1

Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama etildi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Arab Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Shayx Ahmad Muhammad Toyyib bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansur Qilichev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o’rinbosari Shahzod Islomov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi prorektori Irgash Daminov hamda yurtimizdagi diniy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etishdi.

“Al-Azhar” majmuasi rahbari yurtimiz delegatsiyani samimiy kutib olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Prezident Administratsiyasi rahbari, Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti hakamlar hay’ati a’zosi Saida Mirziyoyevaga o‘z salomlarini yo‘lladi. U O‘zbekiston rahbariyatining Al-Azhar bilan ilmiy va diniy aloqalarni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholadi.

O‘z navbatida Muzaffar Kamilov “Al-Azhar” majmuasi rahbari uchrashuvdan mamnun ekanini bildirib, Markaz va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma komissiya faoliyati haqida ma’lumot berdi. Mazkur uchrashuv kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochganini ta’kidladi.

“Al-Azhar” bilan O‘zbekistondagi diniy va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalar chuqur ekani ta’kidlanib, “Al-Azhar”da tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bu aloqalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutganini qayd etildi.

Shayx Ahmad Muhammad Toyyib islom sivilizatsiyasida O‘zbekiston alohida o‘ringa ega ekanini aytib, bu yurtdan yetishib chiqqan buyuk allomalarni tilga oldi. Jumladan, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va boshqalar nafaqat islom madaniyatiga, balki butun insoniyatga ulkan hissa qo‘shganini ta’kidladi.

Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda kechdi.

Izoh qoldirish