1

Oʻzbek tili – milliy gʻurur va iftixor ramzi

Til millatning eng muhim meroslaridan biri bo‘lib, uning rivojlanishi, saqlanishi va tarqalishi xalqning tarixiy, madaniy va ijtimoiy hayoti bilan bevosita bog‘liqdir. Til nafaqat muloqot vositasi, balki g‘urur va iftixor ramzi sifatida ham ahamiyatga molikdir. Har bir millat o‘z tilida tarixini, madaniyati va qadriyatlarini ifodalaydi. Oʻzbek tilining tarixiy ildizlari qadimgi turkiy tillar oilasiga borib taqaladi. 

Ma’lumki, 1921-yilda oʻzbek tiliga asoslangan lotin alifbosi tizimiga o‘tdi, bu esa ilmiy, ma’rifiy va madaniy sohalarda yangi imkoniyatlar yaratdi. 1940-yilda kirill alifbosiga o‘tish natijasida esa til va adabiyot rivojida yangi davr boshlangan. Bu esa milliy identifikatsiya va o‘zlikni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Ayniqsa, 1989-yilda oʻzbek tilining davlat tili sifatida qabul qilinishi yanada katta iftixor va g‘urur ramziga aylandi. 

Tilning milliy g‘urur va iftixor ramzi sifatidagi roli adabiyot va ilm-fan sohalarida ham yorqin namoyon bo‘ladi. Alisher Navoiy asarlari nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki butun turkiy olam madaniy merosi sifatida e’tirof etilgan. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi ijodkorlarning asarlari tilimizning boyligini, ifodaviy imkoniyatlarini va milliy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qilgan. Zamonaviy hayotda oʻzbek tili davlat boshqaruvi, ta’lim, ilm-fan, media va internet maydonlarida faol ishlatiladi. Bugungi kunda oʻzbek tilidagi onlayn kontentning kengayishi, kitoblar, gazeta va jurnallar orqali tilni yanada rivojlantirish jadal surʼatlarda oʻsib bormoqda. Xorijiy tillarni o‘rganish bilan bir qatorda, ona tilini rivojlantirish va unga hurmat bilan qarash millatning madaniy va ma’naviy mustaqilligini ta’minlaydi. Tilga eʼtibor berish, uni saqlash va rivojlantirish tarixiy va madaniy nuqtai nazardan ham muhimligini yoʻqotmaydi.

Darhaqiqat, til millatning o‘zligini anglash, tarixiy tajribasini saqlash va madaniy qadriyatlarni avlodlarga yetkazishda muhim vosita hisoblanadi. Davlat tilining rivojlanishi va targ‘iboti mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. 2012-yil va 2019-yilda qabul qilingan “Oʻzbek tilini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi” milliy tilni ta’lim, ilm-fan, madaniyat va media sohalarida keng targ‘ib qilishga qaratilgan. Ushbu dasturlar orqali 2024-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekiston maktablarining 100%ida o‘quv jarayonida o‘zbek tili asosiy o‘qitish tili sifatida qo‘llanilishi belgilangan. 2020-2023-yillar davomida o‘zbek tilida chop etilgan kitoblar soni 12 mingdan oshgan, shundan 65% maktab darsliklari va ilmiy adabiyotlar bo‘lib, bu milliy tilning rivojlanishiga aniq dalolat beradi.

Zamonaviy hayotda oʻzbek tili davlat boshqaruvi, ta’lim, ilm-fan, media va internet sohalarida faol ishlatiladi. Masalan, 2023-yil statistikasiga ko‘ra, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan yangiliklarning 88% o‘zbek tilida, 12% esa rus va boshqa tillarda chop etilgan. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining ilmiy jurnallari va nashrlarining 75% o‘zbek tilida bo‘lib, bu ilmiy sohada ham tilimizning faol ishlatilayotganiga dalolat qiladi. Internetda o‘zbek tilidagi kontentlarning 2023-yilda 60% ga oshgani milliy tilni keng targ‘ib qilishdagi yangi imkoniyatlarni ko‘rsatadi. O‘zbekistonning barcha maktablarida yoshlar ona tili darslari orqali tilning grammatik va leksik imkoniyatlarini o‘rganadi, milliy qadriyatlarni hurmat bilan qabul qiladi. Oliy ta’limda o‘zbek tili asosiy o‘qitish tili sifatida ishlatiladi va ilmiy tadqiqotlar ham asosan ona tilida olib boriladi. Davlat organlari, maktablar, ilmiy va madaniy muassasalar o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, yosh avlodga yetkazish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib bormoqda. Oʻzbek tilining milliy g‘urur va iftixor ramzi sifatidagi roli nafaqat tarixiy va madaniy, balki zamonaviy davlat siyosati va ijtimoiy hayot bilan ham mustahkam bog‘liq. Ona tilini rivojlantirish va uni har tomonlama qo‘llash orqali millat o‘zligini anglaydi hamda kelajak avlodga boy merosini yetkazadi.

2000-yillardan so‘ng zamonaviy o‘zbek adabiyotida, xususan, dramaturgiya va jurnalistika sohasida tilning rivojlanishi va yangi ifoda vositalari paydo bo‘lgan. Masalan, zamonaviy jurnalistlar va blogerlar o‘zbek tilida maqolalar va kontent yaratish orqali tilni ommaviylashtirishga xizmat qilmoqda. Maktablarda ona tilining fan sifatida o‘qitilishi, o‘quvchilarni ona tilini mukammal bilishga o‘rgatish, adabiyot darslarida tarixiy asarlar va zamonaviy matnlar orqali milliy qadriyatlarni shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Masalan, 2023-yilda respublika bo‘yicha o‘quvchilarning 95% ona tilini fan sifatida yaxshi bilish darajasiga ega bo‘lganligi qayd etilgan. Zamonaviy texnologiyalar orqali tilning rivojlanishi yanada kengaymoqda. Internet resurslari, mobil ilovalar va elektron kutubxonalar orqali o‘zbek tilida kontentlar yaratish, onlayn kurslar va darsliklar bilan tilni ommaviylashtirish milliy g‘urur va iftixorni oshiradi. 

Tarixiy manbalar va adabiy meros shuni ko‘rsatadiki, tilimiz qadimgi turkiy ildizlardan rivojlanib, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Fitrat, Behbudiy va boshqa ijodkorlar asarlarida o‘z ifodasini topgan. Tilimizning boy leksik va grammatik imkoniyatlari, poetik ifodasi va adabiy asarlardagi o‘rni xalqimizning madaniy va ma’naviy merosini aks ettiradi. Davlat siyosati va qonuniy normalar ona tilining rivojlanishi va targ‘ibotini ta’minlaydi. Konstitutsiya bilan davlat tili sifatida belgilanishi, Davlat dasturlari, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilida o‘qitish tizimi milliy tilni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ommaviy axborot vositalari, internet va zamonaviy texnologiyalar orqali o‘zbek tilining keng qo‘llanilishi yosh avlodni milliy qadriyatlar va g‘urur bilan tarbiyalashga yordam beradi. 

Xulosa qilib aytganda, til orqali xalq tarixini, madaniy merosini va milliy qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish mumkin. Ona tilini hurmat qilish, uni rivojlantirish va keng qo‘llash har bir o‘zbek fuqarosining burchi va mas’uliyati hisoblanadi. Oʻzbek tili bu nafaqat muloqot vositasi, balki millatning o‘zligini, g‘urur va iftixorini aks ettiruvchi eng muhim ramzdir. Tilimizni rivojlantirish va saqlash orqali biz nafaqat tariximiz va madaniy merosimizni asraymiz, balki milliy birligimiz va kelajak avlodimizning ma’naviy boyligini ham mustahkamlaymiz. Bu yo‘lda barchamiz bir jamiyat o‘laroq harakat qilishdek mas’uliyatimizni ado etishimiz lozim.

Saida Xolboyeva, 

“Filologiya va tillarni oʻqitish (arab tili)” 3-kurs talabasi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish