167

Islomda din va vijdon hurriyati

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Inson huquqlari deganda aqlga keladigan asosiy ma’no bu insonlar ega bo‘lishi kerak bo‘lgan erkinliklardir. Bu erkinliklardan biri vijdon erkinligidir. Vijdon erkinligi tabiiy huquq va erkinliklar sirasiga kiruvchi, har bir shaxsning ajralmas huquqlaridan biridir ya’ni qaysi dinga e’tiqod qilishdan qat’i nazar erkinligini bildiradi.

Vijdon erkinligining muhim tushunchalaridan bo‘lgan bag‘rikenglik esa hech kimni ayblamaslik, ranjitmaslik, kamsitmaslik, kechirimli bo‘lish, boshqa e’tiqod vakillarini hurmat qilishdir.

Odamlar o‘rtasida mehr-muhabbatni oshiruvchi, gina va nafratni yo‘qotuvchi bag‘rikenglik fazilatining eng yaxshi namunalarini Alloh taolo o‘z kalomi sharifida, “Albatta, Siz yuksak xulq uzradirsiz” (Qalam surasi 4-oyat) deya madh etilgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida ham ko‘rish mumkin. 

Oisha raziyallohu anho onamizdan Payg‘ambarimizning xulqlari haqida so‘ralganda shunday javob berganlar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi, fahsh so‘zlarni so‘zlovchi va bozorlarda baqir-chaqir qilib yuruvchi inson emasdilar. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas edilar, balki afv etib, kechirib yuborar edilar” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Islom ta’limotiga ko‘ra bu dunyodagi barcha inson borki, ular irqi, nasl nasabi, kelib chiqishidan qat’i nazar tengdirlar. Boshqa millat va din vakillari bilan hamjihatlikni chuqurlashtirish uchun musulmonlar ular bilan muloqot qilmoqlari lozim. Qur’on bu dunyoni barcha xalq va din vakillari tinch-totuv yashaydigan zamin deb e’lon qildi. Islom dini azaldan insoniyatga asl muruvvatni, hatto o‘zga din vakillariga ehtirom hamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib, ular bilan tinch-totuv yashashga, fitna va turli adovatlarga barham berishga chaqirgan. Alloh taolo o‘z Kalomi sharifida shunday marhamat qiladi: 

“Ey iymon keltirganlar! barchangiz “tinchlik va omonlik” (Silm, Islom)ga kiring va shaytonning izidan ergashmang. U sizga ochiq dushmandir” (Baqara surasi 208-oyat).

Alloh taolo odamlarni yomonlikdan saqlanishni buyurdi va kufr, tuhmat, isyon, shafqatsizlik, zulm, o‘ldirish va qon to‘kish man etdi. Allohning bu amriga itoat qilmaganlar, oyatda aytilganidek, “shaytonning izidan ergashganlar”dir. 

Insonlarga fikr va hayot erkinligi va kafolatini bergan din bo‘lmish islom – keskinlik, kelishmovchilik, bir-biri haqida salbiy gap-so‘z va buzg‘unchilikni taqiqlovchi amrlarni keltirdi.

Islom nafaqat terrorizm va turli zo‘ravonlik harakatlari, balki insonlarning bir biriga eng kichik bosimni ham taqiqlaydi:

“Dinga majbur qilish yo‘q. Batahqiq, haq botildan ajradi” (Baqara surasi 256-oyat).

Shuningdek boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi: 

“Sen ular ustidan hukmingni o‘tkazuvchi emassan” (Gʻoshiya surasi 22-oyat).

Odamlarni biror dinga e’tiqod qilishga yoki u dinning amallarini bajarishga majburlash islomning mohiyati va ruhiga ziddir. Chunki islom dini iroda erkinligini va e’tiqodni vijdonan qabul qilishni talab qiladi. Albatta, musulmonlar bir-birlarini Qur’onda bayon qilingan axloqiy fazilatlarni amalda qo‘llashga ogoh etishlari va rag‘batlantirishlari mumkin. Lekin bu masalada hech qachon majburlash bo‘lishi mumkin emas. 

Jamiyatning qarama-qarshi modelini faraz qilaylik. Masalan, odamlarni ibodat qilishga majburlashdi deylik. Bunday jamiyat modeli islomga mutlaqo ziddir. Chunki iymon va ibodat Alloh taologa qaratilgan bo‘lsagina qadrli bo‘ladi. Agar biror tuzum odamlarni e’tiqod va ibodat qilishga majbur qilsa, odamlar o‘sha tuzumdan qo‘rqib dindor bo‘lib qoladilar. Din nuqtayi nazaridan maqbul bo‘lgan narsa, vijdonlar butunlay ozod bo‘lgan muhitda Alloh rizosi uchun dinga amal qilishdir.

Islom tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, musulmonlar Qur’on axloqining bu muhim xususiyatini o‘zlarining ijtimoiy hayotlariga qanday tatbiq etganliklari aniq bo‘ladi. Musulmonlar yetib kelgan har bir nuqtada noto‘g‘ri tushunchalarni bartaraf etib, erkin va bag‘rikenglik muhitini yaratdilar. Islom madaniyati dini, tili va madaniyati jihatidan bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi bo‘lgan xalqlarning bir tom ostida tinch va osoyishta yashashiga imkon yaratdi, xalqlarga ulkan bilim, boylik va ustunlik keltirdi. Xususan, qadim va ko‘pmillatli Movarounnahr zaminida ham diniy bag‘rikenglikning asrlar davomida barcha etnik guruhlar uzoq yillar davomida o‘z dinlarida erkin yashab kelgan, bundan tashqari, ular o‘z dini va madaniyatiga amal qilish uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan.

Ta’kidlash lozimki, har bir dinning o‘ziga xos aqidalari mavjud. Ular ba’zan bir-biriga mutanosib bo‘lsa, ba’zan bir-biriga zid ham kelishi mumkin. Diniy bag‘rikenglik ana shu xilma-xillik asosida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini oladi, turli e’tiqodlarning yonma-yon va bir paytda mavjud bo‘la olishi uchun xizmat qiladi.

Islomning eng go‘zal fazilatlaridan biri bo‘lgan bag‘rikenglikka oilada, mahallada, ko‘chada, maktabda, ijtimoiy tarmoqlarda va ishda, bir so‘z bilan aytganda, odamlar bilan bog‘langan har bir muhitda ehtiyoj bor. Bu ehtiyoj, ayniqsa, bugungi kunimizda ijtimoiy tarmoqlar tilida o‘zini ko‘proq his qildiradi. Chunki ijtimoiy tarmoqlar orqali ongsiz ravishda baham ko‘rish bag‘rikenglik muhitiga zarar yetkazadi. Har bir inson bunga e’tibor qaratishi muhim. Zero, ulug‘ turkiy zabon shoir Yunus Emro aytganidek:

Yaratilganni sev, Yaratganning xotiri uchun,

Yunus, sen bu dunyoga ne uchun kelding? 

Darhaqiqat, bag‘rikenglik osuda ijtimoiy hayotning ajralmas unsurlaridan biridir. Muhimi, bir jamiyatda yashovchi insonlar hamisha bir-biriga mehr, hurmat va bag‘rikenglik tamoyillari asosida ish tutsin.

Muzaffarxon JONIYEV, 

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori v.v.b., 

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish