157

Malakaviy amaliyot bilim va ko‘nikmalarga boy o‘tdi

Tarixdan ma’lumki, Samarqandning kichik bir nohiyasida joylashgan Xoja Ismoil (Xartang) qishlog‘i o‘z davrining mashhur muhaddis, faqih allomalari yashagan zamin hisoblanadi. Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan bu maskanda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari samarasida ulug‘ alloma Imom Buxoriyga nisbatan yuksak hurmat-e’tiborni ko‘rish mumkin. 

Imom Buxoriy majmuasi hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida esa movarounnahrlik allomalarning ilmiy, ibratli hayoti hamda o‘zbek xalqining o‘tmish va hozirgi tarixi mujassamlashganini his qilish mumkin. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi sifatida malakaviy hamda pedagogik amaliyotimni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida olib bordim. Va bu amaliyot jarayonida bilim va ko‘nikmalarim yanada rivojlandi deb bemalol ayta olaman.

Hozirda ushbu ilm maskanida movarounnahrlik allomalarning ilmiy merosini tadqiq qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan “Shamoili Buxoriy”, “Tarixus sag’ir”, “Sunani Dorimiy”, “Ravzatul bahiyya fiyma baynal Asha’ariyya va Moturidiyya” hamda “Ta’vilotul Qur’on” kabi boshqa ko‘pgina asarlar xalqchil o‘zbek tiliga tarjima qilinib, afkor ommaga taqdim etilmoqda.

Tadqiqot markazi “Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi”, “Qo‘lyozmalar bilan ishlash va muzey bo‘limi”, “Nashrlar bo‘limi” va “Diniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘limi”dan iborat. Amaliyot jarayonimni “Qo‘lyozmalar bilan ishlash bo‘limi” olib bordim.

“Qo‘lyozmlar bilan ishlash va muzey bo‘limi” markazning asosiy va ahamiyatli bo‘limlaridan biri hisoblanib, bo‘limning manbalar xazinasida 1516 dan ziyod qoʻlyozma va toshbosma kitob va tarixiy hujjatlar saqlanmoqda. Ularning 607 jildini qoʻlyozma, 795 jildini toshbosma kitoblar va 114 tasini tarixiy hujjatlar tashkil etadi. Ulardan 285 dona noyob qoʻlyozma kitob va 114 ta tarixiy hujjat aholidan sotib olingan. Shuningdek, 1117 dona qoʻlyozma va toshbosma kitob jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan hadya tariqasida taqdim etilgan. Ularning 322 donasini qoʻlyozma va 795 donasini toshbosma asarlar tashkil etadi. 

Qoʻlyozmalar xazinasida saqlanayotgan asarlar katalogini tuzish Markazning ustuvor vazifalaridan etib belgilangan. Shunga binoan ilmiy xodimlar tomonidan jamlanmadagi qoʻlyozma asarlardan bir qismining katalogi shakllantirildi va 2018-yilda “Qoʻlyozmalar katalogi” nomi bilan chop etildi. 688 betlik bu manbada 107 allomaning 207 nomdagi 534 qoʻlyozma asari tavsif etilgan. Katalogning oxirida 50 xattot, 41 sahhof, 3 nafar kitob sohibi va 23 muhrning koʻrsatkichlari keltirib oʻtilgan. Hozirgi kunda markaz ilmiy xodimlari tomonidan qolgan qoʻlyozma kitoblarning katalogini tuzish ishlari jadal davom etmoqda. Majmualar qo‘lyozma, toshbosma va zamonaviy nashriy kitoblar iborat hamda ular islom dinining deyarli barcha sohalari shu jumladan, kalom ilmi, hadis fiqh, tasavvuf, mantiq, arab grammatikasi, adabiyot, tarix fanlariga oiddir. Malakaviy amaliyotim davomida asosan, katalogning arab tilshunosligi doirasidagi kitoblari bilan batafsil tanishdim. Ta’kidlash joizki, sohalarga oid kitoblarning soni turli xil bo‘lib, arab tili grammatikasiga tegishli qo‘lyozmalarning adadi fondda eng katta o‘rinni egallagan. 

Qadimdan diniy ilmlarga kirishning debochasi arab tili sanalgan. Tolibi ilm muhaddis bo‘lishni ixtiyor qilsin, yo mufassir yo muarrix, ilmning avvalida til grammatikasi: nahv, sarf so‘ngra balog‘at, fasohat fanlarini o‘rganishi majburiy bo’lgan. Tadqiqot markazining Manbalar xazinasida 116 ta arab tiliga oid qo‘lyozmlar saqlanib kelmoqda. Ularning aksariyati arabiy, bir qismi fors tilida yozilgan. 

Fondda Mahmud ibn Umar Zamaxshariy Xorazmiy, Abdulqohir ibn Abdurahmon Jurjoniy, Jamoliddin Abu Umar ibn Abu Bakr ibn Hojib, Adurahmon ibn Ahmad Jomiy kabi mashhur musanniflar qalamiga mansub ko‘plab nodir kitoblar bir necha nusxalarda mavjud. Ulardan Jurjoniyning Al-avomil al-mia (fi an-nahv) asari arab tili grammatikasining sintaksisi hisoblangan nahv faniga oid bo‘lib, Qo‘lyozmalar katalogida (MR11/III) tartib raqami ostida saqalanmoqda. Asardan jami 14 nusxa bo‘lib, ularning barchasi turli yillarda turli kotiblar tomonidan ko‘chirilgan. 

Tashkil qilingan sanadan to bugungi kungacha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahr hududida yashab ijod etgan mutafakkir olimlarining asarlarini jamlab, ularni tadqiq etib jahon ilm-fani taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Markazning “Manbalar xazinasi” esa chinakam ma’noda ajdod qomusiy olimlarimizning boy ma’naviy xazinasi ekaniga hech shubha yo‘q. Markaz fondidagi muqaddas islom diniga oid ushbu asarlarni o‘rganish, tadqiq etish va jamoatchilikka yetkazish ilm xodimlari va talaba-yoshlarning yuksak burchi va vazifasidir.

Nasibabonu Bobojonova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 2-bosqich talabasi

Ilmiy rahbar: Iroda Daurbekova,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Izoh qoldirish