Xalqaro ekstremizmga qarshi kurash markazi ekspertlari Akademiyada
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Hidoya” ekstremizm va zo‘ravonlikka qarshi kurash xalqaro markazi eksperti Xafiz Dridi va Milliy strategiyalar va milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha ekspert Vaut Es tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Ilhom Bekmirzayev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ullari kutib oldi.
“Hidoya” ekstremizm va zo‘ravonlikka qarshi kurash xalqaro markazi 2012-yilda Abu Dabi shahrida hukumat tashabbusi bilan tashkil qilingan boʻlib, xalqaro darajada zoʻravonlik ekstremizmiga nisbatan diniy soha yetakchilari, diniy bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib qilayotgan siyosatchilar, tadqiqotchilar uchun maxsus platforma sifatida faoliyat olib boradi.
Markaz ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish, reabilitatsiya va reintegratsiya, strategik kommunikatsiyalar, shuningdek, milliy strategiyalar va ularni amalga oshirish bilan bog‘liq mexanizmlarni mustahkamlashga qaratilgan.
Uchrashuvda Akademiya vakillari hurmatli mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdilar.
Mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Shundan so‘ng yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekanini alohida qayd etildi.
O‘z navbatida “Hidoya” ekstremizm va zo‘ravonlikka qarshi kurash xalqaro markazi eksperti Xafiz Dridi yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirar ekan, markaz haqida ma’lumot berdi.
“Hidoya” ekstremizm va zo‘ravonlikka qarshi kurash xalqaro markazi dunyo hamjamiyati hamda 29 ta mamlakat va Yevropa Ittifoqi vakillaridan tarkib topgan Global aksilterror forumi aʼzolarining takliflariga javoban tashkil etilgan boʻlib, bosh mavzusi zoʻravonlik ekstremizmini oldini olish sifatida koʻriladigan mustaqil va koʻp tarmoqli markaz hisoblanadi.
Markaz oʻz faoliyatida moʻtadillik va bagʻrikenglik tuygʻularini tarannum etishga harakat qiladi. Markaz ekstremizmni oldini olishda innovatsion mexanizmlarni joriy qilish, mavjud vositalarni mukammallashtirish, zaruriy dasturlar ishlab chiqishni maqsad qiladi. Hidoya tomonidan ekstremizmning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashishda hukumatlararo taʼsir vositalarini kelishib olish, jamiyatlarga aniq strategiya asosida ishlashga yordam beradigan mexanizmlarni ishlab berish amaliyoti olib boriladi.
Shuningdek, innovatsion va ilmiy asosga ega boʻlgan dasturlar, strategik aloqalar va eng yuqori darajadagi tadqiqotlardan foydalangan holda ekstremizmning har qanday koʻrinishi bartaraf qilish maqsad qilingan.
Muassasa davlat taʼlim muassasasi sifatida taʼsis etilgani, unda uzluksiz taʼlim yoʻlga qoʻyilgani, diniy va dunyoviy fanlar asosida taʼlim berilishini qayd etdi.
Uchrashuvda bugungi shiddatli globallashuv davrida yoshlar ong-u shuurini internet orqali kirib kelayotgan zararli g‘oya va ta’sirlardan samarali hamda ishonchli himoya qilish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yuqori darajada faol davom etayotgani, xususan, jaholatga qarshi ma’rifat shiori ostida zo‘ravonlik va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani bildirildi.
Prorektor Habibullo Sadibaqosev ushbu yo‘nalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan yaqin hamkorlik olib borilayotganini e’tirof qildi.
Markaz eksperti Xafiz Dridi yoshlar orasida tarbiyaviy ishlar olib borish zarurati haqida gapirib, islom rahmat, tinchlik va osoyishtalik dini, ammo baʼzi internet tarmoqlari orqali yoshlarni notoʻgʻri yoʻllarga targʻib etish holatlari uchrayetgani, bu esa ekstremizmga yoʻl ochishini qayd etdi.
Tadbir davomida “Hidoya” markazida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashish uchun qanday usullardan foydalanishi bilan qiziqildi.
Shuningdek, mehmonlar Akademiyaga oʻqituvchilarning malakasini oshirish, tajriba almashish, oʻquv dasturlarini koʻrib chiqish kabi masalalarda yordamga tayyor ekanliklarini alohida taʼkidladi.
Samimiy muloqot yakunida tomonlar bir-birlariga minnatdorlik bildirishdi.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish