411

Jadidchilik harakati yetakchilaridan biri, yangi davr o‘zbek madaniyatiga asos solgan alloma

Vatanimiz tarixidagi 19-yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1391-yil (bundan 630 yil oldin) – Oltin O‘rda hukmdori To‘xtamishga qarshi yurish boshlagan Amir Temur qo‘shini Toshkentdan Oltin O‘rda sari yo‘lga tushdi. 1390-yil oxirlarida Amir Temur To‘xtamishga qarshi birinchi asosiy yurishga tayyorgarlik ko‘rgan edi. O‘sha yil oxirida Toshkentga kelgach, Temur qirq kun betob yotdi. Sog‘aygach, 1391-yil 19-yanvarda yo‘lga chiqdi.
Sohibqironning qirq kun davom etgan bu xastaligi haqida fansuz tarixchisi Lyusen Keren quyidagicha qayd etgan: “Shaharda (Toshkentda) Temur qattiq og‘rib qoldi: yoshligida oyog‘iga yetkazilgan jarohatning oqibati bo‘lmish suyak-tomir xastaligining dastlabki xuruji tufayli u qirq kechayu kunduz o‘rnidan tura olmadi. Uning o‘rnida boshqa har qanday odam ham avval bahorga mo‘ljallangan xatarli safarda ishtirok etishdan voz kechgan bo‘lardi”.

1875-yil (bundan 146 yil oldin) – dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida dunyoga keldi. Otasi Behbudxo‘ja Solixxo‘ja o‘g‘li turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomondan bobosi Niyozxo‘ja urganchlik bo‘lib, Buxoro amiri Shohmurod zamonida Samarqandga kelib qolgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy XX asr bo‘sag‘asidagi Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining eng yirik namoyandasi, yangi davr o‘zbek madaniyatining asoschisidir. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat g‘oyasining yalovbardori, yangi maktab g‘oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist. U tariximizning g‘oyat og‘ir va murakkab bir davrida yashadi.

1919-yil (bundan 102 yil oldin) – Turkiston Respublikasining yigirma uch yoshli harbiy komissari (vaziri) Konstantin Osipov boshchiligida Toshkentda sovet rejimiga qarshi isyon ko‘tarildi. Osipovning buyrug‘i bilan 14 nafar sovet komissarlari (vazirlari) otib tashlandi. Isyonchilar tomonidan sovet hokimiyati ag‘darildi, hokimiyat masalasi Ta’sis Majlisida hal qilinadi, deb e’lon qilindi.
Biroq tez orada isyon tor-mor qilingach, Osipov Farg‘ona vodiysiga – sovet rejimiga qarshi kurash harakati namoyandalaridan biri Madaminbek huzuriga bordi. U andijonlik Parpi qo‘rboshi qarorgohida ham bo‘lib, Toshkentdan keltirgan sovetlarning pul bosish mashinasida Qo‘qonqishloq (hozirgi Paxtaobod)da uning nomidan pul chiqarib, xalqqa tarqatdi. So‘ngra Buxoro amirligiga qochib bordi. 1920-yilda u xorijga o‘tib ketdi. Uning Hindistonda yashagani haqida ayrim ma’lumotlar mavjud.

1920-yil (bundan 101 yil oldin) – Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi o‘lim jazosini bekor qilish haqida dekret qabul qildi. Biroq inqilobiy tribunallar faoliyati tahlil etilganda, bunga amal qilinmasdan, mahkumlarni o‘limga hukm qilishda davom etilgani ma’lum bo‘ladi.

1926-yil (bundan 95 yil oldin) – davlat va jamoat arbobi, adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Azizxon Qayumov tavallud topdi (vafoti 2018-yil). U 1996-yilda “Shuhrat” medali, 2003-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

1937-yil (bundan 84 yil oldin) – Buxoro Respublikasining sobiq rahbar arboblari – jami 17 kishi qatorida Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, davlat va jamoat arbobi Otaulla Xo‘jayev ham Buxoroda qamoqqa olindi.

2000-yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Burhoniddin al-Marg‘inoniy tavalludining hijriy sana bo‘yicha 910 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2017-yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi

Manba: O‘zA

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
19
Yoshlar bilan ishlash
Odob-axloq – inson ziynati
22:49
Apr
19

Izoh qoldirish