Mavlono Jaloliddin Rumiy va Alisher Navoiy talqinida ishq mohiyati
Tasavvuf islom olamining eng chuqur ma’naviy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u insonni o‘zligini anglashga, qalbni poklashga va ruhiy kamolot sari yetaklaydi. Asrlar davomida so‘fiy mutafakkirlar ishqni insonni yuksaltiruvchi eng buyuk kuch sifatida talqin qilib kelganlar.
Sharqning ikki ulkan dahosi – Mavlono Jaloliddin Rumiy va Alisher Navoiy ham aynan shu g‘oyani o‘z ijodlarining markaziga qo‘ygan. Ularning nazarida ishq oddiy tuyg‘u emas, balki insonni tubdan o‘zgartiradigan, uni haqiqat sari yetaklaydigan ilohiy ne’matdir.
Alisher Navoiy tasavvuf ta’limotini chuqur egallagan shoir sifatida ishqni inson kamolotining asosiy omili deb biladi. Uning fikricha, ishq insonni manmanlik, hasad, hirs kabi illatlardan xalos etib, mehr-oqibat va saxovat sari yetaklaydi.
Shoir ishq tufayli insonning haqiqiy ulug‘ligi tashqi boylikda emas, balki qalb boyligida ekanini “Devoni Foniy”da shunday ifodalaydi:
Ishq tufayli qora tuproqda o‘tirgan bo‘lsang ham, ey Foniy,
Shu onning o‘zida shohsan – senga hashamatli liboslar kerak emas.
Bu misralar ishq insonni ichki jihatdan shunchalik boyitishini ko‘rsatadiki, u tashqi martabaga muhtoj bo‘lmay qoladi. Navoiy yana ishqni insonni parvozga chorlovchi kuch sifatida tasvirlaydi:
Ishq bilan baxtli rindlar osmonga parvoz qiladilar,
Shayx esa xonaki qush kabi xilvat ichra berkinib qoladi.
Ya’ni ishq bilan yashagan inson yuksaladi, ishqsiz kishi esa tor doirada qoladi.
Mavlono Rumiy ham ishqni insonni go‘zallik va haqiqat sari olib boradigan ko‘tarilish deb biladi:
Ishq – go‘zallik podshohi tomon ko‘tariluvchi me’rojdir,
bu yuksalish qissasini oshiqning yuzidan o‘qing.
Demak, ishq insonni pastliklardan ozod qilib, uni ma’naviy balandliklarga olib chiqadi. Rumiy ishqni hatto barcha diniy va milliy chegaralardan ustun qo‘yadi:
Ishq millati barcha dinlardan ayrodir,
Oshiqlarning millati-yu mazhabi – Xudodir.
Bu fikr ishqning butun insoniyatni birlashtiruvchi kuch ekanini anglatadi.
Ishq – qalb sirlarini ochuvchi olov, Navoiy ishqni qalbdagi yashirin haqiqatlarni ochadigan olovga qiyoslaydi:
Men ishqning olovidan qanday yashirinay?
U qalbimdagi yashirin sirni oshkor qiladi.
Shoir yana shunday yozadi:
Ishq ko‘yida gado bilan shohning farqi bor:
Biri tojiga bosh egadi, biri esa yor oldida bosh egadi.
Bu yerda martaba emas, samimiyat muhimligi ta’kidlanadi.
Ishq – haqiqatga eltuvchi eng yaqin yo‘l, tasavvuf ahli ishqni insonni Haqqa eng tez olib boradigan yo‘l deb biladi. Navoiy ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab yozadi:
Maqsad sari yo‘l uzoq bo‘lsa ham, agar yurakka ishq olovi tushsa,
Manzilni yashindek tez bosib o‘tish mumkin.
Yoki:
Ishq o‘ti gar ko‘ngulda shu’la solsa dam-badam,
Pok etar ul o‘t seni, aylab seni ahli haram.
Rumiy esa inson hayotining og‘ir yukini ham faqat ishq bilan ko‘tarish mumkinligini aytadi:
Osmon ham ko‘tara olmaydigan yukni
ishq qudrati bilan ko‘taraman.
Navoiy aytadi:
Ishq aro jon fido qilmoq erur mardlar ishi,
Kimki bu yo‘lga kirmas, yo‘q aning dardu tashi.
Fano – ishqning oliy natijasi, Navoiy nazarida ishq insonni o‘z “men”idan kechishga olib keladi:
Ey faqih, bilgilki, fanolik – ishqning natijasidir.
Bu holatda oshiq bilan ma’shuq o‘rtasidagi chegara yo‘qoladi. Shuning uchun ham u oshiqlar uchun eng buyuk mukofot visol ekanini ta’kidlaydi:
Oshiqlar uchun yor visolidek jannat yo‘q –
Kavsar ham, Tuba ham yorning qomati-yu so‘ziga teng emas.
Shunga ko‘ra, Rumiy maslihat beradi:
Jo‘sh uring, jo‘sh uring – biz shior elidirmiz,
Ishqdan o‘zga bu dunyoda yo‘qdir hech bir ishimiz.
Bu tuproqda, bu maskanda, bu pok dala bag‘rida,
Mehrdan o‘zga, ishqdan o‘zga urug‘ sochmagaymiz .
Xulosa qilib aytganda, Navoiy va Rumiy talqinida ishq insonni ma’naviy yuksaltiruvchi, qalbni poklovchi va haqiqat sari yetaklovchi ilohiy kuchdir. U insonni nafaqat o‘zligini anglashga, balki boshqalarga mehr bilan qarashga ham undaydi. Bugun ham bu g‘oyalar o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Chunki muhabbat bor joyda adovat kamayadi, qalblar yaqinlashadi va jamiyat yanada insoniylashadi. Demak, ishq falsafasi – inson va borliq o‘rtasidagi munosabatlarning abadiy asoslaridan biridir.
Nargiza Shoaliyeva,
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti
Baytlar fors tilidan o‘girilgan.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish