150

Akademiya professor-o‘qituvchilari targ‘ibot tadbirlarida faol qatnashmoqda

Globallashuv davrida yoshlarni maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan barkamol voyaga yetkazish, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash har qachongidan ham ustuvor masala hisoblanadi. Ayniqsa, dunyoda sodir boʻlayotgan turli axboriy xurujlar, talotoʻplar taʼsirida bu yanada muhim vazifa sanaladi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashamiz” shiori ostida Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi bir qator mahallalar hamda umumtaʼlim maktablarida targʻibot tadbirlarini olib bormoqda.

Jumladan, tumandagi “Do‘stlik”, “Amir Temur”, “Obod turmush”, “Gulbog‘”, “Sortepa”, “Qirguzar”, “Oybek” mahalla fuqarolar yigʻinlari hamda 1-, 3-, 4-, 7-, 9-, 17-, 19-, 21-, 32-umumtaʼlim maktablarida maʼnaviy-maʼrifiy davra suhbatlari tashkil etildi.

Mazkur tadbirlarda “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi dotsenti Xoʻjamgeldi Alimov, “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Yorqin Shukurov, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi dotsenti Zokir Sodiqov, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi dotsenti Ra’no Urazova, kafedra o‘qituvchisi Mo‘min Abdupattayev, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi katta o‘qituvchisi Saidahmadxon G‘aybullayev hamda Jasurbek Abduqodirov oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Suhbat davomida mahallaning nuroniy, obroʻ-eʼtiborli, namunali insonlari yordamida yoshlarimiz ongiga shukronalik tuygʻusini singdirish, radikalizm va ekstremizm gʻoyalariga berilib ketishlarini oldini olish, tinchlikni qadrlash masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi.

Ota-onalarga mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritilib, bu kabi sharoitlardan unumli foydalanish kerakligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida dunyodagi ayrim notinch davlatlarda sodir boʻlayotgan xunrezliklar, tinchlikni qadrlash, “jaholatga maʼrifat bilan kurashish” kerakligi qayd etildi.

Targʻibot tadbirlari davom etmoqda.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish