2

Diniy sohadagi islohotlar: xalqaro e’tibor, ehtirom, e’tirof

AQShning “IslamiCity” portali o‘z sahifasida yangi O‘zbekistondagi diniy soha islohotlari haqida maqola e’lon qildi. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Sh.Islomov bilan hamkorlikda tayyorlangan ushbu maqolada so‘nggi yillarda dunyoning yetakchi ilmiy markazlari va ekspert doiralari e’tiborini tortgan masala – O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, ularning muvaffaqiyat keltirgan omillari haqida so‘z boradi. 

Darhaqiqat, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan boshlangan bu islohotlar o‘zining xalqparvarligi, barcha din va e’tiqod vakillari uchun teng huquq va imkoniyatlarni kafolatlashi, xalqimizning azaliy orzu-istaklarini o‘zida mujassam etgani bilan alohida ahamiyatlidir. 

Bunday deyishimizga sabab shuki, yaqin yillar ichida ushbu amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekiston uchun, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham manfaatli bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bajarayotgan yirik ilmiy loyihalari natijalaridan musulmon mamlakatlarining xalqlari ham ma’naviy ozuqa olmoqda. Jumladan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining o‘zbek va arab tillarida nashr etilgan “Kitob at-tavhid”, “Ta’vilot al-Qur’on” kitoblari xalqaro kitob ko‘rgazmalarida e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘ldi. Bugun bu kitoblar moturidiylik ta’limoti bilan shug‘ullanuvchi olim va tadqiqotchilarning ish stolidagi asosiy manbaga aylanib ulgurdi. 

Haqiqatni aytish kerakki, bundan salkam o‘n yil muqaddam, hali yurtimizda bunday markazlar tashkil etilmasidan avval, kimdir o‘zbekistonlik islomshunos olimlar arab, ingliz va boshqa xorijiy tillarda fundamental tadqiqotlar yaratishi, ular kerak bo‘lsa, arab va boshqa xalqlar ulamolarining asosiy murojaat qiladigan manbasiga aylanishi haqida gapirsa, mubolag‘aga o‘ygan bo‘lardik. Bugun esa bu ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotgan, qalbimizga g‘urur va iftixor solayotgan haqiqatdir.

Maqolada O‘zbekistondagi diniy sohadagi islohotlar, avvalo qonun ustuvorligiga tayanib, mamlakatimizning dunyoviy, demokratik davlat ekaniga asoslanishi ta’kidlangan. Ayni vaqtda turli din vakillariga ibodat va marosimlarini tinch-totuv sharoitda, ko‘ngil xotirjamligida ado etish, O‘zbekiston fuqarosi sifatida yurt ravnaqi va farovonligi yo‘lida hamma qatori mehnat qilib, uning samarasini ko‘rish imkoniyati yaratilgani bugun jahonning turli hududlarda diniy asosdagi nizo va ayirmachilik kayfiyati kuchayib borayotgan sharoitda g‘oyat ahamiyatli ekaniga e’tibor qaratilgan.

Manba: O‘zA

Izoh qoldirish