavsiyalariga amal qilsak, yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni ta’minlashga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.

Rahmatulloh FAYZULLAYEV,

Marg‘ilon shahar “Robiya hoji ona” masjid imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish