229

Radikallashuvga qarshi kurashda milliylik omilining roli

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda “Ziyo” media markazi hamkorligida “Radikallashuv va yot gʻoyalarga qarshi kurashish hamda axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirish” mavzusida oʻn kunlik maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Ushbu tadbirlardan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta daʼvolar, gʻarazli daʼvatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat taʼsiridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuygʻularini shakllantirishdan iborat. 

Tadbir uchun tanlangan mavzularni keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-maʼrifiy sohada nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida tan olingan davlat va jamoat arboblari, oʻz sohasining dong taratgan ekspertlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Mazkur davra suhbati “Radikallashuvga qarshi kurashda milliylik omilining roli” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, filologiya fanlari doktori, professor, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi rahbari o‘rinbosari Firdavs Halimov, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, prorektorlar – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Habibullo Sadibaqosev, Akademiya professor-o‘qituvchilar hamda talabalar, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alfraganus universiteti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatini O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov olib bordi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar milliy qadriyatlarni oʻrganish bugun har qachongidan-da muhim ekanini taʼkidladi. Ota-bobolarimizdan bizga meros boʻlib qolgan qadriyatlarni kelgusi avlodlarga ham yetkazishimiz kerakligi, bu borada muqaddas islom dinimizning zalvori balandligi xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirildi.

Bugungi kunda hech bir xalqning milliy va maʼnaviy anʼanasi, odatlariga toʻgʻri kelmaydigan turli “urf-odatlar” koʻpaymoqda. Achinarli jihati shundaki, koʻpchilik, xususan ayrim yoshlar uning taʼsiriga tushib qolmoqda. Bu narsa yoshlarimizning yurish-turishida, kiyinishida, oʻzini tutishi-yu boshqalar bilan boʻladigan suhbatlarida koʻzga tashlanadi.

Bunday yot gʻoyalar esa bizning milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizga aslo toʻgʻri kelmaydi. Turli nayrang va xatarlardan ogoh, sergak va hushyor boʻlishimiz lozim. Soʻnggi paytlarda maʼnaviyatimizga zid boʻlgan turli gʻarazli kuchlar “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongiga taʼsir oʻtkazishga harakat qilmoqda.

Tadbir davomida ana shu masalalar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan ayrim yoshlar hayotga faqat bir tomonlama boqadigan, yengil hayotga intiluvchan boʻlib voyaga yetishi, bu esa ularda buzgʻunchilik, zoʻravonlik, faqat oʻz manfaati uchun harakat qilish kabi illatlarni rivojlanishiga sabab boʻlishi qayd etildi. 

“Ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zoʻravonlik gʻoyalarini tarqatish, shuning hisobidan boylik orttirish, milliy anʼana hamda qadriyatlarni qoʻporishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qoʻymaydi. Bugun yoshlarimiz oʻziga xos “tushunchalar urushi” sharoitida yashamoqda. “Ommaviy madaniyat” aynan milliy qadriyatimiz asosi boʻlgan hayo, andisha, oqibat, mehr-muhabbat kabi goʻzal axloqiy qadriyatlarimizga qarshi boʻlgan axloqsizlik va yovuzlikni oʻzida aks ettirgan harakat ekani qayd etildi.

Ekspertlarga “Ma’rifatchilar klubi”ning koʻkrak nishoni tantanali tarzda topshirildi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish