14

Maʼnaviy qiyofa yoxud inson omili – hal qiluvchi kuch

Inson omili bugungi globallashuv davrida har qachongidan koʻra, muhim va hal qiluvchi, boshqaruvchi kuchdir. Chunki bashariyatning qay oʻzanga ketishi, bunyodkorlik, ezgulikka qaratilgan harakat yoki zulm bilan dunyoni boshqarish kabilar insoniyat hukmronligining koʻrinishi sifatida namoyon boʻlmoqda. 

Davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar tizimida ham insoniyat fikr olamining mahsuli hal qiluvchi rol oʻynayotgani ayni haqiqatdir. Insoniyat turli qarashlar girdobida qaynayotgan, gʻoyalar kurashi u yoki bu jihatdan tahdid maydoniga aylanayotgan shiddatli davrda yashamoqda. 

Aslida, odamlarning ong-u shuurini turli oʻzanga, xilma xil qarashlar girdobiga tortayotganligini bugungi davr “gʻalayonlari” koʻrsatib turibdi. Oʻzani cheksizlikka qadalgan bu dunyo maydonida oʻzbek deb atalgan millat, oʻz davlatchilik tarixiga ega davlat – Oʻzbekiston ham oʻz oʻrni va mavqeyiga ega boʻlib, gʻalayon-u talotoʻplar ichra oʻz tinchlik va xavfsizligini saqlagan holda oqilona siyosat yuritishini bugungi davr har qachongidan koʻra taqozo etmoqda.   

Buyuk daholar, ne-ne zotlarni ona tuprogʻida ulgʻaytirib, dunyoga bergan ildizi baquvvat millat, mehnatkash, koʻksi ona tuproq taftidan kuch olgan xalq, mehr-u muruvvat rishtalari bilan qalblari birlashgan samimiy insonlar qoʻnim topgan Oʻzbekiston mana shunday betakror zamindir. Shu yurt, shu zaminni asrash, ardoqlash, bagʻrida tinch, osuda umr kechirish bugungi globallashuv davrida har qachongidan muhim va dolzarbdir. 

Yangi Oʻzbekistonda yangicha qarashlar, yuksak gʻoyalar maydonga kelayotgan ekan, buni ilgʻor tafakkur mahsuli sifatida ezgulikka, tinchlikka yoʻnaltirish muhim hisoblanadi. Chunki bunyodkorlik ham, vayronkorlik ham inson ijodining “mevasi” boʻlib kelganini oʻtmishga aylangan yillar, uzoq va yaqin tarix koʻrsatib turibdi. Har narsada inson omili yuqori oʻringa turgan ekan, shu zaminda yashayotgan fuqarolarning intellektual salohiyati, maʼnaviy qiyofasi muhim rol oʻynashi, sir emas. Ayniqsa, maʼnaviy qiyofaga ega boʻlish muhim va dolzarb sanaladi. Chunki bugungi shiddatli, keskin, murosasiz davr insondan maʼnaviy yetuklik, qalb pokligi, insoniy fazilatlarni talab etadi. Bugun yuzaga kelgan va kelayotgan gʻoyaviy kurashlar, fikrlar toʻqnashuvi, zamona talotoʻplari maʼnaviy qiyofa muhim ekanini koʻrsatmoqda. Albatta, tashqi va ichki munosabatlarda ham shaxsning qay darajada maʼnaviy qiyofaga ega boʻlishi muhim hisoblanadi.

Maʼlumki, davlatimiz siyosatining asosida tinch yoʻl bilan hal etish, davlat chegaralarini yanada mustahkamlash, azaliy qadriyat sifatida qoʻshnichilik munosabatlarini oʻrnatish, ular bilan hamkorlik aloqalarini keng yoʻlga qoʻyish, umuman, “qoʻshning tinch, sen tinch” qabilida faoliyat olib borish tamoyili tashkil etadi. Yangi Oʻzbekiston siyosatida ushbu jihatlar yangicha boʻy koʻrsatib, har tomonlama qoʻshnichilik munosabatlari tiklandi. Ijtimoiy, maʼrifiy sohada hamkorlik aloqalari keng yoʻlga qoʻyildi. Ayniqsa, taʼlim berish, maʼrifat ulashishda Oʻzbekiston bagʻrikenglik siyosatini qoʻlladi. 

Bugungi tahlillar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston olib borayotgan tashqi siyosatida oʻziga xos bagʻrikenglik, hamjihatlik, oʻzaro totuvlik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash tamoyilini qoʻllab, ildizi maʼrifat nuridan oziqlangan millat, buyuk ajdodlarga munosib avlod ekanini namoyon qilmoqda. Davlat tomonidan ichki va tashqi siyosat borasida qilinayotgan ishlar ijobiy, ammo buni amalga oshiruvchi, amaliyotga tatbiq etuvchi kuch bu jamiyatda yashayotgan insonlardir. Shu jihatdan, bugungi jarayonlarni kuzatish va mushohada yuritish orqali jamiyat hayoti uchun ogʻriqli boʻlgan insoniy qusurlar, maʼnaviy kemtikliklar koʻzga tashlanayotganligini koʻrish mumkin. 

Xususan, jamiyatda yashayotgan insonlarda ogʻir-bosiqlik, vazminlik, sabrlilik kabi fazilatlar yetishmayapti. Shov-shuv, ura-uraga moyil boʻlib qoldik. Jamiyatda biror muammo yoki salbiy holat kuzatilsa, tezda koʻz-koʻz qilish, boʻrtirib koʻrsatish va oqibat qilgan ishimizdan zavqlanib, kimdandir nimadir olish ilinjiga oʻtdik. Oʻzimizni koʻrsatish, manfaatlar umidida bir-birimizga magʻzava toʻkishga, inson shaʼnini oyoq osti qilishga odatlanib qoldik. “Ulkan” gʻoyalarimizni amalga oshirishda ijtimoiy tarmoqlarni “otaliqqa” oldik. Inson qadr-qimmatini sotish evaziga manfaatlar qiroliga aylandik. Davlat, xalq, inson shaʼni, qadr-u hurmati ahamiyatsiz boʻlib qoldi.

Ogʻriqli nuqtalarimizdan yana biri bu koʻpgina insonlarda millatchilik, mahalliychilik kayfiyatining boʻlishidir. Davlat turli millat va din vakillariga bagʻrikenglik siyosatini qoʻllaganda, nega biz insonlar buni amalda tatbiq etmasligimiz kerak. Ana shu murosasizlik, oxir-oqibat jamiyat tinchligiga katta tahdid solishini biz insonlar tushunib yetmayapmiz. Boshqa millat vakilini koʻrganda, oʻzbekligimizni koʻrsatgimiz keladi. Bu kabi salbiy harakatlarimiz, oqibat katta-katta nizolar, urushlarni keltirib chiqarishini oʻylab koʻrmayapmiz. Oʻzbek xalqi azal-azaldan tojik, qozoq, qirgʻiz, tatar, rus kabi millatlar bilan quda-andalik munosabatlarini oʻrnatib, inoq yashagan. Millatchilik kayfiyati insoniylik, bagʻrikenglik tuygʻusi bilan almashinib, goʻzal fazilat kasb etgan. Azaliy insoniy qadriyatlar oʻrnini murosasizlik egallab borishiga yoʻl qoʻymagan holda hamjihat yashashimiz kerak. Buning uchun ichki olamimiz boy va goʻzal boʻlishi lozim.

Bugungi shiddatli davrda diniy qarashlar ham hal qiluvchi rol oʻynamoqda. Bilamizki, diniy bilimga ega boʻlish koʻplab savollarga yechim topishning muhim omili hisoblanadi. Bugungi kunda vijdon erkinligi va diniy bilim olishga boʻlgan eʼtibor oʻtgan yillarga nisbatan yuqori bosqichga yetdi. Ammo diniy bilim olishga ishtiyoqning kuchayishi koʻproq shakl ustunligida koʻrinib, maʼnaviy, ruhiy olamni isloh qilishda sezilmayotgandek, nazarimizda. Qop-qora libosga oʻralishu, soqolni oʻzimizga odat qildigu, biroq muomala madaniyatini, siyrat pokligini, oʻzaro munosabatlarda bagʻrikenglik, axloqiy fazilatlarni namoyon qilishni, biroz unutdik. Musulmon kishi tili va qoʻli bilan ozor bermasligi haqida hadis keltirilgan. Ushbu hadisga qanchalik amal qilib, hayot kechiryapmiz, buni kundalik turmushimizdagi holatlardan bilishimiz mumkin. Agar har bir inson shu birgina hadis asosida hayot kechirganda, qanchadan-qancha ulkan darajadagi muammolar, nizolar, urushlar barham topgan boʻlar edi.

Yuqorida keltirilgan misollar davlat va jamiyat hayoti, uning ertangi istiqbolli kelajagi uchun toʻsiq hisoblanadi. Inson qachonki, goʻzal maʼnaviy qiyofaga ega boʻlmas ekan, ogʻriqli muammolar oʻz yechimini topmay qolaveradi. Davlat tomonidan chiqarilgan qonun, qaror-farmonlar xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qilishi uchun ham insonlar maʼnaviy sifatlarga ega boʻlishi lozim. Aks holda, manqurtlikka aylangan ong, mansab, martaba asosiga qurilgan hayot tarzi, manfaatlar evaziga hayot kechirishga oʻrgangan jism ustunlik qilgan jamiyatda rivojlanish, taraqqiyot boʻlmaydi. Bugungi shiddatli davrda insonlarning maʼnaviy qiyofasi, ularning hamjihatligi, jipsligi, birdamligi muhim rol oʻynaydi. Qachonki, ichki munosabatlarda insoniy fazilatlar ustun boʻlsa, shundagina, tashqi munosabatlarda ham hamjihatlik, ahillik yuqori bosqichga yetadi. Bizni buyuk davlat barpo etish yoʻlidagi saʼy harakatimiz ham maʼnaviy qiyofamizni qay darajada shakllantirishimiz bilan belgilanadi.

Muxtasar aytganda, yangi Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini shakllantirishda insonning maʼnaviy qiyofasi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Inson oʻz-oʻzini isloh qila olar ekan, jamiyat maʼnaviy qiyofasini ham oʻzgartira oladi. Inchunin, inson oʻz dunyosini ezgu fazilatlar bilan goʻzallashtira olsa, keng doirada bugungi shiddatli, talotoʻpli dunyoni ham oʻzgartira olish qobiliyatiga egadir. Zero, har bir inson olayotgan ilmni oʻz maʼnaviy dunyosini boyishiga xizmat qilishga eʼtibor qaratishi lozim. Shundagina, davlat tinch, yurt farovon va qoʻshnichilik munosabatlarida esa oʻzaro hamjihatlik, samimiylik muhitini yarata olgan boʻlamiz.

Lola Azimova,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Oʻzbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish