2

Insoniy birodarlik – jamiyat taraqqiyoti va insonlar oʻrtasidagi totuvlikning mustahkam poydevori

“Insoniy birodarlik” (Human Fraternity) tushunchasi — millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, barcha insonlarning tengligi, tinch-totuv yashashi va oʻzaro hurmatini anglatuvchi global gʻoyadir. Ayniqsa, bugungi globallashgan dunyoda insoniy birodarlik tinchlik, taraqqiyot va barqarorlikning asosiy kaliti hisoblanadi.

Xalqaro hamjamiyatda 4-fevral – Xalqaro insoniy birodarlik kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana 2020-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan rasman eʼlon qilingan. Ushbu kun 2019-yil 4-fevralda Abu-Dabida Rim papasi Fransisk va Al-Azhar imomi Ahmad at-Tayyib tomonidan imzolangan “Jahon tinchligi va hamjihatligi yoʻlida insoniy birodarlik hujjati” sharafiga belgilangan. 

Insoniy birodarlik – insonlik, odamgarchilik chegarasida qilinadigan ishlar, odamga yarashadigan, unga zeb boʻladigan, shaxsini ulugʻlaydigan fazilatni, hayotga, odamzod taqdiriga gumanistik munosabatni anglatadigan tushunchadir. 

Avvalo, insoniylik soʻzining lugʻaviy maʼnosiga nazar solsak: 

– bu boshqalarga mehr-shafqat bilan qarash, ularning dardi va quvonchini tushuna bilish, adolatli va vijdonli boʻlish;

– insoniylik bor joyda zoʻravonlik emas, yordam va tushunish ustuvor boʻlishi;

– bu insonlarning eng oliy axloqiy fazilatlari mehr-shafqat, vijdon, halollik, adolat, yordamga tayyor boʻlish;

– birodarlik esa turli fikrlar, madaniyatlar, dinlar va qarashlarni hurmat qilish, farqlarga sabr bilan munosabatda boʻlishdir; 

– birodarlikni oʻzida his qiladigan odam boshqa millat va dinga mansub insonlarni oʻzi yashayotgan jamiyatning bir boʻlagi sifatida koʻradi, unga nisbatan hech qanday gʻarazi va nafrati boʻlmaydi.

Insoniy birodarlik shaxsning nafaqat oʻz manfaatini, balki boshqalarning ham huquq va qadr-qimmatini hurmat qilgan holda yashashini anglatadi. Insoniy birodarlik jamiyatda oʻzaro ishonchni kuchaytiradi, odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi va ijtimoiy muammolarning tinch yoʻl bilan hal etilishiga yordam beradi.

Insoniy birodarlik gʻoyalari uzoq tarixga ega boʻlib, uning yorqin ifodasi boʻlgan ijod namunalari, real dalil va misollar xalq ogʻzaki ijodiyotida, badiiy adabiyotda, diniy va falsafiy taʼlimotlarda, turli xalqlarning tarixi, madaniy merosida asrlar davomida yashab kelmoqda. Sharqning buyuk mutafakkirlaridan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi mumtoz siymolarning asarlarida inson erkinligi, uning qadr-qimmati, insoniylik gʻoyalari bilan birga bir butun holda ilgari suriladi. 

Xususan, Alisher Navoiy ijodida dunyodagi eng katta boylik – “Hazrat inson” degan gʻoya badiiy soʻz orqali asoslab berilgan. Ul zotning fikricha, butun mavjudot, borliq inson uchun, uning baxt-saodati uchun xizmat qilishi lozim. “Odamiy ersang demagil odami, Oniki yoʻq xalq gʻamidin gʻami”. 

Alisher Navoiyning birgina shu baytida uning ijodida insoniylik naqadar yetakchi oʻringa chiqqani yaqqol koʻrinib turibdi. Milliy tafakkurimizning boshqa namoyandalari ijodida ham bu anʼana davom ettirilib, yuksak insoniylik maʼnaviy taraqqiyotning muhim omili sifatida tarannum etilgan. Sharq falsafasi va ijtimoiy tafakkurida insoniylik gʻoyalari azaldan keng tarqalgan boʻlib, uning koʻp ming yillik tarixi bilan chambarchas bogʻliq.

Yevropada esa insoniylik yaxlit dunyoqarash tizimi sifatida birinchi bor Uygʻonish davri – Renessans, yaʼni XV-XVII asrlarda shakllanib, insoniylik gʻoyalari oʻziga xos kurash dasturi sifatida namoyon boʻla boshladi. U ijtimoiy fikrni keng qamrab olib, adabiyot, falsafa, sanʼat va boshqa sohalar rivojiga yangicha mazmun va ruh kasb etdi. XIV-XVII asrlarda insoniylik gʻoyalari dastlab Italiyada, keyinchalik esa Yevropaning boshqa mamlakatlarida tarqala boshladi. Shundan keyingi asrlar davomida insoniylik gʻoyalari katta tarixiy yoʻlni bosib oʻtdi. Jahon ilmiy, siyosiy va ijtimoiy falsafasida insoniylik, insonparvarlik “gumanizm” nomi bilan rivojlandi. Bu atama ilm-fanda birinchi marta XIX asr boshlarida ishlatila boshladi va XX asrning oʻrtalarigacha jamiyatdagi adolatsizlik va tengsizlik koʻrinishlarini tanqid qilish uchun gʻoyaviy asos boʻlib xizmat qildi.

Insoniyatning XV asrdan to XX asrning oʻrtalarigacha boʻlgan tarixi asta-sekin insoniylik gʻoyalarini oʻzlashtirishga sabab boʻldi va ularni inkor etish insoniyatni qanday katta fojialarga undashi mumkin ekanini koʻrsatdi. Shu asosda Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda dunyo taraqqiyotida tub oʻzgarishlar yuz bera boshladi va haqiqiy insoniylik tomon jiddiy qadamlar qoʻyildi. Buni BMT, UNESCO kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar tashkil etilgani, boshqa sohalar qatori gumanitar masalalar ham siyosiy muhokama mavzusiga aylanganida koʻrishimiz mumkin. 

Jumladan, insoniy birodarlik oʻzbek milliy mentalitetining tarkibiy qismidir. U xalqimiz hayotida doim mavjud boʻlgan va uning mutafakkir farzandlari ijodida oʻz ifodasini topgan. Yaʼni insoniy birodarlik gʻoyalari yurtimiz va xalqimiz ongiga tashqaridan kiritilgan emas, balki xalqimiz tafakkuri, ijodkorlik dahosi mevasi sifatida yashab, yuksalib kelmoqda. Oʻzbekiston uchun bu tushuncha juda yaqin, chunki mamlakatimizning tashqi va ichki siyosatida diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. 

Bu jarayon mustaqillik yillarida keng qamrovda davom ettirilib, Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy sohadagi islohotlarining bosh gʻoyasiga aylandi. Shuningdek, Oʻzbekiston barcha sohalarda birinchi navbatda insoniy birodarlikning yuksak mezoni va talablari asosida siyosat olib bormoqda. Yurtimizda 130 dan ortiq millat va 16 ta diniy konfessiya vakillari aynan shu “insoniy birodarlik” tamoyili asosida yashab kelmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti ShavkatMirziyoyev BMT minbaridan turib bir necha bor “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan.

Bu aynan insoniy birodarlikning xalqaro siyosatdagi koʻrinishidir. Bunday tashqari yurtimizdagi “Doʻstlik” ordeni Oʻzbekistonning oʻz “insoniy birodarlik” mukofoti desak boʻladi. U turli millat va din vakillari oʻrtasidagi totuvlikni mustahkamlagan shaxslarga beriladi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz Bosh Qomusi va qonunlari, yurtimizdagi barcha islohotlar, avvalo, insonni ulugʻlash, uning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat milliy bayram va anʼanalari, diniy konfessiya vakillarining diniy qadriyatlari rivojiga berilayotgan eʼtibor hamda bu boradagi keng koʻlamli ishlar – insoniy birodarlikning amaldagi yorqin ifodasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Insoniy birodarlik faqat katta sahnalardagi gap emas. Oddiy soʻz bilan aytganda, kundalik hayotimizdagi qoʻshni bilan millati va dinidan qatʼi nazar yaxshi yashash, ijtimoiy tarmoqlarda nafrat soʻzlarini ishlatmaslik, muhtojlarga dini va kelib chiqishini soʻramasdan yordam berish demakdir. 

Insoniy birodarlik – nafaqat axloqiy meʼyor, balki jamiyat taraqqiyoti va insonlar oʻrtasidagi totuvlikning mustahkam poydevori.

Ra’no Urazova,

“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kafedrasi” dotsenti

Izoh qoldirish