1

Ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilindi

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov boshchiligidagi yurtimiz diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat delegatsiyasi Turkiyada bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolarining Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov va Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ishtirok etdi.

Muloqotda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va strategik sheriklikka asoslangan do‘stona munosabatlar ikki mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘anning qat’iy siyosiy irodasi sabab so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida tomonlar vaqf tizimini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Yurtimizda xayriya faoliyati hamda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi va Ijtimoiy himoya agentligi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Mazkur tuzilmalarning asosiy maqsadi odamlardagi muruvvat, saxovatlilik tuyg‘ularini yanada oshirishga ko‘maklashish, muhtoj insonlarga yordam berishdan iborat ekani ta'kidlandi.

Samimiy muloqot davomida ziyorat turizmini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Alohida ta’kidlanganidek, ziyorat turizmi obyektlari ko‘p jihatdan vaqf mulklari bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, ushbu ikki soha o‘zaro chambarchas bog‘liq hisoblanadi. Shu munosabat bilan vaqf tizimi va ziyorat turizmini birgalikda rivojlantirish, ularning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida o‘zaro turizm salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan bir qator amaliy takliflar bildirildi.

Delegatsiya a’zolarining tashrifi davom etmoqda.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish