1

Sport – sog‘lom xalq, sog‘lom avlodning tayanch ustuni

Xabaringiz bor, joriy yilning 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi o‘tkazilgan edi.

Mazkur yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan haftaning bir kuni sport kuni sifatida belgilanib, bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashgʻulotlari oʻtkazilishi qayd etilgandi. 

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, rektor Muzaffar Kamilov boshchiligida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari yuqori kayfiyat va uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, kam harakat qilish oqibatida har yili dunyo boʻyicha 5 million kishi hayotdan koʻz yumadi. Ana shu raqamlarning oʻziyoq sogʻlom turmush tarzi naqadar muhimligidan ogoh etadi.

Jismoniy mashqlar tana mushaklarini baquvvat, boʻgʻimlarni harakatchan, qomatning toʻgʻri shakllanishiga yordam beradi. Ertalabki badantarbiyada bajariladigan mashqlar organizmning biror aʼzosi yoki tizimiga emas, balki butun tanaga birdek ijobiy taʼsir etadi. Yaʼni ichki organlarda moddalar almashinuvini yaxshilaydi.

Bugungi mashg‘ulotlarda ham professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar faol ishtirok etib, ta’lim muassasasida sog‘lom turmush tarziga amal qilish, kun tartibiga rioya etish, faol harakat asosida organizmini chiniqtirish, jismoniy mashqlar bilan shugʻullanishga alohida ahamiyat berishdi.

Izoh qoldirish