184

Jaholatga ma’rifat bilan kurashmoq lozim

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Muqaddas islom dini odob-axloq, mehr-muhabbat va insonparvarlikdek go‘zal g‘oyalarni o‘z ichiga olgani sababli turli zamonlarda odamlar dinimizdan turlicha foydalana boshladilar. Kimdir dunyo va oxiratining manfaati uchun foydalangan bo‘lsa, g‘arazli kishilar o‘zining moddiy yoki botil g‘oyasini amalga oshirishda manba sifatida ko‘rdi. 

Ushbu botil g‘oya va aqidalarni sezgan ulug‘ zot va allomalarimiz o‘z zamonalarida mazkur toifalarning yo‘lini to‘smoq uchun o‘z bilim va mahoratlarini ishga solib ko‘p natijalarga erishdilar va muqaddas islom dinimizni bizgacha toza va sof yetkazib berish baxtiga musharraf bo‘ldilar. Shuning uchun biz ham bugungi globallashuv davrida befarq va loqayd bo‘lib, sodir bo‘layotgan voqealarga panja ortidan qaraydigan bo‘lsak, kelajak avlod haqqini poymol qilib ular oldida javobgar bo‘lib qolishimiz muqarrar bo‘ladi.

Bugun dunyoning ba’zi bir mamlakatlarida turli toifa va aqidaparastlar o‘z g‘arazli g‘oyalarini amalga oshirish uchun islom dini niqobi ostida amal qilib, o‘qlari nishonga yetmoq uchun hadisi sharif va Qur’oni karim oyatlarini o‘z manfaatlari yo‘lida tafsir qilmoqdalar.

Avvalan bilmoq kerakki, Qur’oni karimni tafsir qilib unga ma’no berishga faqat mujtahid (tafsir, hadis, fiqh va usul ilmlarni bilgan kishi) haqlidirki, bu ish vaqtida o‘z ifodasin topgan. Zero, hadisda kelganki: “Qur’onni kim o‘z fikri bilan tafsir qilsa, joyini jahannamdan tayyorlab qo‘ysin”

Shuningdek, Qur’oni karimda shunday oyatlar mavjudki, ularning ma’nolarini Parvardigordan boshqa hech kim bilmaydi deb Qur’onda ta’kidlangan. Shuning uchun bizning Hanafiy mazhabimiz ulamolari shunday oyatlarning ma’nosini Alloh taologa havola qilib ma’no berishidan o‘zlarini tiyadilar. Bundan tashqari, Qur’on va hadislarning nosix va mansux (hukmi bekor qilingan)lari bor bo‘lib, mufassir ularni ham mukammal bilmog‘i lozim bo‘ladi. Mansux oyatlarga imon keltiriladi, ammo unga amal qilinmaydi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bugungi yangi firqalar Qur’oni karim va hadislarni ko‘r-ko‘rona ta’vil qilib tinch hayot kechirib turgan jamiyatni halokat girdobiga tortmoqdalar. Xudovand taboraka va taolo shunday kimsalardan ogoh bo‘lmog‘imiz uchun qo‘yidagi oyatni Qur’onda keltirib marhamat qiladi: (Oyat ma’nosi) “Bu Kitobda (Qur’onda) ma’nosi aniq va ravshan oyatlar va ham mutashobih (tushinishi qiyin bo‘lgan) oyatlar ham o‘rin olgandir. Endi dillarida haq yo‘ldan og‘ish bo‘lgan kimsalar odamlarni aldab fitnaga solish va o‘z havoyi nafslariga muvofiq tafsir qilish uchun Uning mutashobih oyatlariga ergashadilar, holbuki, unday oyatlarni ta’vilini yolg‘iz Allohgina bilur...” deb bayon qilingan. (Oli Imron 7 oyat). Mazkur oyat xususida Payg‘ambarimz (alayhissalom) bunday deganlar: “Bir qavmning Qur’on oyatlari ustida ta’vil qilishi, ularning xatoga yo‘l tutishiga sabab bo‘ladi va ular fitnaga yo‘l tutadi, so‘ngra ular Qur’ondan mutashobih oyatlariga ergashadilar. Bu hol ularni halokatga olib boradi” (Qatoda rivoyati). Boshqa bir hadisda bunday deyilgan: “Agar Qur’ondan mutashobih oyatlariga ergashganlarni ko‘rsangizlar, ulardan uzoqlashingiz”.(Tafsiri Abd).

Mazkur oyat va hadisi shariflardan xulosa chiqarib shuni aytish mumkinki, bugun dunyoda o‘z qabih amallari bilan xavf solib turgan firqalardan barcha yurtdoshlarimiz ogoh bo‘lmoqlari lozim. Zero, Hazrati Ali (karramallohu vajhahu) bir ming to‘rt yuz yil muqaddam ularning sifatlarini bayon qilib bunday deganlar: “Qachon qora bayroqlarni ko‘rsangiz, yerni lozim tuting. (ya’ni makoningizda turing, ularga ergashmang) Qo‘llaringiz va oyoqlaringizni qimirlatmang (ularga moddiy va ma’naviy yordam bermang). So‘ng zaif bir qavm zohir bo‘lur. Ular e’tiborga sazovor emaslar. Ularning qalblari temirning zangiga o‘xshaydi (odamlarga rahm qilmaydilar, shafqatsiz azob beradilar). Ular mol-mulk sohiblaridirlar. Ahdga ham, va’daga ham vafo qilmaslar. Haqqa chaqirurlar, lekin o‘zlari haq ahlidan emaslar. Ismlari laqabdir. Nisbatlari qishloq-shaharlargadir. Sochlari ayollarning sochlariga o‘xshab osilib turadi. Ular oxiri borib o‘zaro ixtilof qiladilar…”.

Xulosa sifatida shuni alohida ta’kidlash lozimki, jahonda kechayotgan murakkab jarayonlar yoshlar tarbiyasiga yanada jiddiyroq e’tibor berishni talab etmoqda. Xususan, har bir ota-ona zimmasidagi mas’uliyatni his etib farzandlarining har nafas va har bir qadamidan xabardor bo‘lib ularning yuradigan yo‘li hamda do‘st-u hamsuhbatlari kimligini bilib turishlari shart va lozim dur. Urush-janjallar bizdan uzoqda-ku deb beparvo bo‘lish aslo mumkin emas. Garchi, yurtimiz tinch-osuda bo‘lsa-da, bu xatarlarning oldi olinmasa, uning tafti yetib kelishi mumlmgini unutmasligimiz darkor. Zero, hozirgi globallashuv davrida internet orqali dunyoning bir chetida turib, odamlarga o‘z g‘oyasini singdirish mumkin bo‘lgan davrda yashamoqdamiz. 

Bir muborak hadisning ma’nosida bunday deyilgan:

“Kim erta uyqudan turib oilasiga tinchlik va ahli oilasini sihat va salomat topsa hamda farzandlari uchun bir kunlik yegulik narsasi bo‘lsa bilsinki, u eng boy va baxtli insondir”.

Yana bir hadisda: “Mening ummatim ikki ne’matning qadriga vaqtida yetmaydi. Biri tinchlik, ikkinchisi esa sihat va salomatlikdir”. deyilgan. Shuning uchun bugungi tinchlik va xotirjamligimizga shukr qilib, ushbu ulug‘ ne’matni asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekanini aslo unutmasligimiz lozim.

Fazliddin KAROMATULLOH,

Sariosiyo tumani “Xoja Alouddin Attor” jome masjidi imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish