1

Oʻzbekiston diplomatiyasi, mintaqaviy hamkorlik va maʼrifiy diplomatiya

Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yillik tarixi mamlakat tashqi siyosatining shakllanishi, takomillashishi va yangi mazmun bilan boyib borishi jarayoni bilan uzviy bogʻliqdir. Bu davrda milliy suverenitetni mustahkamlash, xalqaro hamjamiyatda munosib oʻrin egallash, milliy manfaatlarni ishonchli himoya qilish bilan bir qatorda, xavfsizlikni taʼminlash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish va mamlakatning xalqaro nufuzini yuksaltirish borasida salmoqli tajriba toʻplandi.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda tashqi siyosatimizda ochiqlik, pragmatizm va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillarining ustuvor ahamiyat kasb etishi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi oʻrni va nufuzini yanada mustahkamladi. Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik muhitini shakllantirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish bilan birga, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy va diniy-maʼrifiy merosini xalqaro maydonda targʻib etish ham tashqi siyosatimizning muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Shu maʼnoda, Istiqlolning 35 yillik davrida mamlakat tashqi siyosati qanday bosqichlarni bosib oʻtdi? Turli tarixiy sharoit va geosiyosiy oʻzgarishlar tashqi siyosiy ustuvorliklarga qay darajada taʼsir koʻrsatdi? Bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosati qaysi tamoyillarga tayanadi va diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar mamlakatimizning xalqaro imiji hamda diplomatik imkoniyatlariga qanday taʼsir koʻrsatmoqda?

Oʻzbekiston tashqi siyosati shakllanishi va rivojlanishi jarayonini shartli ravishda bir necha bosqichga boʻlish mumkin.

Birinchi bosqich – 1991-yildan 2000-yillarga qadar boʻlgan davr. Bu, avvalo, milliy suverenitetni mustahkamlash, Oʻzbekistonning mustaqil davlat sifatida xalqaro huquq subyekti sifatida tan olinishini taʼminlash va jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallash davri boʻldi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimiz oʻz tashqi siyosiy institutlarini shakllantirdi, diplomatik munosabatlar tizimini yoʻlga qoʻydi, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratdi. Oʻzbekiston BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlib, qisqa muddat ichida dunyoning koʻplab davlatlari bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatdi.

Bu jarayon mamlakatning nafaqat siyosiy mustaqilligini, balki tashqi siyosiy qarorlar qabul qilishdagi mustaqil pozitsiyasini ham mustahkamladi. Shu tariqa, milliy manfaatlarga asoslangan, tashqi taʼsirlardan xoli va tinchliksevar tashqi siyosat modeli shakllana boshladi.

Ikkinchi bosqich – 2000-2010-yillar mamlakatimiz tashqi siyosatida xavfsizlik va geosiyosiy muvozanat masalalari ustuvor ahamiyat kasb etgan davr sifatida tavsiflanadi.

Markaziy Osiyoda terrorizm, ekstremizm va transmilliy tahdidlarning kuchayishi, Afgʻonistondagi vaziyatning keskinlashuvi tashqi siyosatimiz kun tartibiga xavfsizlik masalasini yanada qatʼiy olib kirdi.

Bu davrda Oʻzbekiston AQSh, Rossiya, Xitoy va boshqa yirik kuch markazlari bilan munosabatlarda milliy manfaatlar va mintaqaviy xavfsizlikdan kelib chiqqan holda muvozanatli siyosat yuritishga harakat qildi. Afgʻonistondagi vaziyat, 2001-yildan keyingi geosiyosiy jarayonlar, shuningdek, 2005-yildagi Andijon voqealari tashqi siyosatimizga jiddiy taʼsir koʻrsatdi.

Uchinchi bosqich – 2010-2016-yillarda tashqi siyosatda ehtiyotkorlik va xavfsizlikka ustuvor ahamiyat berish tendensiyasi kuchaydi.

2012-yilda qabul qilingan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida Oʻzbekistonning harbiy-siyosiy bloklarga qoʻshilmasligi, hududida xorijiy harbiy bazalar joylashtirilishiga yoʻl qoʻymasligi kabi prinsiplar yanada aniq ifodalandi.

Bu davrni mamlakat oʻz milliy xavfsizligi va strategik manfaatlarini himoya qilishda qatʼiy pozitsiyani belgilagan bosqich sifatida baholash mumkin.

2016-yildan keyin Oʻzbekiston tashqi siyosatida yangi davr boshlandi.

Ochiqlik, pragmatizm, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va amaliy hamkorlik tashqi siyosatning asosiy tamoyillariga aylandi.

Ayniqsa, Markaziy Osiyo Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi. Qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash, chegara, suv, transport va savdo masalalarini oʻzaro manfaat asosida hal etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Natijada bir vaqtlar murakkab hisoblangan qator chegaraviy masalalar boʻyicha kelishuvlarga erishildi, odamlarning chegaralar orqali erkin harakatlanishi uchun imkoniyatlar kengaydi, savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada faollashdi.

Bu jarayon Oʻzbekiston diplomatiyasining muhim xususiyatini – muammolarni qarama-qarshilik emas, muloqot va oʻzaro manfaat asosida hal etish tamoyilini namoyon qildi.

Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining yana bir muhim jihati – mamlakatning tarixiy-madaniy va diniy-maʼrifiy merosiga boʻlgan munosabatning yangi bosqichga koʻtarilganidir.

Oʻzbekiston zamini asrlar davomida islom sivilizatsiyasi, ilm-fan va maʼrifat taraqqiyotining muhim markazlaridan biri boʻlib kelgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk allomalarning ilmiy va maʼnaviy merosi nafaqat xalqimiz, balki butun insoniyat sivilizatsiyasining umumiy boyligi hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda ana shu ulkan merosni chuqur oʻrganish, asrab-avaylash va xalqaro maydonda keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy taʼlim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, buyuk allomalar merosini oʻrganish, zamonaviy diniy taʼlim tizimini takomillashtirish, yoshlarni maʼrifat va ilmga yoʻnaltirish borasida muhim islohotlar amalga oshirildi.

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyatining takomillashtirilishi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi ilmiy-maʼrifiy muassasalar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi mamlakatimizning islom sivilizatsiyasi tarixini ilmiy asosda oʻrganishda muhim qadam boʻldi.

Samarqandda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va xalqaro ilmiy markazi tashkil etilgani, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilayotgani ham Oʻzbekistonning boy diniy-maʼrifiy merosini dunyoga tanitish borasidagi strategik yondashuvning muhim ifodasidir.

Bularning barchasi tashqi siyosat bilan ham bevosita bogʻliq. Zero, bugungi diplomatiya faqat siyosiy kelishuvlar yoki iqtisodiy manfaatlar bilan cheklanib qolmaydi. Madaniy diplomatiya, ilmiy diplomatiya va maʼnaviy diplomatiya ham davlatning xalqaro nufuzini belgilaydigan muhim omillarga aylanmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonning “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi alohida ahamiyatga ega. Ushbu gʻoya diniy ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda faqat kuch ishlatish emas, balki ilm-maʼrifat, taʼlim, madaniyat va insonparvarlik qadriyatlariga tayanish zarurligini anglatadi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz ilgari surayotgan ushbu yondashuv xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilganining yorqin misolidir.

Bu tashabbus Oʻzbekiston tashqi siyosatining yangi qirrasini namoyon etadi: milliy va diniy merosni asrash bilan birga, uni tinchlik, bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat va maʼrifat gʻoyalarini ilgari surishga xizmat qildirish.

Oʻzbekistonning diniy-maʼrifiy diplomatiyasida Islom sivilizatsiyasi markazining oʻrni alohida. Markaz nafaqat tarixiy yodgorliklarni namoyish etadigan madaniy muassasa, balki Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini dunyo jamoatchiligiga yetkazadigan muhim ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida qaralmoqda.

Bu tashabbus Oʻzbekistonning tarixiy merosini zamonaviy diplomatik resursga aylantirish imkoniyatini ham beradi. Zero, mamlakatning xalqaro nufuzi nafaqat iqtisodiy koʻrsatkichlar yoki siyosiy taʼsir bilan, balki uning insoniyat sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi bilan ham belgilanadi.

Shu maʼnoda, 35 yillik mustaqillik davrida diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining “yumshoq kuchi”ni kuchaytiruvchi muhim omillardan biri sifatida baholash mumkin.

2016-yildan keyin Markaziy Osiyodagi davlatlar bilan munosabatlarda tub burilish yuz berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati shakllandi.

Ushbu muloqot maydoni mintaqadagi siyosiy ishonchni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va umumiy muammolarni birgalikda hal qilish uchun muhim platformaga aylandi.

Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya va energetika sohalarida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Qirgʻizistondagi Qambarota-1 GESi va Tojikistondagi Zarafshon GESi kabi loyihalarda mintaqaviy hamkorlikning yangi ruhi namoyon boʻlmoqda. Ilgari tortishuvlarga sabab boʻlgan masalalar bugun oʻzaro manfaat va hamkorlik asosida hal etilmoqda.

Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasining amalga oshirilishi ham Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro transport-kommunikatsiya tizimidagi oʻrnini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.

Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatida koʻp tomonlama diplomatiya ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida Oʻzbekistonning tashabbuslari tobora koʻpayib, mamlakatning global muammolar muhokamasidagi ishtiroki faollashdi.

Ekologiya, Orol dengizi fojiasi, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, yoshlar siyosati, maʼrifat va diniy bagʻrikenglik, madaniy merosni asrash kabi masalalarda ilgari surilayotgan tashabbuslar Oʻzbekiston tashqi siyosatining faqat milliy manfaatlar bilan cheklanib qolmasdan, umuminsoniy qadriyatlarga ham tayanayotganini koʻrsatmoqda.

Ayni jarayonda “Markaziy Osiyo plyus” formatlarining kengayishi ham muhim ahamiyatga ega. AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar bilan muloqotlarning yangi formatlarda yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekiston diplomatiyasining koʻp vektorli va muvozanatli xarakterini kuchaytirmoqda.

Mustaqillikning 35 yillik tarixi shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston tashqi siyosati bir joyda qotib qolgan tizim emas, balki zamon talablari va milliy manfaatlar asosida doimiy ravishda takomillashib borayotgan strategik yoʻnalishdir.

Dastlabki yillarda asosiy vazifa mustaqil davlat sifatida xalqaro maydonda oʻz oʻrnini belgilash boʻlgan boʻlsa, keyingi davrlarda xavfsizlik va geosiyosiy muvozanat masalalari ustuvor boʻldi. Bugun esa tashqi siyosatimiz ochiqlik, pragmatizm, yaxshi qoʻshnichilik, iqtisodiy diplomatiya, mintaqaviy integratsiya va koʻp tomonlama hamkorlik tamoyillari bilan bir qatorda, madaniy va diniy-maʼrifiy diplomatiya bilan ham boyib bormoqda.

Eng muhimi, Oʻzbekiston bugun oʻz tarixiy va maʼnaviy merosini faqat oʻtmishning yodgorligi sifatida emas, balki zamonaviy taraqqiyot va xalqaro hamkorlikning muhim resursi sifatida koʻrmoqda.

Buyuk allomalar merosi, islom sivilizatsiyasining ilmiy-maʼrifiy anʼanalari, “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik tamoyillari mamlakatimizning xalqaro imijini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston tashqi siyosatining 35 yillik yoʻli – bu faqat diplomatik munosabatlar tarixi emas. Bu, avvalo, mustaqil davlatning oʻz milliy manfaatlarini anglab, jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallashi, qoʻshnilari bilan ishonch va hamkorlik muhitini shakllantirishi, iqtisodiy va siyosiy aloqalarni kengaytirishi hamda oʻzining boy tarixiy-madaniy va diniy-maʼrifiy merosini global muloqot maydoniga olib chiqishi tarixidir.

Bugun Oʻzbekistonning tashqi siyosatida shakllangan eng muhim tamoyil – milliy manfaatlarga tayangan holda ochiq muloqot va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdir.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mustaqillikning 35 yilligi nafaqat oʻtgan yoʻlga nazar tashlash, balki kelgusi oʻn yilliklar uchun strategik maqsadlarni belgilash davri hamdir.

35-yillik diplomatik tajriba, shakllangan xalqaro aloqalar, mintaqada mustahkamlanayotgan ishonch va hamkorlik, iqtisodiy imkoniyatlar, shuningdek, boy tarixiy va diniy-maʼrifiy meros Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot bosqichi uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Zero, diplomatiyaning eng katta yutugʻi – faqat doʻstlar sonining koʻpayishi emas, balki tinchlik, oʻzaro ishonch va hamkorlik uchun mustahkam muhit yaratishdir. Oʻzbekistonning 35 yillik tashqi siyosiy tajribasi esa ana shu maqsad sari izchil harakatning yorqin namunasidir.

Farhod Karimov, 

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani

siyosiy fanlar doktori, professor

Izoh qoldirish