1

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va ICESCO o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov hamda ICESCO Bosh direktori doktor Salim al-Malik o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Mazkur memorandum O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va ICESCO o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim, ilm-fan va ma’naviy-ma’rifiy sohalarda qo‘shma tashabbuslarni kengaytirishga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, tomonlar professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va tadqiqotchilarning o‘zaro akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ularning malakasini oshirish va ilmiy tajriba almashishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik qiladi. Shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, dolzarb mavzularga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar, forumlar, seminar va davra suhbatlarini tashkil etish hamda birgalikda ilmiy-uslubiy nashrlar tayyorlash nazarda tutilgan.
 

Bundan tashqari, memorandum doirasida talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun qo‘shma ta’lim dasturlari, qisqa muddatli o‘quv kurslari va stajirovkalarni tashkil etish, raqamli ta’lim resurslarini yaratish, islom sivilizatsiyasi, bag‘rikenglik, ma’rifatparvarlik va madaniyatlararo muloqot yo‘nalishlarida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu memorandum ikki tomon o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish hamda yuksak malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Izoh qoldirish