148

Soxta salafiylikning jamiyatga xatari

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Islomda “salaf” deganda, hadislarga ko‘ra, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida hamda undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar tushuniladi. 

So‘nggi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, musulmon jamiyatlarini ilk islom davri holatiga qaytarishni targ‘ib qiluvchi mutaassib, soxta salafiylar paydo bo‘lganini alohida qayd etish lozim.

Ulrix Rudolfning “Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti” asarida: “Ibn Taymiyaning Payg‘ambar alayhissalom, sahobiy va avliyolarning qabrini ziyorat qilish hamda tavhid, Allohning makoni, takfir va boshqa aqidaviy masalalarda ash’ariylik va moturidiylikka zid fikrlari o‘sha davr musulmon ulamolarining keskin noroziligiga uchrab, ko‘plab raddiyalar bitildi, keskin kurash olib borildi. Shunday bo‘lsa-da, bunday g‘oyalar keyinchalik turli mutaassib guruh va harakatlar yetakchilari mafkurasiga asos bo‘lib xizmat qildi. Ularning bu xatokor qarashlariga ahli sunna valjamoa ulamolari munosib raddiyalar bildirganlar”. (Toshkent: Imom Al-Buxoriy xalqaro jamg‘armasi, 2002. 143-b).

Jumladan, “soxta salafiylar” quyidagi e’tiqoddagi g‘oyalarni ilgari suradilar:

– har qanday yangilikni inkor etish;

– tasavvufni aslo tan olmaslik;

– tavassul (vosita orqali Allohga murojaat qilish)ni kufr, deb hisoblash;

– o‘zlariga ergashmaganlarni “kofir” deb e’lon qiladilar.

Ularning faoliyati natijasida “Payg‘ambarimiz shafoatidan hech qanday foyda yo‘q”, degan g‘oyalar tarqalib, salovotlar bayon qilingan kitoblar yoqib yuborildi, muqaddas ziyoratgohlar vayron qilindi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bir insonni kofir deb chaqirsa yoki Allohning dushmani desa, aytganidek bo‘lmasa, aytgan so‘zlari o‘ziga qaytadi”.

Mashhur vatandoshimiz Najmuddin Umar Nasafiy hazratlari mazkur masala to‘g‘risida quyidagilarni aytadilar:

“Katta gunohlar mo‘min bandani iymondan ham chiqarmaydi, kufrga ham kirgizmaydi. Alloh taolo O‘ziga shirk keltirishni kechirmaydi. Undan boshqa katta va kichik gunohlarni esa xohlagan kimsadan kechiradi. Kichik gunohga jazo berishi ham, agar halol hisoblashdan bo‘lmasa, katta gunohni afv qilishi ham mumkin. Halol sanash kufrdir. Payg‘ambarlar va solih bandalarning katta gunoh ahllari to‘g‘risidagi shafoatlari ko‘plab xabarlar bilan sobitdir. Gunohi kabira sodir etgan mo‘minlar do‘zaxda abadiy qoldirilmaydi”.

Ma’murjon ERKAYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish