1

Akademiya va Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi

Xabaringiz bor, kuni kecha O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida VI xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilgan edi.

Mazkur anjumanda yurtimiz va xorijning nufuzli ilmiy markaz vakillari, olimlar, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Xususan, Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi, doktor Majid Abdulaziz Turkiy konferensiyada faxriy mehmon sifatida qatnashib, nutq so‘zladi. Shuningdek, taniqli olim Akademiya doktorantlari, magistr-talabalari uchun o‘tkazilgan binar darslarda ham qatnashdi. 

Bugun Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi, doktor Majid Abdulaziz Turkiy bilan Akademiya rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, prorektorlar Olim Astanakulov, Irgash Daminov hamda Akademiya vakillari ishtirok etdi. 

Uchrashuv avvalida Akademiya rektori Muzaffar Kamilov hurmatli mehmon bilan yuzma-yuz ko‘rishib turganidan mamnunligini bildirdi. Konferensiya hamda binar darslardagi ishtiroki uchun olimga minnatdorlik bildirar ekan, bu kabi ilmiy seminarlar yosh tadqiqotchilar, talabalar uchun foydali bo‘lganini qayd etdi. 

O‘z navbatida Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi, doktor Majid Abdulaziz Turkiy ko‘rsatilgan yuksak hurmat va mehmondo‘stlik uchun yana bir bor minnatdorlik bildirar ekan, xalqaro konferensiya yuqori darajada tashkil etilganini e’tirof qildi.

Ulug‘ allomalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonga tashrifidan mamnunligini, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy-ma’rifiy soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor kun kelib, ajdodlariga munosib avlodlar yetishishiga zamin bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik ravnaq topayotgani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqani alohida qayd etildi.

Rektor Muzaffar Kamilov mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalar qatori madaniy-ma’rifiy, ilmiy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani ta’kidlandi. Jumladan, Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda yangi davr boshlangani, bu esa har ikki muassasa uchun manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.

Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama aloqalar muhokama qilindi. 

Xususan, muassasalar o‘rtasida yosh olimlarning ilmiy tadqiqotlarini tashkil etish masalasida so‘z yuritildi. Kelgusidagi hamkorlik tadbirlarining “Yo‘l xaritasi”ni tuzish kerakligi ta’kidlandi. 

Uchrashuv yakunida Akademiya va Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Suhbat nihoyasida Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi, doktor Majid Abdulaziz Turkiy ko‘rsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish