33

NOQONUNIY DINIY TAʼLIM jamiyat barqaror rivojlanishi va tinchlikka jiddiy xavfdir

Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik muhim ijtimoiy va davlat siyosati yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Konstitutsiyamizda diniy erkinlik kafolatlanib, har bir fuqaro oʻz diniga amal qilish va eʼtiqod qilish huquqiga egaligi belgilab qoʻyilgan. Bu esa davlatning barcha din va eʼtiqodlarga birdek munosabatda boʻlishini taʼminlamoqda.

Shuningdek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun mamlakatda turli dinlarning erkin faoliyat yuritishiga sharoit yaratib beradi. Bunda har bir shaxs oʻz eʼtiqodini mustaqil ravishda amalga oshirishi mumkinligi kafolatlanadi. Ayniqsa, diniy tashkilotlar davlat bilan hamkorlikda ijtimoiy jarayonlarda ishtirok etadi. 

Lekin keyingi paytlarda bu kabi imkoniyat va sharoitlardan doim ham ijobiy foydalanmaslik holatlari kuzatilayotgani koʻngilni xira qiladi. Xususan, diniy taʼlimga keng sharoitlar yaratilgan bir paytda, jamiyat orasida noqonuniy diniy taʼlim orqali turli maqsadlarni koʻzlab faoliyat yuritish holatlari ham, afsuski, ayrim hududlarda uchrab turibdi. Albatta, diniy taʼlim jamiyat maʼrifati va maʼnaviyati uchun juda muhim. Ammo har qanday taʼlim qonuniy va muvofiqlashtirilgan holda tashkil etilsa maqsadga muqofiqdir.

Biroq davlatning qonuniy meʼyorlaridan chetga chiqib, yaʼni bu faoliyat noqonuniy shaklda olib borilganda, u jamiyatda turli jiddiy ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi. Noqonuniy diniy taʼlim – davlatning ruxsatisiz, noqonuniy tashkil etilgan madrasalar, yopiq diniy tashkilotlar yoki xususiy xonadonlarda oʻtkaziladigan darslar shaklida boʻlishi mumkin. Bunday faoliyat jamiyatda ijtimoiy adovatni kuchaytirishi, radikalizmga yoʻl ochishi va davlatning barqarorligiga putur yetkazish ehtimoli yuqori.

Noqonuniy diniy taʼlimning asosiy xususiyatlaridan biri – uning davlat nazoratidan tashqarida, yaʼni taʼlimga oid qonunchilik talablari va mezonlariga amal qilmagan holda olib borilishidir. Bunda taʼlim berish mazmuni, usullari va maqsadlari davlat tomonidan tan olinmagan, tekshirilmagan yoki muvofiqlashtirilmagan boʻlishi mumkin. Oʻqitilayotgan maʼlumotlar jamiyat va milliy madaniyatimizga xos boʻlmagan turli yondashuvlar bilan buzib talqin qilinishi yoki maʼlum guruhlar yoki shaxslarning siyosiy manfaatlariga xizmat qiladigan ekstremistik mazmunga ega boʻlishi mumkin.

Uning jamiyat uchun yana bir muhim xavfi – yosh avlodning radikallashuviga sababchi boʻlib qolishidir. Yaqin Sharq mintaqasidagi koʻplab davlatlarda asrimiz boshlarida bunday vaziyatlarning guvohi boʻldik ham. Yoshlar diniy bilim olishga qiziqishi va istagida boʻlganligi sababli, ularni bunday taʼlimga osongina jalb qilish mumkin. Bunda ularga diniy bilimlar nomidan notoʻgʻri yoki radikal gʻoyalar oʻrgatish xavfi ham mavjud boʻladi, bu esa ularni keyingi hayotda jamiyatga qarshi harakat qiladigan shaxslarga aylanishiga olib kelishi mumkin. Bu jarayon ijtimoiy tartibsizlikka olib kelishi va radikal yoki ekstremistik harakatlarning kuchayishiga sabab boʻlishi mumkin. Uzoqqa bormaylik, 90-yillardagi achchiq tajriba bunday xavflarni eslatib, doim ogoh boʻlishga undab turadi.

Bundan tashqari, noqonuniy diniy taʼlim jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarga salbiy taʼsir koʻrsatib, uning barqarorligini izdan chiqaradi. Jamiyatda diniy aqidaga asoslangan boʻlinish paydo boʻlishi koʻplab musulmon jamiyatlaridagi asosiy muammoga aylanib boʻlgani sir emas. Bu boʻlinish diniy taʼlimning oʻrganilishi va tushunilishidagi farqlardan kelib chiqadi. Diniy taʼlim notoʻgʻri talqin qilinganda yoki soha mutaxassislarisiz oʻrgatilganda jamiyatda muayyan guruhlar oʻrtasida ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkin.

Noqonuniy diniy taʼlim ekstremistik va radikal guruhlarning tarkibiga yoshlarni jalb qilishi bilan yanada xavotirlidir. Bunday tashkilotlar uchun yoshlarning diniy bilimi yetarli darajada emasligidan foydalanish oson. Dastlab zohiriy tartibda toʻgʻri boʻlib koʻrinuvchi taʼlim berish orqali ularning ongini oʻziga qaratishadi. Ammo ushbu taʼlimning aslida radikal gʻoyalarni targʻib qilishi koʻp hollarda keyinchalik fosh boʻladi. Yoshlar bunday taʼlim natijasida nafaqat diniy radikalizmga moyil boʻladi, balki ular ekstremistik harakatlarga jalb qilinishi ham mumkin. Bu esa jamiyatdagi ijtimoiy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy xavf soladi. Ekstremistik guruhlar, oʻz navbatida, yoshlarni nafaqat ijtimoiy-siyosiy tizimga qarshi qoʻyishga, balki ularni turli jinoiy faoliyatlariga jalb qilishga ham harakat qiladi.

Noqonuniy diniy taʼlim nafaqat yoshlar, balki oilalar va jamoatchilikka ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Yoshlarning radikal gʻoyalarga berilganligi ota¬onalar oʻrtasida nizolarni keltirib chiqaradi. Bu esa oilalardagi oʻzaro munosabatlarning yomonlashishi va farzandlar bilan ota-onalar oʻrtasidagi bogʻliqlikning uzilishiga sabab boʻladi.

Jamoatchilik darajasida esa bunday taʼlim diniy tafovutlarning kuchayishiga sabab boʻladi. Noqonuniy taʼlim olgan shaxslar koʻpincha jamoatda oʻzlarini alohida qatlam deb biladi va jamiyatning boshqa qismi bilan oʻzaro hamkorlik qilishdan voz kechadi. Oqibatda millatlararo va dinlararo munosabatlar izdan chiqadi.

Noqonuniy diniy taʼlimni nazorat qilish va uning salbiy taʼsirini kamaytirish davlat va huquq-tartibot organlarining muhim vazifalaridandir. Davlat tomonidan qonunchilikka muvofiq rasmiy taʼlim muassasalariga ruxsat berilgan boʻlsa-da, noqonuniy diniy taʼlim muassasalari faoliyatiga chek qoʻyish doimiy eʼtibor talab etadi. Bu jarayonda huquq-tartibot organlari faqat jazo choralarini qoʻllamasdan, balki targʻibot ishlarini kuchaytirishi va jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik qilish orqali fuqarolarni ogoh qilishga erishishi zarur. Shuningdek, davlat va jamoatchilik oʻrtasida oʻzaro ishonch va hamkorlik oʻrnatish, rasmiy diniy taʼlimni toʻgʻri tashkil etish va uning sifatini oshirish maqsadga muvofiqdir.

Farhod KARIMOV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi mudiri,

siyosiy fanlar doktori, professor

Manba: “XXI asr” gazetasi 2024-yil 31-oktabr, 44-son

Izoh qoldirish