2

Shod ketib, iztirob bilan qaytmang!

Haj yoki Umra ziyorati har bir mo‘min uchun orzu, umri davomida intilib yashaydigan buyuk maqsadlardan biridir. Bu amallar nafaqat insonning diniy burchini ado etishga, balki ma’naviy poklanishi, qalban yangilanishiga ham xizmat qiladi. Shu bois, ziyorat umidida yo‘lga chiqqan har bir inson pok niyat, katta ishonch va o‘zgacha ishtiyoq bilan qadam tashlaydi. 

Biroq so‘nggi yillarda aynan shu muqaddas tuyg‘ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari keskin ko‘paymoqda. Ziyoratga bo‘lgan ehtiyoj ayrim kimsalar uchun “oson daromad manbai”ga aylanib bormoqda. Natijada litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan sayyohlik firmalari va alohida shaxslar tomonidan “arzon”, “tez”, “yuqori sifat” kabi jozibali va’dalar bilan kishilarni aldash holatlari tez-tez ko‘zga tashlanayotgani ham bor gap. 

Eng achinarlisi, bu kabi firibgarliklar oddiy moliyaviy yo‘qotish bilan cheklanmaydi. Ular insonlarni, asosan, yoshi ulug‘ yurtdoshlarimizni begona elda sarson-sargardon holda qoldirishi, muqaddas ziyoratni ado etish imkoniyatidan mahrum qilishi, hatto hayoti yo salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. 

Shunday vaziyatda mazkur muammoni ochiq-oydin ko‘tarish, aholini ogohlantirish va hushyorlikka chaqirish muhim masaladir. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazining internet sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga 2025-yildan 2026-yilning hozirgi davriga qadar noqonuniy Umra va Haj ziyoratlarini tashkil etish holatlarini yorituvchi, kishilarni firibgarlar tuzog‘idan ogoh etuvchi jami 65 ta hujjatli rolik joylangan. 

Xo‘sh, bu ko‘pmi? Ko‘p ham gapmi?! Agar Toshpo‘lat tajang bizga zamondosh bo‘lganida, bu holni ko‘rib peshonasi tirishardi. 

Abdulhamid Muxtorov, 

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, 

“Ziyo” media markazi direktori 

Manba: “Jadid” gazetasi 2026-yil 1-may, 18-son 

Gazetani yuklab olish uchun

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish