AQShning “Sivilizatsiyalar almashinuvi va hamkorligi fondi” (CECF) asoschisi bilan samarali uchrashuv
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida AQShning “Sivilizatsiyalar almashinuvi va hamkorligi fondi” (CECF) prezidenti Muhammad Bashar Arafat boshchiligidagi mehmonlar tashrif buyurdi.
Delagatsiya a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, prorektorlar – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Irgash Daminov hamda rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev kutib oldi.
Suhbat avvalida rektor Muzaffar Kamilov mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga tashrifi bilan qutladi.
Oʻz navbatida Muhammad Bashar Arafat Akademiya rahbariyatiga samimiy qabul va yuqori darajada tashkil etilgan uchrashuv uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv davomida Bashar Arafat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, u Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining barpo etilishi butun musulmon olami uchun beqiyos ma’naviy meros bo‘lib xizmat qilishi hamda “jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyilining amaliy ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.
Shu munosabat bilan hurmatli mehmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga o‘zi va Amerika musulmonlari nomidan islom ma’rifatini tarqatishga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor uchun samimiy minnatdorlik izhor etishini bildirdi.
Uchrashuvda CECF va O‘zbekiston o‘rtasida yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida radikallashuvning oldini olish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Akademiyani CECF tomonidan Al-Azhar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan imomlar malakasini oshirish, ingliz tili va diniy atamashunoslik bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarga jalb etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, AQShdagi “Diniy diplomatiya maktabi” tajribasi asosida davlatlar va dinlar o‘rtasidagi ixtiloflarni ilmiy yondashuv asosida hal etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, Akademiya hamda CECF o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash masalasini ko‘rib chiqish haqida so‘z yuritildi.
Muhammad Bashar Arafat AQSh Davlat departamenti huzuridagi diniy masalalar bo‘yicha ekspert komissiyasi a’zosi sifatida O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi mavqeyini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanligini bildirdi.
Muhammad Bashar Arafat bilan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi ishlarni xalqaro miqyosga olib chiqishda barqaror natijalarga erishish mumkinligini alohida e’tirof etdi.
Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish