164

Giyohvandlik – tanazzulga boshlovchi illat

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Islom dini ta’limotida nimaiki yaxshi deb buyurilgan bo‘lsa, u yaxshi, nimaiki yomon deb qaytarilgan bo‘lsa, o‘sha narsa yomondir. Dinimiz ahkomlari insonni dini, joni, aqli, nasli va salomatligiga, umuman aytganda, hayotiga zarar yetkazishga sabab bo‘luvchi barcha narsalarni yomon deb o‘sha narsalardan qaytargan, qaytaribgina qolmasdan, balki harom deb e’lon qilgan. Bulardan biri giyohvand moddalardir. Zero, giyohvandlik insoniyat kelajagining kushandasidir.

Alloh taolo “A’rof” surasining 157-oyatida:

 “... U (Payg‘ambar) ularni (insonlarni) yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...”, deb marhamat qiladi.

Hozirgi vaqtda giyohvandlik balosi insoniyat hayotiga jiddiy xavf solayotgan, uning aziz va mukarramligiga putur yetkazayotgan mash’um illatlardan bo‘lib turibdi.

Giyohvandlik Alloh taolo insonga ato etgan jon, jism, aql va mol-mulk kabi ne’matlarining zavoliga sabab bo‘layotganini bugun hamma yaxshi tushunib turibdi.  

Biroq shunga qaramay, bu narsalar kamaymayapti. Narkotik modda iste’mol qilib yurganlar orasida erkag-u ayol ham, yosh-u qari ham, maktab, kollej, litsey, institut, universitet talabalari ham topilyapti. Buning sababi nima? Buning sababi – Alloh va Uning Rasulining amriga yurmaslik, qiyomat va oxiratdagi so‘roq-savoldan qo‘rqmaslikdir. Inson nafsini jilovlay olmayapti. Demak, bu borada bizga eng katta yordam beradigan muolaja ruhiy tarbiyadir. 

Har birimiz o‘zimizning, farzandlarimizning ruhiy tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanmog‘imiz kerak, chunki inson o‘z nafsini jilovlay olsagina, bu ajal og‘usidan o‘zini to‘xtata oladi. Nima uchun ko‘pchilik bu zahri qotilni totib ko‘radi? Chunki ular mana shu tamaki mahsulotlari yoki giyohvand moddalari bilan hayotdagi muammolarimni, g‘am-tashvishlarimni biroz unutaman, asabim buzilib, yuragimning siqilganini aritaman deb o‘ylashadi. Vaholanki, ularni iste’mol qilgan bilan bu muammolar yo‘qolmaydi, bu tashvishlar bartaraf bo‘lmaydi, inson o‘zini o‘zi aldab, qisqagina fursat ularni esidan chiqaradi, xolos. Ojiz-u notavon inson buni bilib turib, o‘zini ajal domiga tashlaydi.

Insonga zarar keltiruvchi narsalardan ayniqsa eng ulug‘ ne’mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan. Bu haqda Ummu Salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytdilar:

“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Hozirda ayrim yoshlar orasida psixotrop dori vositalari iste’moliga odatlanish holatlari uchramoqda. Vaholanki, bu dori vositalarida giyohvand moddalaridagi kabi o‘ziga o‘rgatib qo‘yishdek xususiyat bor. Tabiiyki, bu giyohvandlikning yangicha ko‘rinishini paydo qiladi. Dinimizda har qanday bo‘shashtiruvchi va mast qiluvchi vositalar harom qilingan!

Dinimizda inson salomatligi uchun, umuman odamning o‘zi va atrofdagilarga zararli bo‘lgan ishlar harom qilingan. Jumladan, hozirda ayrim yoshlar o‘rtasida avj olayotgan chilim chekish odati ham shariatimiz tomonidan qat’iy qoralanadi. Chunki ushbu odat inson salomatligiga zararli, hatto insonni halok qiluvchi ekani, rak va boshqa xavfli kasalliklarga sabab bo‘lishi tibbiyot xodimlari tomonidan tasdiqlangan.

Alloma ibn Hojar al-Makkiyning “Fatovoi Kabir”ida aytilishicha, “Giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishda bir qancha zararlar mavjud: u inson tafakkurini o‘tmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yo‘qotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan to‘sadi, sharmu hayoni ketkazadi, insoniy munosabatlar va muruvvatga zarar yetkazadi”. Bundan tashqari, bu zararli illat insonni o‘ta yalqov, kamg‘ayrat, oilaga beparvo, hamiyatsiz, jinsiy zaif qilib qo‘yadi, ko‘zni xiralashtiradi, tishlarni to‘kib yuboradi.

Giyohvandlik ofatidan xalqimizni va kelajak avlodni xalos etish va ularni moddiy hamda ma’naviy barkamollik sari yo‘naltirishdek umumbashariy xayrli ishlarimizda Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin.

Odiljon NARZULLAYEV,

Yangiyo‘l tuman “Imom Sulton” jome masjidi imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish