316

Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Akademiyaga tashrif buyurdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Mixael Linxart boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ldi. Tashrif davomida nufuzli mehmonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ilmiy-pedagogik faoliyati, talaba hamda ilmiy tadqiqotchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. 

Uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov nufuzli mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlar ekan, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari kengayib borayotganidan mamnun ekanligini bildirdi. O‘z navbatida Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Mixael Linxart so‘z olib, samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Suhbat davomida Mixael Linxart O‘zbekistonga tashrifi, mamlakatimizda olgan taassurotlari, istiqboldagi rejalari to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Samimiy muloqot davomida Muzaffar Komilov Akademiyaning bosh maqsadi islom dinini ilmiy, fundamental asosda o‘rganish hamda dunyo sivilizatsiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimizning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini chuqur tadqiq etgan holda, uning natijalari amaliy asosida zamonaviy dunyo muammolarini hal etishda foydalanish bo‘yicha raqobatbardosh mutaxassis kadrlar tayyorlash ekanligini ta’kidladi. 

Shuningdek, davra suhbatida so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasida boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilish ishlari yanada jadallashgani haqida so‘z bordi. Mamlakatimizda dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalardan xabardor bo‘lish, diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat samaradorligini oshirish, malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi yaratilgani qayd etildi. 

Muloqot davomida poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy hamda Imom Moturidiy nomidagi 3 ta yirik xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari islom dunyosidagi ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, jahonga targ‘ib etishda beqiyos o‘ringa ega bo‘lib borayotgani ham e’tirof etildi. Zero, bugungi globallashuv davrida yoshlarni diniy ekstremizmdan himoya qilish nafaqat O‘zbekiston, balki butun hamjamiyatning zimmasidagi dolzarb vazifa hisoblanadi. 

Tomonlar uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, uni kengaytirish doirasida fikr yuritishar ekan, Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Mixael Linxart o‘zaro ilmiy-ma’rifiy yaqinlik har ikki mamlakat yoshlari kamoloti va taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Davra suhbatidan so‘ng Mixael Linxart boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi noyob qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirdi. Ushbu maskandagi qadim va noyob ilmiy-ma’rifiy asarlar mehmonlarda katta taassurot qoldirib, ularni chuqur tadqiq etish Akademiya professor-o‘qituvchilari, yosh ilmiy tadqiqotchilarning naqadar ilmiy salohiyati yuqoriligidan darak berishini e’tirof etishdi.

Tashrif yakunida mehmonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyatiga yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish