194

Buyuk shoir va olim, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur nomi mangu barhayot

Zahiriddin Muhammad Bobur – betakror shoir, zakovatli olim, yirik davlat va madaniyat arbobi, mohir sarkarda. Asrlar osha dunyoni hayratga solib kelayotgan alloma ana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan.

Ayni paytda yurtimizda o‘rta asr Sharq madaniyati va adabiyotining buyuk namoyandasi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi keng nishonlanmoqda. 

Sana munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Buyuk shoir va olim, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur nomi mangu barhayot” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent shahar bo‘limi hamda “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICА” kafedrasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori o‘rinbosari Otabek Jo‘raboyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, Bobur Mirzoning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishini ta’kidladi. 

Darhaqiqat, adib ijodining sarchashmasi hisoblangan memuar asar “Boburnoma”, nafaqat milliy adabiyotimizning noyob durdonalaridan, shuningdek jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri sanaladi. Mazkur asarning ahamiyatli jihatlaridan yana biri, o‘sha davrda adabiyotimizda nasr janrida yaratilgan yirik asarlardan biri sifatida ham muhim o‘rin tutadi. Ushbu qomusiy kitob 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Bobur va boburiylar sulolasiga oid bebaho manbaalar jahonning 70 dan ortiq muzeylarida saqlanyapti.

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori o‘rinbosari Otabek Jo‘raboyev, “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA” kafedrasi mudiri Ne’matullo Muhamedov hamda Islomshunoslik fakulteti talabasi Yosinxon Ahmadxonov so‘z olib, Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifat haqidagi g‘oyalari, axloq-odob, yaxshilik, vafo, xalqini sevishi unga yaxshilik qiladigan qilib tarbiyalash, insonparvarlik, Vatandan judolik g‘am-alam ekani, adolat haqidagi qarashlari hozirgi davr yoshlari tarbiyasida ham g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidlashdi.

Rasmiy chiqishlardan so‘ng Akademiya talabalar teatr studiyasi jamoasi tomonidan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar“ asari asosida “Zahiriddin Muhammad Bobur” spektakli namoyish etildi.

Bobur Mirzo O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda ham edi. Spektaklda Bobur Mirzoning ana shu jihatlariga alohida o‘rin berilgan.  

Spektaklda hazratning bolalik chog‘ida taxtga o‘tirishi, davlat boshqaruvi, jang-u jadallari, iztirobli onlari, Vatan sog‘inchi kabi damlari aks etgan. Mavjud voqelar Bobur Mirzo tilidan yangrashi esa asarni yanada mazmunan boyitgan. 

Spektakl tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir davomida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan “Kitoblar ko‘rgazmasi” ham o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish